O‘zbekiston tashqi qarzi shiddatli tarzda o‘smoqda

2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i (davlat qarzi) 23,3 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 40,4 foizni tashkil etmoqda, deb maʼlumot bermoqda bankiroff telegram kanali.

Bu yangi davr boshlangan 2016 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p demakdir.

Jami davlat tashqi qarzining 53 foizdan ortig‘i neft va gaz (2,6 mlrd. dollar), elektr energetikasi (2,9 mlrd. dollar), transport (2,4 mlrd. dollar), kommunal soha (2,3 mlrd. dollar) va qishloq xo‘jaligiga (2,2 mlrd. dollar) jalb qilingan.

Eʼtiborlisi, O‘zbekistonda  borgan sari abgorlashib borayotgan sohalarning yetakchilari aynan sanalganlar ekanidan hech ham taajublanmaslik kerak. Lekin, biron bir oddiy fuqaro bu sohalardagi o‘zgarishlardan (islohot deyishga til bormaydi) rozi bo‘larmikan? Vaholanki olinayotgan qarzlarning eng katta qismi shu sohalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish miqdori ham yildan-yilga ortmoqda. Xususan, o‘tgan 2020 yilda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1,8 mlrd. dollardan oshgan.

Maʼlumot uchun, 2021 yilda O‘zbekiston 5,5 mlrd.dollargacha davlat qarzini jalb qilmoqchi.

Hisobot xususiy deb ataladigan tashqi qarz hajmini inobatga olmagan. Garchi xususiy deb nomlansada,  O‘zbekiston misolida ushbu qarzlar ham davlat banklari va kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Solishtirish uchun: O‘zbekistonda 2016 yilda 82 mlrd. dollarlik YAIMga 9,5 mlrd.dollar qarz bo‘lgan. 2020 yilda 58 mlrd.dollarlik YAIMga 23,3 mlrd.dollar qarz bor. Albatta bu joriy narxlarda. Lekin baribiram juda yomon tendensiya.

Boshqacha aytganda, joriy narxlarda YAIM kamayib borishi fonida tashqi qarz ortib bormoqda. Agar xususiy deyilayotgan, lekin aslida davlat kompaniyalari va banklari qarzi bo‘lgan qarzdorlik qo‘shilsa 2020 yildayoq tashqi qarzning YAIMga nisbati 60% foizga yaqinlashadi.

Bu yilgi jalb qilish miqdori 5,5 mlrd. ekanligi va davlat kompaniyalari ham qarz jamg‘arishni davom etishi inobatga olinsa, jami tashqi qarzdorlik 40 mlrd. dollardan ortib ketadi. YAIM esa joriy narxlarda 60 mlrd. dollardan ko‘p bo‘lishi qiyin.

Bu jami tashqi qarzdorlikning YAIMga nisbati 2021 yil oxiriga borib 65%dan ortib ketadi deganidir.