O‘zbekistonga xususiy tahlil markazlari kerakmi?

Yaqinda AQShning Pensilvaniya universiteti dunyodagi “aql markazlari” (think tanks) reytingini eʼlon qildi. Ro‘yxatdan 7 mingdan ziyod muassasa o‘rin olgan. Aksariyati AQSh, G‘arbiy Yevropa, Hindiston, Xitoy, Rossiya va Yaponiyada faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda esa professional analitika bilan shug‘ullanadigan markazlar soni bor-yo‘g‘i o‘n ikkita. Xususiylari undan ham oz. Ayni holat mamlakatda siyosiy tahlil va konsalting xizmatlari bozori deyarli rivojlanmaganidan dalolat beradi. Sohadagi mavjud muammolar xususida “Ma‘no” tadqiqotlar tashabbusi markazi direktori Baxtiyor Ergashev bilan suhbatlashdik.

— Baxtiyor Ismoilovich, ham davlat, ham nodavlat analitik sektorda ko‘p yillik ish tajribasiga egasiz. “Aql markazlarimiz”ning bugungi holati haqida nima deya olasiz?

— O‘zbekistonda siyosiy analitika sohasi ildam bo‘lmasa-da, lekin rivojlanmoqda. Bugun biz yangi bozor shakllanayotgani va uning yangi o‘yinchilari sahnaga chiqayotganini ko‘ryapmiz. 2017 yilgacha mamlakatda mustaqil tadqiqot markazini ochish amrimahol edi. Darhol byurokratik to‘siqlarga duch kelardingiz. Shavkat Mirziyoyev davrida esa bu narsalarga chek qo‘yildi. Markazim atigi ikki kunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganining o‘zi katta natija, deb hisoblayman.

Xususiy “aql markazlari” faoliyatiga erkinlik yaratilgani yaxshi, albatta. Ammo masalaning boshqa og‘riqli jihati bor. Bu haqda men 2003 yildayoq yozgandim. O‘zbekistonda siyosiy tahlil va konsalting xizmatlari bozorini tartibga soluvchi mexanizm haligacha yaratilmagan. Sohaga doir qonunchilik bazasi mavjud emas. Shu sababli bugungi kunda davlat va nodavlat “aql markazlari” o‘rtasida uzviy hamkorlikni taʼminlash, ular uchun teng, adolatli “o‘yin qoidalari”ni ishlab chiqish va chinakam raqobat muhitini yaratishning imkoni bo‘lmayapti. Natijada davlat qaramog‘idagi analitik markazlar o‘z holicha, xususiy “aql markazlari” o‘z holicha faoliyat ko‘rsatyapti. 

Bunday tizimsizlik mamlakat hayotiga daxldor muhim siyosiy qarorlar qabul qilishda xolis tahlil va muqobil yechimlar taklif qila oladigan mustaqil ekspertlar ishtirokining minimallashuviga olib kelmoqda. Yaʼni, bir tomondan, siyosiy tahlil markazlari bor-u, ammo ularning xizmatidan na hukumat, na davlat idoralari foydalanyapti.

— Nega?

