3 yil mobaynida o‘rganilgan O‘zbekiston yoshlarining muammolar ochiqlandi

Sotsiologik so‘rov natijalari asosida tayyorlangan hisobotda aytilishicha, 15-20 yildan so‘ng O‘zbekiston noyob demografik dividentni qo‘lga kiritadi. 2048 yilga borib mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni tarixiy pik darajasiga yetishi kutilmoqda. Tabiiyki, ularning salmoqli qismini yoshlar tashkil qiladi. Hozir davlat oldidagi asosiy vazifa demografik dividentni qo‘ldan boy bermaslik hamda undan maksimal ravishda foydalanishdan iborat. Boshqacha aytganda, hukumat inson kapitaliga, yaʼni yoshlarning sifatli taʼlim olishiyu intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga katta hajmda investitsiya kiritishi zarur. Bu kelajakda nafaqat iqtisodiyotni yuksaltirish, balki ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirish — kambag‘allik va salohiyatli kadrlar migratsiyasini qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish, xalqning turmush darajasini oshirish imkonini beradi.

Inson kapitalini rivojlantirish – bir kunlik ish emas. Mazkur missiya kompleks yondashuv va uzoq muddatli chora-tadbirlarni talab qiladi. Bu borada tayyor yechimlar yo‘q. Har qaysi mamlakat o‘z yo‘li va yo‘nalishini mustaqil tarzda belgilab olmog‘i darkor. O‘zbekiston uchun yoshlarga oid davlat siyosatini aniq raqamlar va ilmiy xulosalar asosida amalga oshirish eng maqbul yo‘l hisoblanadi. Tadqiqotda ishtirok etgan ekspertlarning ham fikri shunday.

— Yoshlar masalasida samarali siyosat olib borish uchun davlat sotsiologik tadqiqotlarga doimiy buyurtmalar portfelini shakllantirishi zarur, — deydi iqtisodchi olim, “ERGO Analytics” kompaniyasi rahbari Rauf Saloxo‘jayev. — Shundagina haqiqiy manzarani ko‘rish, og‘riqli nuqtalarni aniqlash va muammolar dinamikasini kuzatish imkoni tug‘iladi. Hozircha O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasidagi qarorlar yoshlarning real talab-ehtiyojlari emas, balki ko‘proq siyosiy qarashlar va umumiy taxminlar asosida qabul qilinmoqda. Bu noto‘g‘ri. Pragmatik yondashuvsiz har qanday strategiya kun kelib pand berishi aniq. Aytaylik, oxirgi yillarda yigit-qizlar tadbirkorlikka faol jalb qilinmoqda. Ularga imtiyozli shartlar asosida bank kreditlari ajratilyapti. G‘oya yaxshi, biroq tadbirkorlik muayyan bilim va uquvni talab qiladigan soha. Biznes reja tuzish yoki buxgalteriya hisobini yuritishni bilmaydigan, bozor mexanizmlari bilan yaxshi tanish bo‘lmagan insonga sarmoya berishdan foyda yo‘q. Chunki u ishni baribir lozim darajada olib ketolmaydi. Tadqiqotdan maʼlum bo‘lishicha, bugun qishloq yoshlari munosib ish topolmaganidan o‘zini tavakkaliga tadbirkorlikka urmoqda. Lekin savol tug‘iladi: ular bu masʼuliyatli vazifaga tayyormi? Menimcha, yurtimizning barcha hududlarida yosh tadbirkorlar uchun professional konsalting xizmatlarini yo‘lga qo‘yish kerak. Yoshlarni nazariyotchi biznes trenerlar emas, balki tajribali tadbirkorlar, bank xodimlari, hisobchi, marketologlar o‘qitsin, ustozlik qilsin. Mentorlik ko‘magi startap dasturlari doirasida yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Uni biznesning anʼanaviy shakllarida ham tatbiq etish foydadan holi bo‘lmaydi.

