O‘zbekiston bilan Qozog‘iston investitsiyalarni jalb qilishdagi o‘xshashliklar va farqlar

– O‘zbekiston bilan Qozog‘iston G‘arb investitsiyalarini jalb qilish uchun moʻtadil islohotlar o‘tkazishga harakat qilmoqda. Bu Rossiya bilan Xitoyning G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlari soviganidan qo‘shni mamlakatlar ustalik bilan foydalanib qolishga urinayotgan yangi siyosatni anglatmaydimi? G‘arbga qarshi turishdagi “ittifoqchilik” Rossiya uchun qanchalik muhim?

– Men Qozog‘iston bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu mamlakatlarni G‘arb andozasidagi liberal demokratik mamlakatlarga aylantirishiga ishonmayman. Ushbu islohotlar juda cheklangan tarzda o‘tkazilmoqda va ular mamlakatlarning davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga, iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgandir, yaʼni maqsad siyosiy emas, amaliy natijani ko‘zlaydi. Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham 2000-yillardagi taraqqiyot modellari o‘z vazifasini o‘tab bo‘ldi va hozirgi kunda bundan buyongi rivojlanishga to‘sqinlik qilmoqda. Kelgusida muvaffaqiyatli va jadal rivojlanish uchun ularni isloh qilish talab etilmoqda. Rossiya buni o‘ziga tahdid deb bilayotgani yo‘q. Aytib o‘tganimdek, u postsovet makonidagi mamlakatlarning ichki siyosiy rivojlanishidan yoki ichki siyosiy islohotlaridan emas, jug‘rofiy-siyosiy yo‘nalishi o‘zgarishi mumkinligidan ko‘proq tashvishga tushmoqda. Qozog‘iston bilan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan islohotlar ularning barqarorligini mustahkamlaydigan va voqealarning inqilobiy o‘zanga tushib qolishidan asraydigan bo‘lsa, Rossiya buni faqat olqishlaydi, chunki rasmiy Moskva aslida voqealarning Qozog‘iston va O‘zbekistonda inqilobiy tusda rivojlanishidan, rejimlar qulashidan, vaziyat izdan chiqib ketishidan, jumladan, radikallashuvidan, tashqi siyosatda keskin burilishlar ro‘y berishidan cho‘chiydi. Agar ushbu islohotlar voqealarning bu tusda rivojlanishi oldini olishga qaratilgan bo‘lsa, bu Rossiya uchun yaxshidir. Qozog‘iston shu paytgacha, bir tarafdan, ko‘p vektorlilikka, boshqa tarafdan esa, Rossiya bilan ittifoqchilik munosabatlariga sodiq bo‘lib keldi va kelmoqda. Masalan, hokimiyatga Qosim-Jo‘mart To‘qayev kelishi bilan hech narsa o‘zgarayotgani yo‘q, u, asosan, Nursulton Nazarboyev siyosatini davom ettirmoqda.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar faqat ushbu mamlakat bilan Rossiya munosabatlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Rossiya bilan muloqotga ham, Rossiya biznesi uchun ham, hatto rossiyetsentrik integratsiyada, jumladan, YEOIIda qatnashish uchun ham tobora ochilib bormoqda.

Ushbu mamlakatlarning G‘arb bilan muloqoti Rossiyaga maʼqul emas, lekin u bunday muloqotning oldini olishga intilayotgani yo‘q, chunki bu mamlakatlarni keskin tanlovga ro‘para qilishni ham, ularning tashqi siyosiy manyovrlarini cheklashni ham istamaydi, chunki bunday qilinsa, Rossiyaning zikr etilgan mamlakatlarga taʼsiri pasayib ketishi mumkin. Moskva ushbu muloqotlarga keskin jug‘rofiy-siyosiy burilish bo‘lmaguncha, sabr-toqat bilan qarashini davom ettiraveradi. Mabodo Qozog‘iston YEOII yoki KXSHTdan chiqmoqchi ekanini va bundan buyon Rossiya bilan do‘stona munosabatlarga sodiq qola olmasligini, AQSHni asosiy sherigi deb bilishini aytsa, Rossiya tarafi keskin kuch ishlatishi va repressiv qadamlar qo‘yishi aniq, deb hisoblayman. Biroq Qozog‘iston yoki O‘zbekiston o‘zini bunday tutishi ehtimoli yo‘q hisobi. Nazarimda, Qozog‘iston Rossiya bilan qalin ittifoqchilik munosabatlari barqarorlik va xavfsizlik omili ekanini to‘g‘ri va ochiq taʼkidlab kelmoqda.

G‘arbga qarshi turishda Rossiyaga ittifoqchilar kerakmi? Bu savolga ha ham, yo‘q ham deb javob berish mumkin. Rossiyaga ittifoqchilar o‘zi kuchayishi va global miqyosdagi mustaqil kuch markazi sifatidagi mavqeda turishi uchun kerak. Ayni choqda Rossiya G‘arb bilan ziddiyatlariga ittifoqchilarini aralashtirmoqchi emas va o‘zi AQSH va YEIga qarshi qo‘llayotgan aksilsanksiyalarga YEOII bo‘yicha ittifoqchilari qo‘shilishini talab qilayotgani yo‘q. Rossiyaga o‘z tashqi siyosatining qandaydir muhim masalalari bo‘yicha birdamlik zarur. YEOII va KXSHTga aʼzo mamlakatlarning aksariyati, masalan, BMT bosh Assambleyasida yo Rossiya bilan bir tomonda turib ovoz beradi, yoki, hech bo‘lmaganda, betaraf qoladi va Rossiyaga qarshi ovoz bermaydi. Lekin Rossiya barcha masalalar bo‘yicha yuz foiz birdamlik va sadoqatni talab qiladigan bo‘lsa, bu aks natija berishini va ushbu mamlakatlar o‘zidan uzoqlashib ketishi mumkinligini yaxshi biladi.

Dmitriy Suslov – Rossiyaning xalqaro siyosat bo‘yicha eksperti, Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi” (NIU VSHE) Jahon iqtisodiyoti va dunyo siyosati fakultetining Yevropa va xalqaro kompleks tadqiqotlar ilmiy-taʼlimiy markazi direktori o‘rinbosari va ilmiy xodimi.

Material uning CAAN saytiga bergan intervyusidan tayyorlangan.