Rossiya Xitoyning Markaziy Osiyodagi roliga qanday qaraydi?

Rossiya Xitoyning Markaziy Osiyodagi ishtirokiga ijobiy va betaraf munosabatdadir. Birinchidan, Moskva Xitoyni Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqib deb bilmaydi, chunki Xitoy YEOII va KXSHT singari rossiyetsentrik muassasalar obro‘siga putur yetkazishga intilayotgani yo‘q. Hatto O‘zbekistonning YEOIIga kirish ehtimoli muhokama qilinayotgan paytda ham, men Xitoy tarafining bu boradagi biror tanqidiy fikrini eshitmadim. YEIdan farqli o‘laroq, Xitoy hech qachon Markaziy Osiyo mamlakatlarini yo Xitoy, yoki Rossiya bilan bo‘lasiz, qabilidagi tanlovga ro‘para qilgan va bu talabni ular oldiga qo‘ygan emas. YEI esa o‘z vaqtida Ukraina oldiga u yoki bu yo‘lni tanlash kerakligini qatʼiy talab qilib qo‘ygan, oqibatda hozirgi inqiroz yuzaga kelgan edi. Lekin Xitoy hech qachon Markaziy Osiyoda Rossiyani o‘ziga raqib deb bilmagan, shuning uchun Rossiya uning ushbu mavqeini hurmat qiladi. Bunga javoban, Rossiya ham o‘zini Xitoyga qarshi qo‘yayotgani yo‘q va Xitoyning Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy hozirligiga tahdid sifatida qaramaydi. Boz ustiga, Rossiya bilan Xitoyning Markaziy Osiyoda umumiy manfaatlari bor. Ular sirasiga siyosiy barqarorlikni taʼminlash: ekstremizm, terrorizm va radikalizmga qarshi kurash kiradi – bu Shanhay hamkorlik tashkiloti shug‘ullanayotgan masalalardir. Rossiya bilan Xitoyning Markaziy Osiyodagi umumiy manfaatlari G‘arbning bu yerdagi taʼsirini zaiflashtirishdan iboratdir. Rossiya bilan Xitoy AQSH bilan YEIning Markaziy Osiyodagi taʼsirini pasaytirish yoki kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni o‘zlarining eng ustuvor vazifasi deb biladi.

AQSH Afg‘onistondagi harbiy hozirligini keskin qisqartirgani va uning Afg‘onistondan butunlay ketmoqchi ekani hisobga olinsa, Markaziy Osiyoga qiziqishi butunlay zaiflashib qolganini ko‘rish mumkin. Undan tashqari, AQSH Markaziy Osiyo mamlakatlariga bildirgan ishonchi oqlanmadi. Masalan, AQSH Obama maʼmuriyati davrida Qirg‘izistonga ancha-muncha demokratlashgan mamlakat sifatida ko‘proq umid bog‘lagan edi. Biroq Qirg‘iziston Rossiya bilan hamkorlik yo‘nalishini AQSH foydasiga o‘zgartirmadi, yaʼni tikilgan dov foyda keltirmadi. Shunga qaramay, AQSHning Markaziy Osiyoga qiziqishi Rossiya bilan Xitoyni tiyib turish bilan bog‘liq, chunki Rossiya bilan Xitoyga geosiyosiy raqib va hamma joyda ularga qarshi kurashish kerak deb qaraladi. Rossiya Xitoy bilan birga bunga qarshilik ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, Xitoyning Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy hozirligi G‘arbning mintaqadagi mavqeini zaiflashtiradi. Masalan, aynan Xitoy Markaziy Osiyo gazining asosiy importchisi ekani YEIning Markaziy Osiyo gazini to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilish imkoniyatini istisno qiladi va bu Rossiyani to‘liq qanoatlantiradi. Ayni hol YEIning Rossiyaga qaramligini oshiradi, birinchi navbatda Xitoy sharofati bilan Nabukko, Janubiy gaz koridori, Transkaspiy gaz quvuri loyihasini chippakka chiqaradi. Shunga ko‘ra, Rossiyaning asosiy potensial raqiblari mavqei kuchsizlanadi va YEIning Rossiyaga qaramligi ortadi. Shuning uchun Rossiyaning ushbu masalaga munosabati ijobiy.

Bugungi kunda Rossiya oldida turgan vazifa Xitoyni zaiflashtirish emas – aslida buning iloji ham yo‘q – aksincha, Xitoyning mintaqadagi hozirligi Rossiya manfaatlariga zid kelib qolmasligiga erishishdir.

Dmitriy Suslov – Rossiyaning xalqaro siyosat bo‘yicha eksperti, Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi” (NIU VSHE) Jahon iqtisodiyoti va dunyo siyosati fakultetining Yevropa va xalqaro kompleks tadqiqotlar ilmiy-taʼlimiy markazi direktori o‘rinbosari va ilmiy xodimi.

Material uning CAAN saytiga bergan intervyusidan tayyorlangan.