Mahalla “vazirligi” faoliyati tahlili

Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla faoliyati bo‘yicha “o‘qishli” material chiqqan, sizlarga ham ilindik.

“Bir yil o‘tib butun O‘zbekiston mahalla vazirligiga aylandimi?”

Faol jamoatchilik tomonidan juda og‘ir xato o‘laroq kutib olingan, ixchamlashish o‘rniga, tinimsiz kengayishda davom etayotgan hukumatning timsoliga aylangan, yangi rejimga loyal siyosiy pensionerlarning amal bilan taʼminlayotgan va o‘zbek armiyasidan ham kattaroq – 40 mingdan ziyod xodimga ega, mening nazarimda eng samarasiz va zararli davlat tuzilmasiga aylangan Mahalla vazirligi paydo bo‘lganiga o‘tgan hafta 1 yil bo‘ldi.

1 yil bu zararli tuzilmaning faoliyatiga qisqa bo‘lsada baho berish uchun yetarlicha vaqt.

O‘shanda yangi vazirlik mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari oylik ish haqini o‘rtacha 35%ga oshirishdan boshlagan edi. O‘ta og‘ir o‘tgan 2020 yilda barcha toifalarning daromadlari, maoshlari pasaydi yo qiymatini yo‘qotdi, Lekin Mahalla tizimidagilarniki bundan istisno. Kimdir, qaysidir soliq to‘lovchi bundan natija sezdimi?

Vazirlik tuzilganda uning oldiga qo‘yilgan vazifalardan biri aholini  oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash etib belgilangandi. Nega agar bu vazifa Mahalla vazirligiga yuklatilgan bo‘lsa, butun O‘zbekiston moliyaviy muassasalari mahallama-mahalla, uyma-uy sarson bo‘lib yuripti. Agar o‘zining tashkil etilgandagi vazifasini bajarmayotgan bo‘lsa Mahalla vazirligi nega kerak?

Vazirlik tuzilishi bilanoq «Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi deb atalgan chap cho‘ntagi  paydo bo‘lgan. Nega tegishli Jamg‘armasi bo‘la turib mahallalar ularga biriktirilgan banklar va tadbirkorlarning mablag‘larini ixtiyoriy va majburiy ravishda so‘rishda, emishda davom etmoqda? Qani shu jamg‘armaning mablag‘lari? Mahallalarga banklar va tadbirkorlarning pullari hisobiga yordam ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, Jamg‘armaning pullarini kim o‘zlashtirayapti? Balki Namanganda oqlanmagan choldevor uchun so‘rovni prokurordan emas, Mahalla vaziridan so‘rash kerak edi?

Aholining kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeini yuksaltirish Mahalla vazirligini faoliyat yo‘nalishi bo‘lsin deyilgan Farmonda. Nega unda Hukumatning barcha vazirlari quyiga, joylarga safarbar etilgan? Butun O‘zbekiston hukumati Mahalla vazirligiga aylanganmi? Hukumat aʼzolarini mardikordek uyma-uy yurib muammolarni aniqlashi va yechishi bizga qanchaga tushayapti? Agar shu ahmoqona va o‘ta qimmat ish to‘g‘ri deb hisoblanilsa va  hukumat aʼzolarining ishi aslida shu deb ko‘rilayotgan bo‘lsa, bizga viloyat, tuman, shahar hokimliklarining va 40 ming armiyaga ega Mahalla vazirligining nima keragi bor?

P.S. O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq mahalla bor. Agar davlat rahbarining tashrifi vaqtida marshrutni o‘zgartirish, Namangandagi Bunyodkor va Farg‘onadagi Shodiyona mahallasiga to‘satdan kirib borish orqali paydo bo‘ladigan hashar kampaniya vositasi o‘laroq yechimni ko‘rayotgan bo‘lsak, mamlakatdagi barcha mahallalar shakli o‘nglanishi va tuslanishiga 417 yil vaqt kerak bo‘ladi