YUNISEF, Yoshlar ittifoqi hamda “Yuksalish” umumilliy harakati tomonidan “O‘zbekiston yoshlari: muammo va istiqbollar”tadqiqot olib borilgan unga ko‘ra: Uyushmagan yoshlar (ayniqsa, ayollar orasida) o‘tkazilgan tadqiqotda, 19 – 30 yoshli respondentlarning 54,6 foizi hech qayerda o‘qimasligi va ishlamasligini aytgan. Yaʼni ular mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa olmayapti. Chunki hozirgi sharoitda ish beruvchi uchun qo‘lida diplomi bor mutaxassisdan ko‘ra, yumshoq ko‘nikmalarga ega kadr qadrliroqdir. Menimcha, taʼlimdagi mana shu bo‘shliqni zudlik bilan to‘ldirish kerak. Aks holda, yoshlar orasida o‘z kelajagiga shubha bilan qarash tendensiyasi kuchayib boradi.
Davlat hamda xususiy sektorda munosib ish topishiga ko‘zi yetmagani bois, aksariyat yoshlar shaxsiy biznesini ochishga qiziqish bildirmoqda. Biroq yana o‘sha gap — bunga ularning uquvi yo‘q. Na maktab, na universitetda, deylik, kredit olish tartibi, bozor konyukturasi yoki mijozlarni jalb qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi.
Yoshlarni qiynayotgan yana bir muammo taʼlimning chiqimdorligi bilan bog‘liq. So‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati o‘qish xarajatlari (repetitor xizmati, sessiyani pora bilan yopish, kontrakt to‘lovi) ularni stress va ilojsizlik holatiga solib qo‘yayotganini aytgan.
Bir oilaning repetitor uchun oylik xarajati baʼzan 30 (AQSh) dollardan oshadi. Shu nuqtai nazardan, respondentlar maktabdan tashqari fan to‘garaklarini ko‘paytirish istagini bildirgan. Qolaversa, yoshlar o‘qishga kirish hamda ishga joylashishda pul va tanish-bilishchilik muhim rol o‘ynashini inkor etmadi. Demak, bugungi kunda ularning oliy o‘quv yurtiga qabul hamda taʼlim jarayonlari adolatli o‘tishiga ehtiyoji nihoyatda band.
Ayrim respondentlar taʼlimdagi muvaffaqiyat insonning o‘ziga bog‘liq ekanini aytsa, qolgan salmoqli qismi o‘qituvchini asosiy motivator, deb hisoblaydi. Afsuski, bolada oliy maʼlumotli mutaxassis bo‘lish ishtiyoqini so‘ndirayotgan malakasiz pedagoglar ham uchrab turibdi.
O‘zbekistonda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 25 foizga teng. Qabul parametrlari 2016 yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sdi. Shunga qaramay, bu mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda (vaholanki, aholi soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda!). Hatto bizdan uncha uzoq bo‘lmagan Turkiya va Rossiyada qamrov ko‘rsatkichi 40-50 foizga yetgan. Rauf Saloxo‘jayevning so‘zlariga qaraganda, yurtimizda ko‘pgina yoshlar oliy taʼlim olish imkoniyatidan mahrum bo‘layotgani davlat tomonidan jiddiy eʼtibor qaratilishi zarur bo‘lgan fundamental muammo hisoblanadi. O‘z navbatida, mazkur holat 30 yildan buyon amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining nuqsonlarini ham ochib bergan.
Mana bu raqamlarga izoh shart emas. Tadqiqotdan maʼlum bo‘lishicha, oliy o‘quv yurtlariga kirayotgan shaharlik yoshlar qishloqdagi tengdoshlariga qaraganda ikki hissa ko‘p. Oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida xotin-qizlar ulushi 37 foizga teng. Daromadi past toifaga mansub 25 – 30 yoshdagi respondentlarning atigi 3 foizi oliy maʼlumotli. Zotan, daromadi yuqori toifadagilarda bu ko‘rsatkich 23 foizni tashkil qilmoqda.
Kasbiy tanlov hamda iqtisodiy imkoniyatlar
O‘qishni bitirgach uyda o‘tirib qolayotgan yoshlar orasida ayollar salmog‘i ancha yuqori – 51 foiz. 18 yoshdan keyin mazkur ko‘rsatkich yana-da ortib, 74 foizga yetmoqda. Buning sababini qizlar oila yumushlari hamda daromad topish uchun boshqa joyga ko‘chib o‘tish imkoniyatining cheklangani bilan izohladi.
Qishloq yoshlari shaharliklarga qaraganda olim taʼlim muassasalariga kamroq kiradi, shu bois, ularda tadbirkorlikka qiziqish yuqori. Ishlayotgan respondentlarning 35,7 foizi xususiy sektorda band. Davlat idoralarida faoliyat ko‘rsatayotganlar ham taxminan shuncha.
O‘zbekistonda startap loyihalarga asosan qishloq yoshlari qo‘l urmoqda. 17,5 foiz respondent shuning orqasidan shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yganini qayd etgan.
Ayollar asosan sog‘liqni saqlash, taʼlim va qayta ishlash sanoatida band. Erkaklar orasida nisabatan omallashgan kasblar quruvchilik va fermerlik hisoblanadi.
Eʼtiborlisi, yoshlar ishlashni xohlagan va real ishlayotgan sohalar o‘rtasidagi tafovut juda katta. Respondentlarning 28,7 foizi taʼlim, 26,3 foizi ilm-fan, 22,9 foizi tibbiyot, 21,7 foizi biznes va menedjmentga qiziqishini aytgan. Amalda esa qurilish obyektlari (14,4%), qayta ishlash sanoati (10,6%), dehqon va fermer xo‘jaliklarida (9,8%) mehnat qilmoqda.