AQSh va Xitoyning Markaziy Osiyo uchun tayyorlagan “yumshoq kuchlar” strategiyasi

Bir oz avval “AQSh Pekin bilan global kurashda yangi “yumshoq kuch” strategiyasini qo‘llashni rejalashtirmoqda” deb nomlangan material eʼlon qilgan edik. Ko‘p o‘tmasdan “Markaziy Osiyo Xitoy nigohida” deb nomlangan materialda Xitoy Markaziy Osiyodagi ilm-fan yo‘nalishi bo‘yicha olib borayotgan izlanishlari ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan  tadbirlar borasida maqola eʼlon qilindi. Mazkur materialni eʼtiboringizga havola etamiz:

 Xitoyda Markaziy Osiyo qay tarzda o‘rganilmoqda? Mintaqaga oid tadqiqotlar mustaqil respublikalar tashkil topishidan ancha oldin boshlangan edi.

Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish yo‘lida turgan oyoqqa turish, yutuqlar va muammolar bosqichlari XXR Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanchjining “Xitoydagi Markaziy Osiyo tadqiqotlarining 70 yilligi: yutuqlar va muammolar” deb nomlangan maqolasida 中国中亚研究70:成就与问题yaqqol ko‘rsatib berilgan.

Ushbu maqolaning qisqartirilgan tarjimasi (rus tilida) CAAN nashrida eʼlon qilingan, quyida uning o‘zbek tiliga tarjimasini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Xalqaro siyosatda “Markaziy Osiyo mintaqasi” tushunchasi XIX asrda paydo bo‘lgan, biroq uning jug‘rofiy qamrovi nisbatan dudmalligicha qolib kelmoqda. Sovet davrida “Markaziy Osiyo” (O‘rta Osiyo) maʼmuriy bo‘linmasi 4 ta respublikani (O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) ichiga olar, ular qatoriga Qozog‘iston kirmas edi. 1991 yildan boshlab Markaziy Osiyo mintaqaning 5 ta mamlakatini o‘z ichiga oladigan bo‘ldi.

Shinjon muxtor tumaniga yaqinligi sababli Xitoyning mintaqaga oid tadqiqotlari nisbatan erta boshlanganiga qaramay, Markaziy Osiyo bo‘yicha chin maʼnodagi tizimli va keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar so‘nggi 30 yilda o‘tkazildi.

Ayrim Xitoy tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari Markaziy Osiyo muammolarini o‘rganishga ixtisoslashgan institutlar tashkil qildi va ularning nisbatan barqaror tadqiqotchilar guruhi mavjud. Markaziy Osiyo va har bir mamlakatga bag‘ishlangan alohida tadqiqotlar tobora teranlashib bormoqda, ular natijalari, asosan, barcha sohalar va yo‘nalashlarni qamrab olmoqda.

Dastlabki bosqich

1949 yilda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilgandan so‘ng Sovet-Xitoy munosabatlari 10 yil davomida “asal oyi davri”ni boshidan kechirdi. Xitoyning Sovet Ittifoqiga nisbatan ichki propagandasi – targ‘iboti va turli sohalardagi muloqotlari nisbatan qalin bo‘ldi. Keyinchalik ushbu munosabatlar yomonlashib, ikki tomon o‘rtasidagi chegara hududida ro‘y bergan tanglik sabab uzilib qoldi. O‘sha paytda Sovet Ittifoqiga oid ichki tadqiqotlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagan edi. Bunday ahvol islohot va ochiqlik davriga qadar saqlanib qoldi.

1980-yillarga kelib, Sovet-Xitoy munosabatlari iliqlashuvi munosabati bilan xitoylik olimlar sho‘rolar tarixi, etnik masalalar va iqtisodiy muammolar, jumladan, Xitoyga yondosh mintaqalardagi asosiy sharoitlarni o‘rganishga ko‘proq ahamiyat bera boshladi.

