Baydenning yangi maʼmuriyati davrida Rossiya bilan AQSh munosabatlari qay tarzda o‘zgaradi?

 – Umuman olganda, Bayden maʼmuriyati davrida Rossiya bilan Amerika munosabatlaridagi ziddiyatlar yana-da ortib ketadi. Qo‘shma Shtatlar Rossiyani demokratiya, inson huquqi va qadriyatlar muammolari bo‘yicha keskin tanqid qilishi kuchayadi. Amerikaning Rossiya bilan postsovet makonidagi geosiyosiy kurashi avj olib boradi va Qo‘shma Shtatlar Ukrainani, yana, masalan, Belarus muxolifatini, Moldova va Gruziyani Rossiya bilan qarama-qarshiligida tobora faol qo‘llab-quvvatlashga o‘tadi, umuman olganda, postsovet makonidagi ham klassik, ham xalq diplomatiyasini faollashtiradi. Oqibatda Rossiya-Amerika munosabatlarining umumiy muhiti yana-da keskin tus oladi.

Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Rossiyani tiyib turish siyosatiga o‘z ittifoqchilari, birinchi navbatda yevropalik ittifoqchilarini jalb qila boshlaydi. Binobarin, AQSH bilan YEI harakatlarini muvofiqlashtirish sinxronligi kuchayadi. Umuman olganda, Bayden prezidentligi davrida Amerika tashqi siyosatida mafkura rolining ortib borishi transatlantik munosabatlar qalinlashuvi va AQSHning Rossiyaga nisbatan tiyib turish siyosati kuchayishiga olib boradi. Shu munosabat bilan, aytib o‘tganimdek, umumiy nuqtai nazarga ko‘ra, Rossiya bilan Amerika munosabatlari yana-da ziddiyatli bo‘ladi, bu mamlakatda Amerika unga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llashi va rossiyalik muxolifat vakillarini bevosita dastaklashi kutilmoqda. Bayden hokimiyatga kelgach, Tramp prezidentligi davri bilan solishtirganda, AQSHning Rossiyaga nisbatan ritorikasi – gap ohangi keskinlashdi. Masalan, Amerika Davlat departamentining Aleksey Navalniyni zudlik bilan ozod qilishga daʼvati bunga misol bo‘la oladi – AQSHning bunday gap ohangi Barak Obama maʼmuriyatining so‘nggi yillarida yangragan edi, lekin Donald Tramp hech qachon Rossiya oldiga bunaqa talablarni qo‘ymagan. Yaʼnikim, AQSH Rossiya muxolifati, ushbu mamlakatning liberal nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) va hk.ni ko‘proq va ochiq qo‘llab-quvvatlashini namoyish etmoqda. Buning oqibatida Rossiya bilan AQSH o‘rtasidagi qarma-qarshilik yana-da keskinlashadi, ayni damda ikkala tomon manfaatlariga mos keladigan ayrim masalalar yuzasidan tanlangan hamkorlik imkoniyatlari ham mavjudligini ko‘ryapmiz. Biroq avvalboshdan shuni hisobga olish kerakki, bunday tanlangan hamkorlik AQSH bilan Rossiya munosabatlarining tabiatini va gap ohangini o‘zgartira olmaydi.

Tanlangan hamkorlik sohalari “Strategik hujum qurollari-3” (SʼHQ-3) shartnomasining amal qilish muddatini cho‘zishga tegishli bo‘ladi. Rossiya Bayden maʼmuriyatining ushbu masala bo‘yicha tutgan mavqeini qutladi hamda SʼHQ-3 shartnomasining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha AQSH va Rossiya maslahatlashuvlari boshlanib ketdi. Keyinchalik esa qurollanish nazorati, SʼHQ-3 shartnomasi imzolangandan so‘ng strategik xavfsizlikni mustahkamlash usullari bo‘yicha muloqot qilinadi, chunki ikkala taraf ham SʼHQ-3 sharnomasidan keyin nima bo‘lishi xususida muzokara olib borish uchun vaqtni cho‘zish zarur ekanini tushunadi. Ushbu muloqot oson bo‘lmasligi turgan gap. Bu masala yuzasidan ham Bayden maʼmuriyati, ham Rossiya eʼlon qilgan mavqelar bir-biridan keskin farq qiladi, hatto aytish mumkinki, bir-biriga zid ham. Masalan, Qo‘shma Shtatlar SʼHQ-3 shartnomasining amal qilish muddati uzaytirilgandan so‘ng unga Xitoy ham qo‘shilishi, yangi bitim bilan strategik bo‘lmagan va taktik yadro qurollari ham cheklanishini talab qilmoqda. Rossiya esa unisiga ham, bunisiga ham qarshi. Moskva o‘z navbatida yangi bitim yoki bitimlar turkumi strategik barqarorlikka taʼsir ko‘rsatadigan barcha sohalar, jumladan, raketaga qarshi mudofaa, yadro quroliga bog‘liq bo‘lmagan yuksak aniqlikka ega qurollar, koinotdagi qurollarni qamrab olishi zarur deb hisoblamoqda, ammo bunga Amerika Qo‘shma Shtatlari, xususan, Bayden maʼmuriyati qarshi chiqmoqda. Shuning uchun muloqot oson kechmaydi, ehtimol biz Bayden maʼmuriyati bilan hech narsani kelisha olmasmiz, SʼHQ-3 shartnomasi qurollarni nazorat qilish bo‘yicha AQSH bilan Rossiyaning so‘nggi ulkan shartnomasi bo‘lib qolishi yoki qandaydir siyosiy yangi rejimlar haqida biror kelishuvga erishilishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, bunday muloqotga kirishilishi muqarrar.