O‘zbekiston yoshlariga bag‘ishlangan sotsiologik so‘rov yettita asosiy mavzu yo‘nalishini o‘z ichiga qamrab olgan. Tadqiqot doirasida respondentlarning taʼlim olish va kasb egallash imkoniyatlari, iqtisodiy mustaqilligi, jamiyat hayotiga integratsiyalashuvchi, yashash joyi va migratsiyasi, jamoatchilik fikri bilan hisoblashishi, raqamli texnologiyalar hamda internetdan foydalanish darajasi, kundalik tashvishlari va bo‘sh vaqtini tashkil etish masalalari o‘rganildi. Natijalar xususida birma-bir to‘xtalib o‘tsak.

Taʼlim

Aksariyat yoshlar mavjud infratuzilma (taʼlimdagi muhit, moddiy-texnik taʼminot, darslik va boshqalar)ni ijobiy baholagan. Ularning 94,7 foizi pedagoglar faoliyati, 91,1 foizi o‘quv muassasalarining holatini qoniqarli, deb hisoblaydi. Ammo raqamli texnologiyalardan foydalanish masalasida vaziyat ko‘ngildagidek emas. Jumladan, qishloq yoshlarining 30,4 foizi maktabida internet yo‘qligini aytgan. Shaharda bu ko‘rsatkich 22 foiz atrofida.

Respondentlarda taʼlimdan umumiy qoniqish hissi mavjudligiga qaramay, ular taʼlim sifatini oshirish kerak, deb hisoblaydi. O‘quvchi va talabalar ko‘proq xorijiy tillarni o‘rganish, kasbiy faoliyatda asqotadigan ishbilarmonlik, yetakchilik, kirishimlik, ishga ijodiy yondashish, stressga chidamlilik, vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olish kabi yumshoq ko‘nikmalarni egallashni xohlaydi.

So‘rovnoma davomida yoshlar maktabdan ikkita muhim narsa – liderlik (16,9 %) va turli vaziyatlarga moslashuvchanlik (10,9 %) xususiyatlarini ololmayotganini taʼkidladi.

— Yoshlar, bir tomondan, taʼlim infratuzilmasini ijobiy baholab, ikkinchi tomondan, taʼlim sifatiga eʼtiroz bildirgani paradoksal holat, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Rauf Saloxo‘jayev. — Bir vaqtning o‘zida bu davlat uchun jiddiy signal ham. Demak, yangi o‘quv binolarini qurish, mavjudlarini zamonaviy uslubda taʼmirlash hamda jihozlash kifoya emas. Avvalo, taʼlim jarayoniga eʼtibor qaratish zarur. Bugun O‘zbekistondagi taʼlim tizimi yoshlarga raqamli va yumshoq ko‘nikmalar (Soft Skills)ni bera olmayapti. Maktabda bola fundamental fanlar, aytaylik, matematika, fizika, kimyoni puxta o‘zlashtirgani bilan, axborot texnologiyalari bo‘yicha no‘noq bo‘lsa, kelgusi kasb-koriga yaraydigan amaliy bilimlarni ololmasa, hayotda qiynalishi aniq. Bunday muammo qishloq joylarida, ayniqsa, dolzarb. Chunki raqamli texnologiyalar hali kirib bormagan hududlar ko‘p. Qolaversa, taʼlim berish metodikasi eskirgan. Baʼzi maktablarda informatika darslari hamon Microsoft brauzeridan foydalanib o‘tilmoqda. Vaholanki, dunyo ushbu dasturiy mahsulotdan allaqachon voz kechib bo‘lgan. Bunday misollar o‘quvchilarning bilim darajasi zamondan orqada qolib ketganidan dalolat beradi.

— Tadqiqot mamlakatda uyushmagan yoshlar (ayniqsa, ayollar orasida) salmog‘i oz emasligini ko‘rsatdi, — davom etadi Rauf Saloxo‘jayev. — Masalan, 19 – 30 yoshli respondentlarning 54,6 foizi hech qayerda o‘qimasligi va ishlamasligini aytgan. Yaʼni ular mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa olmayapti. Chunki hozirgi sharoitda ish beruvchi uchun qo‘lida diplomi bor mutaxassisdan ko‘ra, yumshoq ko‘nikmalarga ega kadr qadrliroqdir. Menimcha, taʼlimdagi mana shu bo‘shliqni zudlik bilan to‘ldirish kerak. Aks holda, yoshlar orasida o‘z kelajagiga shubha bilan qarash tendensiyasi kuchayib boradi.