Shinjon ijtimoiy fanlar akademiyasining 1980 yilda asos solingan Markaziy Osiyo instituti juda salmoqli o‘ringa ega. Uning tarkibida mintaqa tarixi, madaniyati, milliy tili va boshqalar bo‘yicha bir qancha ekspertlar bor. Institutda Markaziy Osiyo bo‘yicha “Markaziy Osiyoning sovet tadqiqotlari” degan ilk davriy nashr chop qilinib tarqatilgan edi; 1983 yilda nashrning nomi “Markaziy Osiyo tadqiqot materiallari” deb o‘zgartirildi, 1986 yili esa “Markaziy Osiyo tadqiqotlari” deb yana bir marta o‘zgartirildi, uni chop qilish 1998 yilda to‘xtab qoldi. Nashrning Markaziy Osiyo mintaqaviy siyosatiga oid 60 ta soni chop etildi. Garchi ularning aksariyati Shinjonga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoni o‘rganish uchun asos bo‘lib ham xizmat qiladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari 1991 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritishi bilanoq Shinjon ijtimoiy fanlar akademiyasining Markaziy Osiyo instituti o‘sha yig‘ilgan maʼlumotlarga tayangan holda, “Markaziy Osiyodagi to‘rtta mamlakatning umumiy ahvoli” va “Qozog‘iston Respublikasining umumiy ahvoli” kitoblarini, keyinchalik esa 2 ta kitobni birlashtirib, “Markaziy Osiyoning beshta mamlakatiga umumiy nazar” nomi bilan chop qildi. Unga o‘sha paytda institut direktori bo‘lgan tadqiqot Van Pey bosh muharrirlik qilgan edi.

1980-yillarda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi, ko‘plab kollejlar va universitetlar Sovet Ittifoqi muammolarini faol o‘rgangan edi. Ular orasida tarix va etnik mansublikni, shuningdek, Markaziy Osiyoga ham taalluqli bo‘lgan iqtisodiy va savdo-sotiq masalalarini o‘rganish bor edi, lekin ular tadqiqotchilarning diqqat markazida turgan edi, deb aytish qiyin. Faqat Markaziy Osiyo mamlakatlari 1991 yilda mutaqillikka erishgandan so‘ng xitoylik olimlar ushbu mintaqani xalqaro muammolar nuqtai nazaridan o‘rganishga kirishdi. Shu paytdan boshlab ilmiy maqolalar va monografiyalar chop qilina, seminarlar o‘tkazila boshladi hamda Xitoyda asta-sekin Markaziy Osiyo bo‘yicha nufuzli espertlar guruhi paydo bo‘ldi.

1992 yilda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Sovet va Sharqiy Yevropa instituti Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti deb o‘zgartirilgandan so‘ng tashkil etilgan Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi shunday obro‘li tuzilmalardan biriga aylandi.

1990-yillarda Markaziy Osiyoni tadqiq qilish nisbatan yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu Sovet Ittifoqi muammolarini o‘rganish va dastlabki bosqichda ko‘plab ekspertlarning rus tilini bilishi bilan bog‘liq edi. Markaziy Osiyo bo‘yicha eng birinchi mutaxassislar, asosan, Sovet Ittifoqining muayyan sohasi bo‘yicha shug‘ulanib kelgan olimlar edi. Ular Markaziy Osiyoda yangi mamlakatlar paydo bo‘lganini va ularning vujudga kelishini turli nuqtai nazarlardan talqin qilar edi. Tez orada Markaziy Osiyo bag‘ishlangan monografiyalar turkumi eʼlon qilindi, chop etilgan ilmiy maqolalarning qamrovi juda keng bo‘ldi. Hujjatlar sifatida, asosan, Rossiyada chop qilinayotgan materiallar, jumladan, Markaziy Osiyodagi rus tilidagi gazetalar va davriy nashrlar, shuningdek, rus olimlarining asarlaridan foydalanilar edi. O‘sha paytda ilmiy doiralar asosiy eʼtiborini Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyat rivojiga qaratgan va har tomonlama tadqiqotlar o‘tkazib, o‘quvchilarni Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy sharoiti va tarixi bilan tanishtirish uchun bir qancha monografiyalar chop qilgan edi. Albatta, ushbu tadqiqotlar natijalari jamiyatning barcha qatlamlariga mansub kishilarga Markaziy Osiyoni tushunish va u bilan tanishish imkonini berish barobarida Xitoy tahlilshunosligida Markaziy Osiyo muammolarini o‘rganish uchun tayanch fanlar asosini ham yaratib berdi.

Tadqiqotlar haqidagi dastlabki maqolalar va hisobotlarda vaziyat tahlili, jumladan, mintaqaviy va milliy vaziyat, siyosiy va iqtisodiy voqealarga umumiy ko‘zqarash bor edi. Ularning aksariyati Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir tuzumdan boshqasiga o‘tish davri mobaynida yuz bergan ziddiyatlar va muammolar, Markaziy Osiyodagi etnik muammolarni tushunish haqida edi. Xitoy bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar alohida olib qaralgan. O‘sha davrda Shinjon olimlarini, asosan, Markaziy Osiyodagi “panislomiy va panturkiy” masalalar xavotirga solayotgan edi.