— Asosiy sabab siyosiy anʼanalarimizda. Keling, xorij tajribasiga yuzlanaylik. G‘arbiy Yevropa mamlakatlarini misol keltiraman. Ko‘hna qitʼada yuzlab mustaqil “aql markazlari” bor va ularning aksariyati davlat buyurtmalarini bajaradi, yaʼni o‘z yurtining milliy manfaatlariga xizmat qilmoqda. Har qaysi davlat idorasining yillik byudjetiga “analitik faoliyatni moliyalashtirish”, degan alohida band kiritilgan. Shu asnoda vazirlik yoki kompaniya muayyan mavzuda tadqiqot loyihasini amalga oshirish uchun “aql markazlari” o‘rtasida tender eʼlon qiladi (bunday tanlovlar yil davomida bir necha marotaba o‘tkazilishi ham mumkin). Yevropada “aql markazlari”ning ko‘pligi, aksariyati xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatishi va professional kadrlar bilan to‘yinganining asl sababi ham shunda. Yaʼni xolis analitikaga davlatning o‘zi talabgor. Siyosiy elita, turli darajadagi rahbarlar muayyan masalaga tashqaridan turib nazar solishni – mustaqil ekspertlar, siyosatshunos, iqtisodchi, sotsiolog, jurnalistlar, qo‘yingki, keng jamoatchilik fikrini o‘rganishni xohlaydi va buni to‘g‘ri, deb hisoblaydi. Hatto Xitoydek avtoritar mamlakatda ham shunga o‘xshash tajriba yo‘lga qo‘yilgan. XXRda xususiy tahlil markazlari yo‘q, shunga qaramay, siyosiy analitika bozorida yuzlab o‘yinchilar o‘zaro raqobatlashadi. Xitoyshunos mutaxassislardan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi ustida yuzdan ziyod “aql markazi” ishlayotganini eshitib, ochig‘i, yoqa ushlab qolgandim. Tasavvur qiling, yuzta “aql markazi”ning har biri o‘z mahsulotini taqdim etsa, yuz xil ssenariy yuzaga keladi. Davlat rahbariyatida ularni o‘rganish hamda bir-biriga taqqoslash asnosida ehtimolli xatarlarni baholash va bartaraf etish imkoni tug‘iladi. Bu esa ham ichki, ham tashqi siyosatdagi muvaffaqiyat garovidir.

Afsuski, O‘zbekistonda davlat ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan muqobil yechimlar izlash, mazkur jarayonga mustaqil ekspertlarni jalb qilish, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq (masalan, ommaviy axborot vositalari orqali), qizg‘in va konstruktiv muhokamalarni tashkil etish anʼanasi mavjud emas. Hozir ijtimoiy-siyosiy xarakterdagi munozaralar asosan ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan. Ularning tashabbuskori blogerlar bo‘lib qolmoqda. Ammo “post – kommentariy” formatida mavzuni chuqur tahlil qilish imkonsiz. Bunday holat yuzakilikni keltirib chiqaryapti. Muhokamalarning o‘zi esa ko‘proq achavat bozorini eslatmoqda. Jamoatchilik fikrini blogerlar emas, balki bilim doirasi keng professional analitiklar shakllantirishi kerak. Buning uchun mustaqil tadqiqotlarni o‘tkazish va natijalari haqida xalqni muntazam xabardor qilib borish talab qilinadi.

— Ishni shu yo‘sinda tashkil etishga nima xalaqit beryapti? O‘zbekistonda mustaqil analitika segmentining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan qanday muammolar mavjud?

— Birinchi navbatda, byurokratiya. O‘zbekistonda sobiq tuzumdan qolgan sarqit anʼanalar hali ham barham topgani yo‘q. Bu siyosiy analitika bozorida davlat va nodavlat sektori o‘rtasidagi nomutanosiblikda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Xususiy “aql markazlari”ning faoliyatini shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin. Birinchisi – siyosiy analitika, ikkinchisi – tijoriy loyihalar (marketing tadqiqotlari, investitsion sharhlar va h.k.). Tijorat shartnomalari analitik markazlarning yashab qolishiga yordam beryapti. Biroq siyosiy masalalar, aytaylik, mamlakatda korrupsiya yoki so‘z erkinligining holatini aniqlash, mahalliy hokimlik institutini isloh etish, fuqarolik jamiyatining rivojlanish istiqbollari, yoshlar muammolarini o‘rganishga qaratilgan keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazish uchun ular deyarli buyurtma olayotgani yo‘q. Qizig‘i, mazkur yo‘nalishdagi oz sonli loyihalar ham asosan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy jamg‘armalarning grant mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilmoqda. Davlat organlari esa jim. Shu choqqacha hali biron marta hukumatimiz ijtimoiy-siyosiy tadqiqotlar uchun buyurtmalar portfelini shakllantirib, analitik bozor ishtirokchilariga taqdim etganini ko‘rmadim.

— Demak, siyosiy elita mustaqil analitikaga zarurat sezmayapti?