Davlat hamda xususiy sektorda munosib ish topishiga ko‘zi yetmagani bois, aksariyat yoshlar shaxsiy biznesini ochishga qiziqish bildirmoqda. Biroq yana o‘sha gap — bunga ularning uquvi yo‘q. Na maktab, na universitetda, deylik, kredit olish tartibi, bozor konyukturasi yoki mijozlarni jalb qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi.

Yoshlarni qiynayotgan yana bir muammo taʼlimning chiqimdorligi bilan bog‘liq. So‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati o‘qish xarajatlari (repetitor xizmati, sessiyani pora bilan yopish, kontrakt to‘lovi) ularni stress va ilojsizlik holatiga solib qo‘yayotganini aytgan.

Bir oilaning repetitor uchun oylik xarajati baʼzan 30 dollardan oshadi. Shu nuqtai nazardan, respondentlar maktabdan tashqari fan to‘garaklarini ko‘paytirish istagini bildirgan. Qolaversa, yoshlar o‘qishga kirish hamda ishga joylashishda pul va tanish-bilishchilik muhim rol o‘ynashini inkor etmadi. Demak, bugungi kunda ularning oliy o‘quv yurtiga qabul hamda taʼlim jarayonlari adolatli o‘tishiga ehtiyoji nihoyatda band.

Ayrim respondentlar taʼlimdagi muvaffaqiyat insonning o‘ziga bog‘liq ekanini aytsa, qolgan salmoqli qismi o‘qituvchini asosiy motivator, deb hisoblaydi. Afsuski, bolada oliy maʼlumotli mutaxassis bo‘lish ishtiyoqini so‘ndirayotgan malakasiz pedagoglar ham uchrab turibdi.

Kasbiy tanlov hamda iqtisodiy imkoniyatlar

O‘qishni bitirgach uyda o‘tirib qolayotgan yoshlar orasida ayollar salmog‘i ancha yuqori – 51 foiz18 yoshdan keyin mazkur ko‘rsatkich yana-da ortib, 74 foizga yetmoqda. Buning sababini qizlar oila yumushlari hamda daromad topish uchun boshqa joyga ko‘chib o‘tish imkoniyatining cheklangani bilan izohladi.

Qishloq yoshlari shaharliklarga qaraganda olim taʼlim muassasalariga kamroq kiradi, shu bois, ularda tadbirkorlikka qiziqish yuqori. Ishlayotgan respondentlarning 35,7 foizi xususiy sektorda band. Davlat idoralarida faoliyat ko‘rsatayotganlar ham taxminan shuncha.

O‘zbekistonda startap loyihalarga asosan qishloq yoshlari qo‘l urmoqda. 17,5 foiz respondent shuning orqasidan shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yganini qayd etgan.

Ayollar asosan sog‘liqni saqlash, taʼlim va qayta ishlash sanoatida band. Erkaklar orasida nisabatan omallashgan kasblar quruvchilik va fermerlik hisoblanadi.

Eʼtiborlisi, yoshlar ishlashni xohlagan va real ishlayotgan sohalar o‘rtasidagi tafovut juda katta. Respondentlarning 28,7 foizi taʼlim26,3 foizi ilm-fan, 22,9 foizi tibbiyot, 21,7 foizi biznes va menedjmentga qiziqishini aytgan. Amalda esa qurilish obyektlari (14,4%), qayta ishlash sanoati (10,6%), dehqon va fermer xo‘jaliklarida (9,8%) mehnat qilmoqda.

— Hozircha O‘zbekiston jismoniy mehnatga asoslangan ishchi kuchini yetakazib beruvchi davlat bo‘lib qolmoqda, — deydi ekspert Rauf Saloxo‘jayev. — Bu iqtisodiyotning tarkibi bilan bog‘liq. Respublikada qo‘shilgan qiymat yaratuvchi tarmoqlar oz. Aytaylik, innovatsiyalar, IT sohasini jadal rivojlantirishga yaqin yillardagina kirishildi. Intellektual mehnatga talab ortmaguncha, mehnat bozoridagi vaziyat o‘zgarmaydi.

