Baqir-chaqir qilishdan balki, tahlilga o‘tish kerakdur?

Bundan uch-to‘rt yil oldin o‘zbek mediasi, blogerlar, ijtimoiy tarmoqdagi faollar biroz jonlanib, ruhlanib, erkinroq gapirishni boshlagandi. Tanqidlar, muhokamalar avj olgandi. Turli-tuman gap-so‘zlarni, bayonotlarni, “qovun”larni muhokama qilish, masxara qilish, ular yuzasidan mem yasash avj olgandi.

Afsuski, o‘zbek ijtimoiy tarmoqlari, mediasi, blogosferasi ana shu darajada qolib ketdi. Haligacha “qachongacha bu adolatsizlik?!” deb baqir-chaqir qilish, “qovun”larni masxara qilish zamonaviylik, ilg‘orlik, tanqid qila olish qobiliyati hisoblanadi. Shaxsan mening bu holatdan qattiq hafsalam pir bo‘lgan: boshidagi g‘ala-g‘ovur, baqir-chaqirlardan so‘ng sifat o‘sishi ro‘y beradi, ekspertlar paydo bo‘ladi, tahlil ko‘payadi, ijtimoiy tarmoq faollari-yu blogerlar yuzaki masalalardan chuqur sabablarga ko‘chadi deb umid qilgandim. Lekin bunday bo‘lmadi. Bugun o‘zbek mediasida men kuzatayotgan vaziyat: hokimiyat vakili og‘ziga kelgan gapni gapiradi, jamoatchilik baqir-chaqir ko‘taradi, amaldor uzr so‘rab qo‘yib, yoki oddiy ignor yo‘li bilan bu ko‘ngilsizlikdan o‘tib ketadi, hech qanday natija bo‘lmaydi, hech qanday chora bo‘lmaydi. Chuqurroq tahlil, sabablar analizi, o‘zaro muloqot ham bo‘lmaydi.

Undanam xunukroq vaziyat – amaldor hatto to‘g‘ri gap gapirsa ham, odamlar “tanqid qilish kerak ekan, qovun tushiribdi” deb, tushunmagan narsasining ustidan kulib o‘tirishi.

Buni eslab qolganimga sabab qulog‘imga chalingan baʼzi yangiliklar bo‘ldi. Aslida allaqachon o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarini, media va kanallarini kuzatmay qo‘yganman. Lekin to‘liq bexabar ham qolmayman, tabiiyki.

Sodiq Safoyevning xalq qo‘lidagi 10 mlrd dollar pul haqidagi bayonoti ustidan kulayotgan aslida o‘zlarini kulgiga qo‘yapti deb o‘ylayman. Men iqtisodiyotchi emasman, lekin 10 mlrd dollar 34 mln kishiga taqsimlanganda uncha katta pul bo‘lmasligini anglash uchun chuqur iqtisodiy bilim talab etilmaydi.

Alohida olingan inson ham, butun jamiyat ham hamisha o‘z ustida ishlashi va o‘sib borishi lozim. Bir darajada qolib ketish aslida orqaga ketishdir. To‘rt yil oldin dadil, asosli tuyulgan keskin tanqidlar bugun arzon piarga, bilimsizlikka, chorasizlikka o‘xshab eshitilyapti. Bundan ko‘rinib turibdiki, muhokama borligining o‘ziyoq saviya o‘sishiga olib kelmas ekan. Buning uchun fan va taʼlim rivojlanishi lozim.