— Ha, asosiy muammo shunda. Qolaversa, davlat boshqaruvi organlari xohlagan taqdirda ham xususiy “aql markazlari” bilan bevosita ishlolmaydi. Sababi vazirlik va idoralar axborot-tahliliy faoliyatni moliyalashtirish manbalariga ega emas. Bordi-yu, qaysidir rahbar mustaqil tadqiqot o‘tkazishga jazm etsa, u darhol byudjet mablag‘larini maqsadsiz sarflaganlikda ayblanadi. Tahlillar nima maqsadda olib borilgani va qanday natijalarga olib kelgani bilan yuqori doiralar qiziqib ham ko‘rmasligi aniq. Bunday byurokratik yondashuv davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar yuzasidan mamlakatdagi real holatni baholash imkonini bermaydi.

Amaldorlarda ham gap ko‘p. Taassufki, ularning aksariyati bugungi kun bilan yashayapti. Shu bois tizimdagi muammolarni chuqur o‘rganish, tahlil etish hamda uzoq istiqbolli rejalar tuzishdan manfaatdor emas. Davlat mulozimlari o‘z idorasidagi uch-to‘rt kishilik axborot-tahlil bo‘limining xulosalari bilan cheklanib qolmoqda. Muqobil fikr, taklif va qarashlarga esa xushi yo‘q. Kattaroq tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, yaqin yoki uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategiya, konsepsiya, “yo‘l xaritasi” va shu kabi dasturiy hujjatlarni tayyorlashga kelganda ko‘pincha xorijiy konsalting kompaniyalari taklif qilinmoqda. Chunki mahalliy analitik markazlarga bepisand munosabatda bo‘lgan, ularning jiddiy va murakkab tahlillarga tishi o‘tmasligini ro‘kach qiladigan rahbarlarimiz talaygina. Aslida bu stereotip, xolos. Axir, katta haq evaziga chet ellik mutaxassislarga qildirilgan tahlillarning hammasi ham talabga javob beradi deyish qiyin. Baʼzilari shunchaki umumiy gap va istaklar jamlanmasidan iborat bo‘lib qolmoqda. Ishonch bilan aytamanki, O‘zbekistondagi xususiy “aql markazlari”ning salohiyati Amerika yoki Yevropa “think tanks”laridan qolishmaydi. Biroq, yana takrorlayman, amalda ular davlatdan buyurtma olish hamda moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda. Shu tufayli aksariyati xorijiy grantlarga “o‘tirib qolgan”. Boshqacha aytganda, hozir mustaqil siyosatshunos-ekspertlarimiz O‘zbekistonning milliy manfaatlari emas, balki donor tashkilotlarning talab-istaklarini qondirish bilan ovora. Aniqrog‘i, shunga majbur bo‘lmoqda. Bu ketishda besh-o‘n yildan so‘ng yurtimizdagi xususiy “aql markazlari” tashqi kuchlar taʼsiriga to‘liq tushib qolmasa edi, deb qo‘rqaman. Zotan, yaqin o‘tmishda xuddi shunday qismat “uchinchi sektor” boshiga ham tushgandi.

— 2005 yil voqealarini nazarda tutyapsizmi?

— Ha. Ukrainani eslang. Mamlakatda “rangli inqilob”ni Yevropa Ittifoqiga qo‘shilamiz, deb Maydanga chiqqan oddiy xalq emas, balki xorijiy fondlar tomonidan parvarishlangan nodavlat notijorat tashkilotlari sodir etgandi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas Andijon voqealariga guvoh bo‘ldik. O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlarining tarkibiy tuzilmasi va moliyalashtirish manbalari zudlik bilan o‘rganib chiqilganda, aksariyati xorijiy tashkilotlarning grant mablag‘lari hisobiga kun ko‘rayotgani ayonlashdi. Shundan keyingina davlat “uchinchi sektor”ni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash zarurligini tushunib yetgan. Natijada Oliy Majlis huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Bu mexanizm qanchalik samarali ishlayotgani – boshqa masala, muhimi, u mavjud.

Endilikda mustaqil “aql markazlari”ga ham maqsadli homiylik ko‘rsatish, ularning sifat jihatdan yuksalishi hamda o‘zini namoyon etishi uchun sharoit yaratish payti keldi. Bu jihatdan yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik palatasidan umidim katta. O‘ylashimcha, mazkur tuzilma siyosiy analitika sohasida jahondagi ilg‘or tajribani o‘rganish hamda qo‘llashda lokomotiv rolini bajarishi darkor.