AQSH bilan Rossiya Eron va Shimoliy Koreyaning yadro dasturlari bo‘yicha ko‘p tomonlama formatda hamkorlik qiladi. Nihoyat, Bayden maʼmuriyati bilan kiberxavfsizlik sohasida muloqot o‘tkazilishi maqbul ish bo‘lur edi, chunki na Baydenni va uning maʼmuriyatini Moskva bilan til biriktirganlikda ayblab bo‘lmasligi, garchi tomonlar bir-birini raqib deb bilsa ham, Rossiya bilan muzokara olib borish Qo‘shma Shtatlarda jinoyat va Amerikaning milliy manfaatlariga xiyonat sifatida qaralishi dargumon bo‘lgani sababli muloqot qilish osonroq kechadi. Ehtimol, AQSH bilan Rossiya, asosan, Arktika mintaqalariga eʼtibor qaratgan holda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash borasida ham muloqotni yo‘lga qo‘yar. Birinchidan, Arktikada iqlim o‘zgarishi, butun sayyoradagi vaziyat bilan solishtirganda, 3 barobar tez kechmoqda, ikkinchidan, Rossiya bilan AQSH o‘sha mintaqada bevosita qo‘shnilar hisoblanadi.

Bayden maʼmuriyati hokimiyatga kelishi bilan Rossiya va AQSHning umumiy munosabatlari o‘zgarmaydi.

Xulosa qilib, shuni aytish mumkinki, Bayden maʼmuriyati hokimiyatga kelishi bilan Rossiya va AQSHning umumiy munosabatlari o‘zgarmaydi. Rossiya xuddi oldingidek, AQSHni asosiy strategik raqib va Rossiya xavfsizligiga bosh tahdid sifatida qarashda davom etadi. Lekin shu bilan bir vaqtda, mafkura omili ham kuchayadi, yaʼni Qo‘shma Shtatlar nafaqat dunyoning barcha mintaqalari: postsovet makoni, Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo, Lotin Amerikasi, Afrika – hamma-hamma joyda Rossiyaning mavqeini zaiflashtirishga harakat qilayotgan geosiyosiy raqib, qolaversa, Rossiyaning ichki siyosiy rejimini kuchsizlantirish va barbod qilishga hamda Rossiyadagi rejimni almashtirishga ochiq-oydin intilayotgan mafkuraviy raqib sifatida qabul qilinadi. Rossiyada bunaqa gaplar aytilib ham turibdi. Shuning uchun AQSHga nisbatan ham siyosiy, ham mafkuraviy dushman va raqib sifatidagi munosabat saqlanib qoladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov yaqinda bergan intervyusida Rossiyaning AQSHga nisbatan siyosatini tavsiflar ekan, ushbu siyosat, bir tarafdan, total darajada tiyib turish, yaʼni AQSH bilan dunyoning barcha mintaqalari va barcha muhitlari, jumladan, kibermakonda kurash olib borish, biroq uni tanlangan hamkorlikning ayrim unsurlari, masalan, SʼHQ-3 shartnomasining amal qilish muddatini cho‘zish bilan omuxta qilish, Rossiya manfaatlariga mos keladigan holatlarda strategik xavfsizlik bo‘yicha muloqot yuritishdan iborat bo‘lishini aytib o‘tdi. Bunday sohalar ko‘p emas: strategik barqarorlik, yadro qurolini tarqatmaslik hamda birinchi navbatda Arktikada iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va Arktikada barqarorlikni himoya qilish. Darvoqe, bu yil Rossiya Arktika kengashida raislikka kirishyapti, AQSH ham o‘sha kengashning aʼzosidir. Shu nuqtai nazarga ko‘ra, Rossiya AQSH bilan Arktika bo‘yicha, ikki tomonlama bo‘lmasa, ko‘p tomonlama hamkorlikdan manfaatdordir. Rossiya dunyoning boshqa mintaqalari: postsovet hududi, Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyoda Qo‘shma Shtatlarga qarshi turadi, AQSH ham o‘z navbatida Rossiyaning manfaatlariga qarshi chiqadi. Bugun shuni aniq aytish mumkinki, Rossiya bilan Amerika kelishmovchiligi tizimli tus olib ketdi, oqibatda tomonlar milliy manfaatlarini bir-biriga qarshi qilib tuzmoqda va shakllantirmoqda.