Markaziy Osiyoga oid tadqiqotlar chuqurlashib borgani sari tadqiqot obyektlari shartli tarzda ikki toifaga bo‘lindi: mintaqalar va mamlakatlar. Birinchi toifaga ko‘ra, Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakati umumiy tarzda ko‘rib chiqiladi hamda butun mintaqaning rivojlanish tamoyillari, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar va tashqi aloqalarga eʼtibor qaratiladi. Ikkinchi toifada muayyan mamlakatlar uchun Xitoyning siyosati va turli sohalardagi holati tahlil qilinadi. Markaziy Osiyo tadqiqotlari mohiyat nuqtai nazaridan, asosan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, tashqi siyosat, gumanitar fanlar va boshqa sohalarni qamrab oladi.

Ilmiy-tadqiqot institutlari va ko‘plab universitetlar ham fan sohalarini belgilab olish va isteʼdodlilarni o‘qitishga eʼtibor qarata boshladi. Masalan, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutining Markaziy Osiyo bo‘limi (keyinchalik Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti – RSHEMOI deb o‘zgartirildi) dastlab o‘quv fanlarining “maqsadli boshqaruv” bo‘linmasi sifatida tashkil etilgan edi.

Shinjon ijtimoiy fanlar akademiyasining Markaziy Osiyo tadqiqotlari ushbu ilm dargohining 4 ta asosiy yo‘nalishidan biriga aylandi. Markaziy Osiyo muammolarini tadqiq qilishda mashhur olimlar ishtirok etdi.

1990-yillarda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi, Lanchjou universiteti va Millatlar masalalarini o‘rganuvchi markaziy universitet Markaziy Osiyo muammolari bo‘yicha doktorantlar va magistrantlarni tayyorlashga kirishdi. Markaziy Osiyo bo‘yicha ko‘p sonli dissertatsiyalar ham Markaziy Osiyo bo‘yicha ilmning yangi asrda ushbu mintaqa uchun muammoli bo‘lgan zaif joylarini to‘ldira boshladi.

Markaziy Osiyo tadqiqotlarining chuqurlashuvi va olg‘a siljishi

Xitoy bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlar hukm surayotgan paytda yangi asrga qadam qo‘ygan Markaziy Osiyo tadqiqotlari chuqurlashishda davom etdi va tadqiqotlarning barcha jihatlari ijobiy natijalar bera boshladi. Obro‘li tadqiqot institutlari bir qancha ilmiy ishlar va maʼlumotnomalar eʼlon qilib, o‘z jamoalarining kuchli taraflarini namoyish etdi. Shu tariqa tadqiqotlarning umumiy darajasi oshganini aks ettiruvchi ko‘plab reprezentativ – tamsiliy natijalar paydo bo‘ldi.

Xitoylik olimlar taʼkidlashicha, boshlang‘ich taraqqiyot nuqtasi va madaniy anʼanalari o‘xshash bo‘lgan Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakati oradan o‘tgan necha o‘n yillik mustaqillik davrida bir-biridan uzoqlashdi. Alohida milliy o‘ziga xosliklar tobora ko‘proq individuallashdi, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarda tafovutlar vujudga keldi. Diplomatiya va xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda asta-sekin ijtimoiy, iqtisodiy va demografik siyosatni o‘rganish darajasi oshdi, yana turli mamlakatlarning siyosiy tizimi, jumladan, prezidentlik va parlament boshqaruvi tizimlarining solishtirma tadqiqotlari o‘tkazildi. Shu tariqa, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ular mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘tkazilgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarga oid o‘z xulosalarimizni teranroq darajada chiqarishimiz mumkin.

2001 yilda Shanhay hamkorlik tashkiloti tashkil etilishi olimlarga mintaqadagi vaziyat bilan bog‘liq o‘zgarishlar hamda Xitoy bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlik haqida ko‘proq maʼlumot olish imkonini berdi.

2011 yildan so‘ng Xitoy olimlari Markaziy Osiyo muammolarini har tomonlama tadqiq qilishga o‘tdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar mustahkamlanayotgani va o‘zaro safarlar ko‘payib borayotgani uchun ko‘plab yondashuvlar tekshirib ko‘rilishi mumkin, shu yo‘l bilan Markaziy Osiyoga nisbatan qarashlar haqqoniy bo‘lishiga erishiladi.