Mamlakat iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y berishi kerak. Busiz yoshlar siyosatini samarali amalga oshirish qiyin. Nega nuqul Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini ibrat qilib ko‘rsatamiz. Sababi o‘z vaqtida ularning iqtisodiyoti strukturaviy jihatdan o‘zgardi. Yaʼni qishloq xo‘jaligidan sanoatga, xizmat ko‘rsatish sektoriga o‘tildi. Shu orqali yoshlaning ko‘plab muammolari hal qilingan.

Tadqiqot natijalaridan maʼlum bo‘lishicha, qishloq yoshlari orasida tadbirkorlikni tanlayotganlar ko‘p. Lekin ularning qanchasi yangi ish o‘rinlarini yaratyapti? Aytaylik, kichik biznes subyektlari orasida yakka tartibdagi tadbirkorlar talaygina. Ustiga-ustak, bozordagi olib-sotarlar ham o‘zini tadbirkor, deb atamoqda. Shu o‘rinda muhim masalaga oydinlik kiritish zarur: biz qanday shakldagi tadbirkorlikni rivojlantirmoqchimiz? O‘zbekistonga yakka tartibdagi tadbirkorlar kerakmi yoki qo‘shilgan qiymat yarata oladigan xususiy korxona va kompaniyalarmi? Menimcha, ikkinchi yo‘ldan borilgani maʼqul. O‘z vaqtida bunday yondashuv Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida “iqtisodiy maʼjiza”ni yuzaga keltirgandi. Biroq, aytaylik, Singapur yoki Malayziyada aholiga avval tadbirkorlik asoslari (moliyaviy, huquqiy savodxonlik, buxgalteriya, marketing va boshqalar) o‘rgatilib, keyin kredit va subsidiyalar taqdim etilgan. O‘zbekistonda esa ahvol boshqacharoq — yoshlarga sarmoya berib qo‘yilyapti, xolos. Uni qanday tasarruf etish o‘ziga havola. Yurtimizdagi hech qaysi taʼlim muassasasida biznes yuritish, bilimni monetizatsiya qilish sirlari o‘rgatilmaydi. Bironta ham universitet marketologlar yoki SMM mutaxassislarini tayyorlamayapti. Mana muammo nimada.

Yana bir muhim jihat. 2016 yilda O‘zbekistonda rahbariyat almashishi bilan iqtisodiyot vektori ham o‘zgardi. Yaʼni uzoq muddat amal qilib kelgan bitta iqtisodiy model ikkinchisi bilan almashdi. Bunday holat Koreya Respublikasi, Yaponiya, Xitoy davlatlarida o‘tgan asrning 70-80-yillarida kuzatilgan. O‘shanda mamlakat yoshlari o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay imkoniyat yaratilganini his etib, vatanini tark etmagan. O‘zbekistondagi vaziyat ham shunga o‘xshash. So‘rovnomada qatnashgan yigit-qizlarning 77,3 foizi xorijga ketish istagi yo‘qligini aytgan. Bu – unikal hodisa. Turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan duch kelayotganiga qaramay, O‘zbekiston yoshlarining aksariyati yurtga sodoqatini saqlab qolmoqda. Ular yangi iqtisodiyot modeliga ishonyapti. Endi bu qorako‘zlarga o‘zini namoyon etib, jamiyatda munosib o‘rin egallashga imkon beradigan “sotsial lift”larni yaratib berish zarur. Shunday mexanizmlardan biri — tadbirkorlikdir. Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini boshlash tartibi soddalashtirilsa, elektron hujjat almashinuvi joriy qilinsa, sohaga ilmi, uquvi bor, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, ustoz ko‘rgan yoshlar jalb qilinsa, natija yomon bo‘lmaydi.

Respondentlarning 63,4 foizi ish, birinchi navbatda, qiziqarli bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Qiziqarli deganda ular o‘zlari topgan ishni nazarda tutgan. Taassufki, 17,8 foiz yoshlar ota-onasining qarshiligi sababli oliy maʼlumotli bo‘lish orzusidan voz kechmoqda. Shundan 20,8 foizi qizlar. Inchunin, hisob-kitoblarga qaraganda, O‘zbekistonda oliy maʼlumotli mutaxassis maktab yoki kollej bitiruvchisiga qaraganda o‘rtacha 55% yuqori maosh oladi (Ajwadetal., 2014).