Taassufki, Rossiya hali-hamon AQSHga biror narsaga kelishishi qiyin bo‘lgan sherik sifatida qarab keladi. Balki bugun rasmiy Vashington Donald Tramp maʼmuriyati bilan solishtirganda, ko‘proq kelishish mumkin bo‘lgan va layoqatli sherik sifatida qaralayotgandir, lekin shunga qaramay, Moskva nuqtai nazariga asosan, Amerikada ayni paytda mavjud bo‘lgan jamiyatning qutblashuvi va undagi ixtiloflar, Amerika siyosiy elitasining bugungi kundagi qutblashuvi Rossiya bundan keyin ham Amerika ichki siyosati unsuri va vositasiga aylanib qolishiga olib kelishi mumkin. Rossiya mavzusi Amerika ichki siyosatidan chiqib ketishi qiyin. Shunga ko‘ra, Rossiya mavzusi hamon jamiyat aʼzolari ongini zaharlovchi unsurligicha qolaveradi va Qo‘shma Shtatlar siyosiy elitasi, eng avvalo, demokratlarning Tramp tarafdorlari – trampchilar bilan Rossiyani bir-biriga yaqin deb bilishga intilishi buning isbotidir. Ular Tramp bilan tarafdorlarini Kreml bilan Rossiyaning qo‘g‘irchoqlari qilib ko‘ratishni istaydi va shu yo‘l bilan Rossiyaning ichki dushmanlar homiysi va Amerika demokratiyasining asosiy tahdidi deya tasavvur qiladi. Taassufki, shu sababli Rossiya mavzusi hamon jamiyat aʼzolari ongini zaharlovchi unsurligicha qolaveradi va bu hol hanuz AQSHning Rossiyaga nisabatan biror narsaga kelisha olish qobiliyatini pasaytirib boraveradi.

Bayden maʼmuriyati yuritadigan siyosatni mazmunan Obama siyosatiga qaytish qaytish deb atash qiyin. Ayniqsa, Rossiya va Xitoy yo‘nalishlarida Tramp siyosatiga vorislik mavjud. Bu mutlaqo tabiiy, chunki Trampning 4 yillik prezidentligi davrida Amerika ham o‘zgarib ketdi, AQSH ichidagi bo‘linish, Amerika siyosiy tizimining qutblashuvi kuchaydi, siyosiy kurash jadallashdi va u Tramp davrida bo‘lgani kabi jadalligicha qoladi. Bayden hokimiyatga kelishi bilan Amerikada hech narsa tubdan o‘zgarmaydi. O‘tgan so‘nggi 4 yil davomida dunyo ham o‘zgardi – buyuk davlatlar raqobatining yangi qarama-qarshiligi boshlanib ketdi. Bayden AQSH mudofaa vaziri etib tayinlagan Lloyd Ostin Senatdagi tinglov chog‘ida AQSHning Donald Tramp qabul qilgan milliy xavfsizlik strategiyasini, AQSHning Donald Tram qabul qilgan harbiy strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qilgan edi. Ularga ko‘ra, Rossiya bilan Xitoy AQSHning strategik raqiblaridir va ularga nisbatan tiyib turish siyosatini yuritish zarur.

Shu munosabat bilan Amerikaning Bayden prezidentligi davridagi siyosati Rossiya bilan Xitoyni o‘zgargan vositalar yordamida tiyib turish siyosati Tramp davridagiga nisbatan bir oz boshqacha bo‘ladi. Rossiyaga nisbatan ko‘proq qadriyatlar bilan bog‘liq muammolarga urg‘u berilsa, Xitoyga nisbatan savdo urushi usuli kamroq qo‘llanadi, biroq bundan keyin ham Xitoyni texnologik jihatdan tiyib turish, shuningdek, demokratiya va inson haqlari masalasida Xitoyni tanqid qilish siyosati amal qiladi. AQSHning yangi davlat kotibi Toni Blinken Xitoy Shinjon muxtor tumanida yuritayotgan siyosatni genotsid deb atashga ham ulgurdi. Bu Pompeoning gap ohangidan umuman farq qilmaydi. Farq shuki, Bayden maʼmuriyati hukmronligi vaqtida Rossiya bilan Xitoyni tiyib turish siyosati ko‘p tomonlama ko‘rinish kasb etadi. Bayden maʼmuriyati ko‘pchilik hollarda ushbu siyosatga ittifoqchilari va sheriklarini jalb qiladi, AQSHning ittifoqchilari va sheriklariga munosabati ko‘proq hurmatga asoslanadigan bo‘ladi. Shuningdek, Tramp siyosatidan farqli o‘laroq, Bayden maʼmuriyati Rossiya bilan Xitoyni tiyib turishni ushbu ikki mamlakat bilan umumiy xatarlar bo‘yicha tanlangan hamkorlik qilish bilan omuxta qilib olib boradi. Biroq mohiyatan, ushbu siyosatdagi vorislik darajasi yuqori bo‘ladi.

Dmitriy Suslov – Rossiyaning xalqaro siyosat bo‘yicha eksperti, Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi” (NIU VSHE) Jahon iqtisodiyoti va dunyo siyosati fakultetining Yevropa va xalqaro kompleks tadqiqotlar ilmiy-taʼlimiy markazi direktori o‘rinbosari va ilmiy xodimi.

Material uning CAAN saytiga bergan intervyusidan tayyorlangan.