2013 yilda Qozog‘istonda Xitoy prezidenti Si Szinpinning “Ipak yo‘li iqtisodiy kamarini yaratish” bo‘yicha tashabbusi eʼlon qilingandan so‘ng Xitoyda “Makon va yo‘l” borasidagi tadqiqotlar shiddati ko‘p jihatdan Markaziy Osiyo muammolarini o‘rganishga esh bo‘ldi va tadqiqotlar istiqbolini boyitdi. Turli tadqiqot institutlari va universitetlarning investitsiyalari, oliymaqom forumlar va seminarlar soni ortdi. Ularda qatnashishga Markaziy Osiyo bo‘yicha mashhur tahlil markazlari ekspertlari taklif etilmoqda, ularda tadqiqot sohasidagi yutuqlarini taqdim etmoqda. Ayni paytda tadqiqot usullarini rang-baranglashtirish, tarmoq axboroti tadqiqotchilarga birinchi qo‘ldan chet tillarda axborot olish, shu yo‘l bilan tadqiqotlarga ketadigan vaqtni qisqartirish va natijalar qamrovini kengaytirish imkonini bermoqda.

Taʼkidlash joizki, 2001 yildan beri Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqadagi tadqiqot natijalarining professional darajasini aks ettiruvchi mavzuli va dolzarb masalalar yuzasidan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib bormoqda. Masalan, siyosiy vaziyat tadqiqotlariga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakatidagi siyosiy taraqqiyot va institutsional o‘zgarishlarga oid tavsifnomalar o‘zaro taqqoslanib, tizimlashtirilmoqda. Qayd etilishicha, “Nazorat ostidagi demokratlashtirish Markaziy Osiyoning muayyan tarixiy sharoitlarida shakllanayotgan demokratlashtirish yo‘lidir, uning oyoqqa turishi va rivojlanishini Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va xalqaro unsurlaridan ajratib bo‘lmaydi”. Ayrim xitoylik olimlar fikricha, “Markaziy Osiyo mamlakatlarida siyosiy demokratiya masalasi ziddiyatli nazariy masala bo‘lishi bilan birga murakkab va dolzarb masala hamdir. Yana olimlar Markaziy Osiyoning 5 ta davlati o‘rtasida siyosiy tafovutlar borligini ham taʼkidlaydi: “Markaziy Osiyodagi 5 ta mamlakatning siyosiy tizimlari o‘rtasida uzilish paydo bo‘ldi. Ularning ayrimlari vaziyat bosimi bilan bog‘liq, boshqalari esa oldindan rejalashtirilgan edi”. Xitoyning Milliy bilimlar bazasidagi Markaziy Osiyoning siyosiy masalalar, etnik va diniy ziddiyatlar bo‘yicha 1991 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxatidan jurnallardagi 256 ta ilmiy maqola, shuningdek, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini topish mumkin, ularning aksariyati 2001 yildan so‘ng eʼlon qilingan.

Markaziy Osiyo tadqiqotlariga qiziqish mintaqadagi vaziyat o‘zgarishi bilan bevosita bog‘liq.

Birinchidan, 1990-yillar oxirida ekstremizm va terrorizmning Markaziy Osiyoga taʼsiri Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi va “Tolibon” harakatining maydonga chiqishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan edi. O‘sha davrda tadqiqot natijalari Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalalarini o‘rganishga yo‘naltirildi. Xitoylik tadqiqotchilar taʼkidlashicha, geosiyosiy o‘zgarishlar sabab Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakatida milliy masala transmilliy xarakterga ega bo‘lib qoldi. Etnik va diniy omillarni omuxta qilish, ultramillatchilik g‘oyasiga xizmat qilish uchun dindan foydalanish etnik munosabatlarga taʼsir ko‘rsatuvchi omil bo‘ladi hamda milliy iqtisodiy tiklanishni cheklaydi va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid qiladi. Yana islomiy “Ozodlik partiyasi”ning mintaqaga kirib kelishi va Markaziy Osiyodagi terrorchilik faoliyatining xalqaro konteksti singari tashqi omillar ham chuqur o‘rganildi.

Ikkinchidan, 2005 yilda Qirg‘izistonda ro‘y bergan “rangli inqilob” olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadqiqotchilar Qirg‘izistondagi g‘alayonlarni Gruziya bilan Ukrainadagi rejimlar almashuvi bilan taqqosladi, uning sabablari, jarayoni va oqibatlarini tahlil qildi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘ziga xos jihatlari haqidagi xulosa va mulohazalarini bildirdi. O‘sha davrda ko‘plab xitoylik olimlar Markaziy Osiyodagi “avtoritar siyosat”ning institutsional nuqsonlarini, shuningdek, bunday siyosatning siyosiy va ijtimoiy xatarlarini o‘rgana boshladi. Ayrim olimlar qayd etishicha, avtoritarizm Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘tish davrida shakllangan demokratik model bo‘lgan. Qoloq va barqaror iqtisodiy sharoitlar, millatchilikning avj olishi, elitalarning qonuniyligi mavjudligi, anʼanaviy siyosiy madaniyat merosi, fuqarolik jamiyati zaifligi va demokratik institutlarning qattiq cheklovlari Markaziy Osiyo mamlakatlarida demokratik o‘zgarishlar taraqqiyoti yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib turibdi, ayni choqda barcha mamlakatlardagi “avtoritar siyosat”ning o‘ziga xos belgilari barchaga maʼlum. Xulosa qilib aytish mumkinki, ayrim mamlakatlardagi ulkan voqealar katta qiziqish uyg‘otdi va Markaziy Osiyoni o‘rganishga yordam berdi.

Uchinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlab tayyorlangan tadqiqotlar erishilgan natijalarni umumlashtirish va tahlil qilishga yo‘naltirilgan edi. Ular juda ko‘p sohalarni qamrab oladi va yuksak tadqiqot qiymatiga ega.

To‘rtinchidan, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlariga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda yirik davlatlarning mintaqadagi o‘yinlari ham tadqiq qilingan. Yirik davlatlarning Markaziy Osiyodagi o‘yinlari ham tadqiqotlarning dolzarb mavzusidir.

“Ipak yo‘lining iqtisodiy kamari” tashabbusi ilgari surilgandan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlikka katta qiziqish bildirdi. Olimlar yana Markaziy Osiyoning “Makon va yo‘l” qurilishiga qo‘shayotgan noyob hissasini har tomonlama muhokama qilmoqda.

Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchilar Xitoyda duch kelayotgan muammolar va qiyinchiliklar

Muallif taʼkidlayotganiday, Markaziy Osiyo tadqiqotlari Xitoyda ham, chet ellarda ham rivojlanayotgan ilm yo‘nalishidir. Qisqa vaqt mobaynida ancha-muncha olg‘a siljishga erishildi, tadqiqotlar barqarorligini taʼminlash yo‘lida ko‘p ter to‘kildi. Masalan, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi tadqiqotchilari tayyorlagan “Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyoti xususidagi hisobot”ni olaylik, u 2011 yildan beri har yili chop etilib kelmoqda. Ayni hisobotda Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanishi natijalari haqqoniy yoritilmoqda. Biroq ko‘pincha material yig‘ish jarayonida qiyinchiliklar tug‘ilmoqda va ekspertlarni tanlash imkoniyati cheklangan. Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakatida vaziyat tez rivojlanib va o‘zgarib borayotgani va mamlakatdagi tadqiqot bazasi nisbatan zaifligi sababli, umuman olganda, xalqaro siyosat sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish muhim tadqiqot yo‘nalishi hisoblanmaydi. Tadqiqot natijalari ham, tadqiqot guruhlari miqyosi ham hali rivojlanishni taqozo qiladi. “Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoga daxldor ko‘plab masalalar tadqiq qilish uchun yetarli darajada teran va asosli emas. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo muammolarini o‘rganayotgan xitoylik olimlar miqyosi kengroq dolzarb voqealar taʼsiri sababli aksariyat hollarda kattaroq muammolar tahliliga qo‘l urmoqda, shuning uchun u yoki bu masalani sinchiklab o‘rganish hollari kamayib bormoqda”. Ayni kontekstda Markaziy Osiyo muammolarii o‘rganishning ilmiy tuzilmasini va tadqiqotlar yo‘nalishini tegishli tartibda tuzatish zarur bo‘ladi.

Birinchidan, muallif fikricha, tadqiqotlarning mazmuni nisbatan bir xil. Olimlar Markaziy Osiyodagi siyosiy masalalar, xavfsizlik va diplomatiya masalalariga, ayniqsa, Xitoy bilan munosabatlarga hamda Markaziy Osiyoda yirik davlatlarning raqobati va hamkorligiga ko‘proq eʼtibor qaratgan. Markaziy Osiyo mamlakatlarida eʼlon qilinayotgan maʼlumotlar to‘liq bo‘lmagani uchun, shuningdek, joyiga chiqib, tadqiqot o‘tkazish va maʼlumot yig‘ish bilan bog‘liq qiyinchiliklar borligi sababli ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyot va tarixiy-madaniy anʼanalar singari chuqur ildiz otgan masalalarga kam eʼtibor qaratilmoqda.

Ikkinchidan, Markaziy Osiyo tadqiqotlari ilm tizimini tuzishda nisbatan bo‘ysunuvchi holatga ega. Markaziy Osiyo tashqi kuchlarning qattiq taʼsirida ekani sababli, yirik davlatlar omili shunday ko‘zga tashlanib turadi. Markaziy Osiyo Rossiya bilan qalin aloqalarga ega. Rossiyalik tadqiqotchilar, olimlar va OAV Markaziy Osiyo mamlakatlari haqida juda ko‘p miqdordagi axborotga ega. Xitoylik olimlar Rossiya manbalari va materiallariga tez-tez murojaat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Markaziy Osiyoni o‘rganayotgan ko‘plab olimlar Rossiya muammolariga eʼtibor qaratadi. Ayrim yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar Markaziy Osiyo masalalarini tadqiq qilayotganda ingliz tilidagi manbalarga murojaat qiladi, shu tariqa G‘arb tadqiqotchilarining chalg‘ituvchi axborotini oladi.