19,8 foiz respondent (26,3% – erkaklar, 17,3% – ayollar) uchun kasb tanlashda maosh hal qiluvchi o‘rin tutadi. Qishloqdagi xotin-qizlar 1 million so‘m (taxminan 100 doll.) oylikka ham qanoat qilishga rozi. 3-5 million so‘m, yoshlar uchun yaxshi oylik hisoblanadi.

Ish topishdagi muammolar

Yoshlarning ishga joylashishiga uchta asosiy omil to‘sqinlik qilmoqda: o‘zi xohlagan mutaxassislikni egallash uchun mablag‘ning yo‘qligi; oliygohga kirish uchun pul yoki tanish-bilishning yo‘qligi; ota-onaning qistovi. Oxirgisi ayollar hayotida ikki baravar ko‘p kuzatilmoqda.

Uyda o‘tirgan yoshlarning yarmidan ko‘pi xotin-qizlar bo‘lib, erkaklar salmog‘i bor-yo‘g‘i 14 foizni tashkil qiladi. 52 foiz holatda respondentlar oila aʼzolarini parvarishlashga majburligi tufayli o‘qish va ishlashdan voz kechmoqda. Boshqa sabablar sifatida kontrakt to‘lashga sharoitning yo‘qligi (17,9%) hamda o‘qishga kira olmaslik (17,1%) ko‘rsatilgan.

Oila qurgan ayollarning 88,1 foizi ishlamaydi. Ko‘p hollarda bunga ularning turmush o‘rtog‘i va qaynonasi to‘sqinlik qilmoqda.

Maʼnaviy mezonlar

Tadqiqot natijalari ko‘rsatganidek, yoshlar, avvalo, ota-onasiga ishonadi. Ularning fikricha, yaxshi insonlar ota-ona farzandlari bilan doimiy muloqot olib boradigan, kasbiy yuksalishiga yordam beradigan, o‘rinli tanqidiy mulohazalar bildirib, dunyoqarashini kengayotiradigan oilalardan yetishib chiqadi. Baʼzi respondentlar yaxshi insonni tarbiyalashda o‘qituvchining ham roli muhimligini qayd etgan.

Er-xotin o‘rtasidagi janjallar, otasizlik (erkaklarning uzoq vaqt xorijda migratsiyada qolib ketayotgani), kattalarning tirikchilik ilinjida farzandiga yetarlicha eʼtibor qaratmayotgani oiladagi maʼnaviy muhitni buzuvchi asosiy omillar sifatida tilga olindi.

Ijtimoiy integratsiya

O‘zbekiston yoshlari deyarli barcha masalalarda ota-onasiga tayanadi. Kattalarga hurmat ko‘rsatishi, ularning gapini ikki qilmasligi kerakligini ham yaxshi tushunadi. Chunki jamiyat hayoti, ayniqsa, mahalla-ko‘yda shunday tartib o‘rnatilgan.

Yoshlar oila qurish yoki pul topishni mustaqilllik belgisi, deb tushunadi. Harqalay, bu taʼkid ayollardan ko‘ra ko‘proq erkaklarga xos. Chunki turmushga chiqayotgan qizlar moliyaviy masalalarda eriga tayanadi. Anʼanaviy o‘zbek oilalarida erkak “oila boquvchisi” maqomini olgan.

So‘rovnoma jarayonida oila qurgan respondentlar qaynona-qaynota bilan yashash qiyin, degan javobni ham bergan.