— Mustaqil ekspert doiralar va davlat tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik qay yo‘sinda olib borilgani maʼqul? Bu borada rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan, qo‘shni respublikalardan o‘rnak oladigan jihatlarimiz bormi?

— Hamdo‘stlik davlatlarining deyarli barchasida ahvol biznikiga o‘xshash. To‘g‘ri, Rossiyada mustaqil “aql markazlari” nisbatan ko‘p, biroq davlat siyosiy qarorlar qabul qilishda ularning pozitsiyasi bilan hisoblashyaptimi – mana bu ochiq savol. Mustaqil analitik tadqiqotlar uchun davlat buyurtmalari portfelini shakllantirish hamda ularni byudjetdan moliyalashtirish tizimini Qozog‘iston o‘n yildan buyon joriy etishga harakat qilmoqda. Jarayon juda sekin va katta qiyinchiliklar bilan amalga oshyapti. Chunki tamomila boshqacha dunyoqarash va siyosiy madaniyatga asoslangan mexanizmni birdaniga ishga tushirib bo‘lmaydi.

Yevropadan andoza olish yo‘lini tanlagan Boltiqbo‘yi mamlakatlarida ham mexanizm hali to‘liq shakllanib ulgurgani yo‘q. Harqalay, men mazkur masalada tayyor shablonlardan foydalanishni tavsiya etmagan bo‘lardim. Har qaysi mamlakat analitik xizmatlar bozorini ichki shart-sharoit, hukumat va jamiyat hamda ikkala tomonni ifoda etuvchi institutlarning o‘zaro dialogga tayyorgarlik darajasidan kelib chiqqan holda rivojlantirgani maʼqul.

Yana bir gap. O‘zbekistonda davlat tasarrufidagi analitik markazlar segmenti ancha yaxshi rivojlangan. Lekin xususiy “thing thanks”lar nihoyatda kam. Ustiga-ustak, aksariyati moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mana shu o‘rinda davlat va mustaqil tadqiqot muassasalari o‘rtasida jiddiy disproporsiya borligini payqash mumkin.

Davlatga qarashli siyosiy tahlil markazlari moddiy-texnik taʼminot, xodimlarga maoshni qayerdan chiqarib berishni o‘ylab bosh qotirmaydi. Chunki tashkiliy masalalarning barchasi muassis zimmasida. Shu bois ular o‘z vazifani bamaylixotir bajara olyapti. Faqat bitta lekini bor. Axborot-tahliliy faoliyat bilan targ‘ibotchilikni bir-biridan farqlash nihoyatda mushkul. Yashirib nima qildik, hukumat qaramog‘idagi “aql markazlari” nafaqat tadqiqotlar, balki davlat siyosati hamda yuqori rahbariyat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning targ‘ibotini ham olib borishga majbur. Buning sira ajablanarli joyi yo‘q, chunki butun dunyoda shunday. Ammo O‘zbekistondagi xususiy “aql markazlari” mustaqil analitika bozori nisbatan rivojlangan mamlakatlardan farqli o‘laroq, davlatning “siyosiy oshxonasi”ga deyarli yo‘latilmaydi.

— Sizningcha, buning sababi nimada? Nega davlat ichki va tashqi siyosiy faoliyat bilan bog‘liq masalalarda xususiy “aql markazlari” kuchiga tayanmayapti?