Uchinchidan, Markaziy Osiyo ayrim mamlakatlari, ayniqsa, Turkmaniston yopiqligicha qolmoqda. Markaziy Osiyoning turli mamlakatlaridagi tadqiqotlar natija berayotganiga qaramay, tizimlilik va teranlik yetarli emasligi muammosi hamon saqlanib qolmoqda. Ayrim davlatlarni tadqiq qilish, asosan, Markaziy Osiyoning Qozog‘iston va O‘zbekiston singari yirik davlatlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan. Ayrim tadqiqotlar nazariy xarakterga ega. Garchi muammolar tilga olinsa-da, ular teran va har tomonlama tadqiq qilinmaydi. Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat o‘zgarishlarini tadqiq qilayotgan ayrim olimlar ushbu mamlakatdagi muammolar ildizi anʼanaviy traybalizm (jamiyatlarning o‘z qabilasi, etnosi, guruhining alohida, ustun ahamiyati, uning o‘tmish va hozirgi kundagi ustuvor roli haqidagi tasavvurga asoslangan, odatda boshqa guruhlarga dushmanlik bilan yo‘g‘rilgan ijtimoiy-siyosiy tuzum shakli) siyosiy madaniyatiga borib taqalishini taxmin qilgan edi. Ushbu nuqtai nazar yangi, biroq aslida muammoni jo‘nlashtirishdan boshqa narsa emas. Bundan tashqari, ayrim olimlar davlat boshqaruvining parlament tizimi ayni tarixiy muammoni hal etishda yordam berishi mumkin deb hisoblaydi, biroq aslida Qirg‘izistonda siyosiy kuchlarning tinch-totuv yashashiga erishish qiyin bo‘ladi. O‘zbekistonda hokimiyatning bir qo‘ldan ikkinchisiga o‘tishi va Qozog‘istonda Nazarboyev siyosiy islohotlari xususidagi fikrlarning to‘liq bo‘lmagani tadqiqotlarning diplomatiya amaliyotiga moslasha olmayotganidan dalolat beradi. Markaziy Osiyo ayrim mamlakatlarini tadqiq qilishdagi birinchi navbatda hal etilishi zarur bo‘lgan muammo Markaziy Osiyodagi asosiy xalqlar tilini biladigan tadqiqotchi va olimlar barmoq bilan sanarli ekanidir. Bu yangi materiallardan foydalanishda cheklovlarga sabab bo‘lmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlarida rus tilida chop etilayotgan materiallar kamayib ketayotgani ularni birinchi manbalardan olishni tobora qiyinlashtirib yubormoqda.

To‘rtinchidan, tadqiqot usullarida innovatsiya yo‘q. Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarini tadqiq qilish jarayonida adabiyotlarni tadqiq qilishning anʼanaviy va asosiy eʼtiborni sifatga qaratish usulidan foydalanilmoqda, miqdor tahlili yo‘q, shu tariqa yetuk nazariy bazaning shakllanish jarayoni murakkablashib ketdi. Ayrim yosh xitoylik olimlar, masalan, G‘arb siyosiy tadqiqotlariga tayanib, iqtisodiyot, sotsiologiya, o‘yin nazariyasi va boshqalarni dalil qilib ko‘rsatib, konsepsiyalarni olg‘a surish uchun tadqiqotlarning yangi usullaridan foydalanishga harakat qilmoqda, biroq buni Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi muayyan vaziyat bilan tasdiqlash mushkul.

Beshinchidan, mutaxassislar soni o‘sishi nisbatan sust kechmoqda. Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yosh xitoylik olimlar rezervi unchalik ko‘p emas. Hali ham 1990-yillarda nom qozongan ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilar bo‘lib turibdi. Ularning yoshi ulg‘ayib qoldi, mamlakat va chet ellarda eʼtirof etilgan yosh olimlar soni juda kam. Shu bilan birga, yosh mutaxassislarning o‘ziga yarasha kamchiliklari va ustun jihatlari bor. Masalan, ayrim tadqiqotchilarga Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘qish tajribasi yetishmaydi. Bugungi kunda ko‘plab universitetlar va o‘quv muassasalalarida Markaziy Osiyoni o‘rganish uchun nisbatan yaxshi tadqiqot guruhini shakllantirish ancha murakkab ish. Chetdan yordam olib ishlamaydigan tadqiqotchilar ko‘p uchraydi. Bundan tashqari, ichki hamkorlik qilishga mo‘ljallangan platformalar soni oz. Garchi Markaziy Osiyoda turli seminarlar ko‘p o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, turli omillar taʼsiri sabab birgalikdagi tadqiqotlarni samara beradigan qilib o‘tkazish juda qiyin.

