Rossiyaning Markaziy Osiyodagi regionallashuv jarayonlariga munosabati qanday? “Markaziy Osiyo + Rossiya” formati nima uchun tanlangan edi?

Birinchidan, Markaziy Osiyodagi regionallashuv obyektiv jarayon sifatida kechmoqda. Islom Karimov vafoti va hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelishi munosabati bilan O‘zbekistoning ichki siyosiy rejimi o‘zgargach, Markaziy Osiyodagi regionalizm jarayoni sezilarli tarzda jadallashdi va bu obyektiv reallikdir. Aynan Karimov mintaqaviy integratsiya va mintaqaviy identitet yo‘lida asosiy to‘siq bo‘lib turgan edi. Shuning uchun Rossiya ushbu regionalizm jarayonlaridan o‘z foydasi uchun foydalanib qolmasligi ahmoqlik va zararli bo‘lur edi, ushbu jarayonni mensimaslik Rossiyaning mintaqadagi mavqeini zaiflashtirib qo‘yishi turgan gap edi, bu – birinchidan. Ikkinchidan, “Markaziy Osiyo +” singari formatlarni boshqa mamlakatlar ham rivojlantirmoqda. Masalan, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “5+1” formatida hamkorlik qilmoqda (bu masalada Tramp maʼmuriyati hech qanday yangilik o‘ylab topgani yo‘q, nazarimda, Bayden maʼmuriyati ham unga biror yangilik qo‘shishi qiyin), shu tariqa u mintaqa mamlakatlarini butun, yagona, shu bilan birga, Rossiya va Xitoyga emas, aynan Janub: Afg‘oniston va Hindiston sari yo‘nalish oladigan mustaqil geosiyosiy mintaqa sifatida ko‘rishni istamoqda. Yirik Janubiy va Markaziy Osiyo makromintaqasi AQSH Davlat departamenti tuzilmasida aks etgan bo‘lib, unga rasman yagona mintaqa deb qaralmoqda. Rossiya nuqtai nazariga ko‘ra, bu Qo‘shma Shtatlarning mintaqani Rossiyadan tortib olish va uning Rossiya va Xitoy bilan hamkorligini zaiflashtirishga oid rasman bayonot berilayotgan ochiqcha urinishidir. Rossiya “5+1” formatiga qattiq ishonchsizlik bilan qaraydi. Ayni choqda u Markaziy Osiyo mintaqasidagi sheriklarini AQSH bilan hamkorlik qilmaslikka majburlamoqchi emas. Chunki Rossiya o‘sha mamlakatlarga qattiq bosim o‘tkazsa hamda ularning tashqi siyosiy muloqoti va ko‘p vektorli siyosatini cheklamoqchi bo‘lsa, o‘zini o‘zi izolyatsiyaga tushirib qo‘yadi, uning mintaqadagi taʼsiri zaiflashadi, mintaqa mamlakatlari o‘zini Rossiyadan yana-da chetga torta boshlaydi, oqibatda o‘zi istagan narsaning butunlay teskarisiga ega bo‘ladi. Shuning uchun Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “Rossiya + Markaziy Osiyo mamlakatlari” formatida muloqotni mustahkamlashga intilmoqda. Ayni choqda shuni ham qayd etish zarurki, bu Rossiya uchun eng asosiy va birinchi navbatda yo‘lga qo‘yilayotgan muloqot emas.

Rossiya uchun Markaziy Osiyo mintaqasida YEOII va KXSHT asosiy [hamkorlik] muassasalar[i] bo‘lib qolmoqda va Moskva ushbu “Markaziy Osiyo + RF” muloqotiga zikr etilgan rossiyetsentrik muassasalarni mustahkamlash va boshqa mamlakatlarni ushbu muassasalarga jalb etishning qo‘shimcha vositasi sifatida yondashadi. Sir emaski, Rossiya O‘zbekistonning YEOIIga integratsiyalashuvini olqishlagan bo‘lur edi, Rossiya nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan O‘zbekiston ishtirokidagi muloqot ushbu mamlakatning YEOIIga aʼzo bo‘lib kirishiga ko‘maklashishi mumkin. Rossiya ayni shu sababga ko‘ra ushbu muloqotni yuritmoqda.

Dmitriy Suslov – Rossiyaning xalqaro siyosat bo‘yicha eksperti, Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi” (NIU VSHE) Jahon iqtisodiyoti va dunyo siyosati fakultetining Yevropa va xalqaro kompleks tadqiqotlar ilmiy-taʼlimiy markazi direktori o‘rinbosari va ilmiy xodimi.

Material uning CAAN saytiga bergan intervyusidan tayyorlangan.