Rauf Saloxo‘jayev tadqiqotning gender masalasi bilan bog‘liq jihatlarini izohlar ekan, ayollar va erkaklar tengsizligi muammosi yoshlar hayotida ham yaqqol ifodasini topayotganini taʼkidladi: “Oilalarda qizlarning oliy maʼlumot olish, kasbiy faoliyatini boshlash va karyera qilish, oila hamda ishni baravariga uddalashga bo‘lgan intilishi turli sabablarga ko‘ra qo‘llab-quvvatlanmayapti. Bu jamiyatda gender stereotiplari chuqur ildiz otganidan dalolat beradi. Ayniqsa, qishloq joylarida mahalla institutining jamoatchilikka taʼsiri juda kuchli. Demak, katta avlod vakillari – ota-onalar, nuroniylar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish kerak”.

Turarjoy va mobillik

Tadqiqot O‘zbekistonda juda kam sonli yoshlar mamlakat doirasida hamda xorijga migratsiya qilish istagida ekanini ko‘rsatdi. Ularning 77 foizdan ziyodi chetga chiqishni umuman xohlamaydi. Bir tomondan, bu vatanparvarlik namunasi. Boshqa tomondan esa, ayrim yoshlar muhojirlik azobini boshidan o‘tkazib, endi issiq joyini tashlab ketishni xohlamaydi. Yana bir qismi yangi joyda yangi hayot boshlashdan qo‘rqadi.

Respondentlar yashash uchun qulay muhit shaharda ham, qishloqda ham topilishini inkor etmadi. Asosiysi bu joy tinch-osoyishda va sog‘lom hayot kechirish imkonini berishi kerak.

Jamoatchilik taʼsiri

Ahamiyatli jihati shundaki, bugungi yoshlar siyosiy yangiliklarga ko‘proq qiziqmoqda hamda o‘z fikrini erkin ifodalashi mumkinligini biladi. Shunga qaramay, ularning jamoat tashkilotlari hamda siyosiy partiyalardagi faolligi havas qilarli darajada emas. Respondentlar mahalliy qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum ekanini taʼkidlagan – barcha masalalar faqat kattalar bilan bamaslahat hal qilinadi. Yoshlar bundan norozi, shu bois katta avlod vakillari bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblaydi.

Internet va kompyuter texnologiyalari

Respondentlarning 86,9 foizi axborot texnologiyalarini chuqurroq o‘zlashtirishga qiziqish bildirgan. Shundan 37,8 foizi, jumladan, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar kompyuterdan umuman foydalana olmasligini aytdi. Internetdan foydalanishni bilmaydigan yoshlar salmog‘i esa 53,9 foizni tashkil qiladi.

Baʼzi yoshlar internetni foydali axborot resursi, o‘qish va ish uchun qulay instrument sifatida qabul qilsa, boshqalari “vaqt o‘g‘risi” hamda yot g‘oyalar makoni, deb tushunadi. Bunday holat jamiyatda raqamli tengsizlik kuchli ekanini ko‘rsatmoqda.

***

“O‘zbekiston yoshlari: muammo va istiqbollar” mavzuidagi ijtimoiy so‘rov mamlakatda ko‘p yillardan buyon pishib yetilgan hamda yoshlarning qimmatbaho inson kapitaliga aylanishiga to‘sqinlik qilayotgan kompleks muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Tadqiqotda qatnashgan yigit-qizlar davlatdan oliy va kasbiy taʼlim sifatini yaxshilash, ishsizlik bilan samarali kurashish hamda aholi daromadlarini oshirish, erta nikoh, ajrimlar, katta va yosh avlod o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuviga o‘xshash o‘tkir ijtimoiy muammolarni bartaraf etishni kutmoqda.

Muallif: Nargiza Umarova, Mazkur material YUNISEF, Yoshlar ittifoqi hamda “Yuksalish” umumilliy harakati “O‘zbekiston yoshlari: muammo va istiqbollar” (“Molodej Uzbekistana: vizovi i perspektivi”) deb nomlangan yirik tadqiqot natijalari bo‘lib, unda respublikaning barcha hududlarida istiqomat qiluvchi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 4 ming 500 nafarga yaqin respondent ishtirok etdi va bevosita muloqot qilish uchun 24 ta fokus-guruhi shakllantirilgan.

Tadqiqot uch yil mobaynida zamonaviy metodologiyalar asosida olib borildi. Loyihaga yetakchi mahalliy va xorijiy ekspertlarning jalb etilgani ham alohida eʼtiborga molikdir.