Markaziy Osiyo muammolarini tadqiq qilish istiqbollari va yo‘nalishlari

So‘nggi yillarda Xitoy universitetlari qoshida mintaqaviy va davlatlararo markazlar tashkil etilib, ularga Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish ham kiritilmoqda. Bundan xalqaro masalalar bo‘yicha yaxshi tadqiqot bazasiga va chet tillarni o‘qitishning uzoq anʼanasiga ega universitetlar manfaatdordir. Ular Taʼlim vazirligi va viloyatlar hokimiyatidan jiddiy ko‘mak olmoqda. Umuman olganda, jamiyat va ilmiy doiralar, o‘tgan yillardagi vaziyat bilan solishtirganda, Markaziy Osiyo muammolarini o‘rganishdan ko‘proq manfaatdor bo‘lmoqda.

Yaʼnikim, bugungi kunga kelib, Markaziy Osiyo tadqiqotlari “gullab-yashnash” davriga kirdi, deb aytish mumkin – ularning qamrovi kengaydi hamda boshqa dolzarb xalqaro siyosiy muammolarga ko‘proq integratsiyalashuvi bilan ajralib turadi.

Biroq maqola muallifi qayd etishicha, quyidagi darajalarda bundan buyon ham kengaytirish va rivojlantirish zarur:

Birinchidan, Markaziy Osiyoni global va xalqaro nuqtai nazarlardan o‘rganish. Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanishi dunyodagi vaziyat bilan tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib qoldi. Xitoy rahbari olg‘a surgan “Makon va yo‘l” tashabbusi Markaziy Osiyoning

Yevroosiyo qitʼasidagi muhim transport tuguni sifatidagi maqomini yana bir karra esga soldi. Yirik davlatlar Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida strategik ahamiyat bermoqda, chunki ko‘plab “transport yo‘laklari rejalari” ushbu mintaqa bilan bog‘liq. Xitoylik olimlar “Makon va yo‘l” qurilishi imkoniyatlari va duch kelayotgan muammolarini o‘rganib chiqmoqda, shu maʼnoda Markaziy Osiyo ko‘plab masalalarda namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. “Doimiy tarzda yangi omil paydo bo‘lmoqda, u Markaziy Osiyo mamlakatlarida xavfsizlik sohasidagi tamoyillarga qattiq taʼsir ko‘rsatishi mumkin – Ipak yo‘li iqtisodiy kamari qurilishi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanish strategiyasi, shuningdek, undan olinadigan foyda mintaqa mamlakatlari siyosiy va ijtimoiy barqarorligini saqlab qolish uchun muhimdir”. Yirik davlatlarning munosabatlari, xalqaro maydondagi o‘zgarishlar va hatto global boshqaruvning yaxshilanishi va tamaddunlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish singari masalalarni o‘rganish chog‘ida Markaziy Osiyoning noyob ahamiyatini esdan chiqarib bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, mintaqaviy va davlatlararo munosabatlar istiqboli kontekstidagi Markaziy Osiyo masalasi. Markaziy Osiyo mamlakatlari hokimiyat almashuvi davriga qadam qo‘ygani sari siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar sabab vujudga keladigan muammolar va ziddiyatlar tobora ortib boradi hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha ko‘plab ekspertlar ayni masalani chuqur o‘rganmoqda va tahlil qilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi o‘tish davri hali-hamon tadqiqotchilarning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Quyidagilar ushbu bosqichning asosiy belgilari hisoblanadi:

·               siyosiy tuzilma barqarorlikka intiladi, partiyalararo kurash, etnik mojarolar va xulq-atvorning keskin ko‘rinishlari maʼlum darajada tiyib turiladi;

·               millatchilik asosiy mafkuraviy meynstrimga (asosiy yo‘nalish) aylanib qoldi, na G‘arbning demokratlashtiruvi va ni islomning siyosiylashuvi bunga taʼsir ko‘rsata olmadi;

·               davlat boshqaruvining parlament tizimi va partiya tizimini iqtidordagi hokimiyat “tartibga solib turadi”, kuchli prezident boshqaruvi tizimi o‘rnatilgan.