— O‘ylashimcha, rasmiy doiralarimizga mustaqil analitika kerak emas. Chunki haqiqat yuzaga chiqqach, u bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy jabhada jiddiy tahliliy faoliyat bilan shug‘ullanadigan nufuzli tadqiqot markazlari bor. Shaxsan o‘zim ularning bir nechtasida ishlaganman. Biroq davlatga qarashli “aql markazlari” qanchalik salohiyatli bo‘lmasin, baribir, amaldagi hukumatning tortgan chizig‘idan nariga o‘tolmaydi. Bunday muassasalarning bosh maqsadi davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Xolis, tanqidiy va muqobal fikr bera oladigan mustaqil analitiklarni eshitish ko‘nikmasi esa siyosiy elitamizda hali shakllanmagan. Shu bois mamlakat hayotiga daxldor muhim qarorlar ko‘pincha yopiq rejimda qabul qilinmoqda. Jamoatchilik ular haqida masalaga oxirgi nuqta qo‘yib bo‘lingandan keyingina xabar topyapti.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasining parlamentdagi muhokamasini olaylik. Deputatlar milliy manfaatlarimizga bevosita daxldor bo‘lgan bu mavzuni negadir xalq bilan ochiq muhokama qilishni istamadi. Mustaqil ekspertlar fikrini ham birov eshitgani yo‘q. YEOIIning O‘zbekiston uchun foyda-ziyonlari haqida parlament ikkita xorijiy konsalting kompaniyasining maslahatiga tayanib xulosa chiqargani g‘oyat ajablanarlidir.

Boshqa bir misol. O‘zbekiston to‘rt tomoni quruqlik bilan o‘ralgan mamlakat. Dengiz yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatimiz yo‘q. Shu sababli bizga ishonchli va qulay transport koridorlari nihoyatda zarur. Hozir O‘zbekiston bir qancha yirik logistik loyihalarda ishtirok etmoqda. Har birining qiymati ko‘p milliard dollarga teng. Biroq loaqal birontasi bo‘yicha jamoatchilikdan fikr yoki taklif so‘ralgan emas. Bu borada shaffoflikni ko‘rmayapmiz. Xususan, yaqinda qurilishiga start berilgan Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘lining yorqin istiqbollari to‘g‘risida rasmiylar og‘iz ko‘pirtirib gapirmoqda. Vaholanki, markazimiz mazkur masalani jiddiy o‘rganib chiqdi. Ochig‘ini aytaman, loyiha jozibador ko‘ringani bilan, uning bahslashadigan jihatlari ko‘p.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi temir yo‘l orqali yuk olib o‘tish Bandar-Abbos porti (Eron)ga eltuvchi transafg‘on koridoridan foydalanganga qaraganda ikki baravar arzonga tushadi. Lekin bu kulguli holat. Sababi faqat masofani o‘lchash bilan ish bitmaydi. Xavfsizlik masalasini ham o‘ylash kerak. Bir qator logistik kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldim. Ular Afg‘onistonning notinch hududlari orqali yuk tashishdek ulkan riskni bo‘yniga olmasligini aytmoqda. Boz ustiga, istalgan sug‘urta kompaniyasi bunday xavfli yo‘nalishga otning kallasidek narx chiqarib berishi aniq. Shu bois tariflar ikki baravar arzonlashadimi yo‘qmi hali nomaʼlum. Qolaversa Pokistongacha temir yo‘l endi quriladi. Eronning Chabahar portigacha tortilgan temir yo‘lidan esa allaqachon yuk tashuvlari amalga oshirilmoqda. Demak, real raqamlar bilan istiqbolli ko‘rsatkichlarni bir-biri bilan chog‘ishtirish kamida noprofessional yondashuv hisoblanadi.

— O‘zbekistonda mustaqil siyosiy analitikaning istiqbolini qanday ko‘ryapsiz?

— Menimcha, vaziyat asta-sekin ijobiy tomonga o‘zgaradi. Lekin tezkor yechimlarni kutish befoyda. O‘tgan yili Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashkilotlarining xususiy “aql markazlari” bilan uzviy hamkorligini taʼminlash, analitik faoliyatni kuchaytirish hamda sohada munosib kadrlarni tarbiyalash xususida gapirgandi. Demak, muammo pishib yetilganini rahbariyatning o‘zi ham tushunib turibdi. Endi amaliy ishlarga o‘tish kerak. Bu yo‘ldagi dastlabki qadam davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqot mexanizmini yaratish bo‘lsa, ajab emas. O‘ylaymanki, keyingi yillarda ijro hokimiyati organlari, parlament va boshqa mutasaddi idoralarning mustaqil analitikaga talabi ortib boradi. Harqalay, shunday bo‘lishini juda xohlardim.

Muallif: Nargiza Umarova