Sanksiyalar Eronga taʼsir qilmadi: Mamlakat tashqi qarzi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan

Tehron bir necha mamlakatlar banklaridagi hisob raqamlarida neft sotish bo‘yicha to‘lovlaridan tushgan, lekin sanksiyalar tufayli muzlatilgan o‘nlab milliard dollar foydalanilmagan mablag‘larga ega.

Eronning tashqi qarzi dekabr oyi oxiriga kelib 9,3 milliard dollarga ko‘tarildi va 9 oy oldingi ko‘rsatkichdan 3,5 foizga oshdi. Bu haqda Eron Markaziy bankiga asoslanib Press TV telekanali xabar berdi.

2020 yil 19 mart kuni yakunlangan o‘tgan kalendar yil so‘ngida tashqi qarz 9,031 milliard dollarni tashkil qilgan, shundan 7,364 milliard dollar qarz uzoq muddatli majburiyatlar, qolgan qariyb 2 milliard dollar qarz qisqa muddatda to‘lanishi kerak bo‘lgan qarz hisoblanadi.

Qayd etish lozim, 2020 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 29,3 milliard dollarni tashkil etgan, shundan 18,7 milliard dollar davlat sektori, 10,6 milliard dollar esa xususiy tashqi qarz hisoblanadi.

Tashqi qarz o‘sishni davom etmoqda. Xususan, 2020 yil boshidan u 19,7 foizga yoki 4,8 milliard dollarga ko‘paygan.

Eron tashqi qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 3,5 foizga etdi, bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri demakdir.

Eron AQSHning sanksiyalari va cheklovlari, qolaversa koronavirus “pandemiyasi” bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklarga qaramasdan, anʼanaviy ravishda chet eldan qarz olishdan voz kechadi. Avvalroq Tehronning Xalqaro Valyuta Jamg‘armasidan 5 milliard dollarlik kredit olish to‘g‘risidagi talabi AQSH bosimi ostida rad etilgan edi.

 Eronning bir necha mamlakatlarda o‘nlab milliard dollarlik foydalanilmagan mablag‘lari bor, ular sanksiyalar tufayli bank hisob raqamlarida muzlatib qo‘yilgan. Xususan, gap Janubiy Koreya haqida ketmoqda. Eron Markaziy banki raisi Abdunasr Himmati Eronning 7 milliard dollarlik mablag‘lariga egalik qiluvchi Janubiy Koreya banklarini so‘nggi 2 yil ichida Donald Tramp maʼmuriyati bosimi paydo bo‘lgan zararni qoplab berishga chaqirdi.

“Bizning boshqa sheriklarimiz resurslardan oqilona foydalanish usullarini topdilar, masalan, gumanitar yuklar hisobiga, ammo Koreya hukumati shunga o‘xshash ishonchli kanalni taklif qilmadi”, dedi Himmati Bloomberg agentligiga.

Islom respublikasi ixtiyorida neft va gaz sotishdan tushadigan davlat farovonligi jamg‘armasi hisob-varag‘ida qariyb 100 milliard dollarga ega.

O‘zbekiston tashqi qarzini o‘sishini onlayn kuzatmoqchi bo‘lsangiz quyidagi havolaga kiring.