“Markaziy Osiyoning kelgusi barqarorligi shartli va cheklangan bo‘ladi. Markaziy Osiyodagi barqarorlikni qo‘llab-quvvatlovchi omillarning o‘zida ham beqarorlik unsurlari mavjud. Mabodo vaziyat noto‘g‘ri hal etilsa yoki kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y bersa, beqaror omillar tobora ko‘proq ko‘zga tashlanishi va shu tariqa Markaziy Osiyodagi barqarorlikka tahdid solishi mumkin… Markaziy Osiyodagi simmetrik bo‘lmagan siyosiy va iqtisodiy o‘tish transformatsiya jarayoniga ham taʼsir ko‘rsatdi. Hokimiyat va demokratiyaning ikkilangan roli iqtisodiy o‘tishni dilemmaga ro‘para qilmoqda va Markaziy Osiyo transformatsiyasi uzoq muddatli jarayon bo‘lishga mahkum”.

Uchinchidan, Markaziy Osiyo muammolarini madaniyat nuqtai nazaridan o‘rganish. Madaniyatining o‘ziga xosligi Markaziy Osiyo 5 ta mamlakati taraqqiyoti yo‘nalishini belgilab beradi. Ayrim olimlar fikricha, Markaziy Osiyoning mo‘rtlik, o‘zgaruvchanlik, bo‘linish va uzilish, istibdod va hokimiyatni o‘ziga bo‘ysundirish bilan izohlanuvchi siyosiy va madaniy anʼanalari turli mamlakatlardagi siyosat, iqtisodiyot va jamiyat sohasidagi o‘zgarishlarga taʼsir ko‘rsatuvchi asosiy omillarga aylandi… Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilikka erishgandan so‘ng mintaqaning global miqyosdagi strategik maqomi orta bordi va u tobora ko‘proq turli global madaniy kuchlarning raqobati markaziga aylandi. Islom dini, G‘arb va Xitoy taʼsirida Markaziy Osiyo global madaniy kuchlar taʼsiri ostidagi bo‘shliq hududidan turli madaniyatlar o‘zaro qorishib ketgan mintaqaga do‘ndi. Turli madaniy kuchlar Markaziy Osiyoda musobaqalashish, hamkorlik qilish va bir-birini muvozanatda tutib turishni davom ettiradi”.

To‘rtinchidan, Xitoy bilan Markaziy Osiyo munosabatlari rivojlanishini tadqiq etish istiqbollari. Markaziy Osiyo Xitoyning yaqin qo‘shnisidir, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barcha darajalarda amalga oshirilmoqda. Lekin yana Shanhay hamkorlik tashkiloti singari o‘rganishni talab qiladigan masalalar bor, chunki Markaziy Osiyo ushbu tashkilotda ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy mintaqasi hisoblanadi. Xitoy mintaqada hayotga tatbiq etilayotgan bir qator diplomatiya konsepsiyalarini ilgari surgan edi. Qo‘shni mamlakatlarga nisbatan yaqinlik, samimiyat va ochiqlikka asoslangan yaxshi qo‘shnichilik siyosati yoki yangi turdagi xalqaro munosabatlarni birga barpo qilish sohasi bo‘lishidan qatʼiy nazar, nazariy tadqiqotlarni rivojlantirish va mustahkamlash hamda barcha yo‘nalishlarda oqilona tanlov yo‘lini taklif etish zarur.

Beshinchidan, Markaziy Osiyo muammolarini xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘rganish. Markaziy Osiyo ekstremizm va terrorizm urchishi uchun “eng zaif hudud” hisoblanadi, ushbu mintaqadagi noanʼanaviy xavfsizlikning taʼsirini tadqiq qilish asosiy yo‘nalish hisoblanadi. Markaziy Osiyoda “Islom davlati” aʼzolarini yollash va ekstremistik g‘oyalarning tarqalishi mintaqadagi ijtimoiy ziddiyatlar rivojlanishining katalizatori bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari qonunlarini takomillashtirish, ijtimoiy boshqaruvni kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, anʼanaviy madaniyatni olg‘a surish, ommaviy axborot vositalari sifatini oshirish va ishonch telefonlarini ishga tushirish orqali ekstremizmning real tahdidlariga qarshi choralar ko‘rmoqda. 2013 yildan boshlab Markaziy Osiyodagi vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi yetakchi omillar zaiflashtirilgani yoki hal etilgani yo‘q. Aksincha, ular mintaqadagi nisbatan osoyishta vaziyatda ko‘zga tashlanmay, to‘planishda davom etmoqda. Bu Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish davrida vujudga keladigan boshboshdoq siyosiy vaziyat va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga qo‘shilib, Markaziy Osiyodagi vaziyatni yana-da mo‘rt qilib qo‘yishi mumkin. Markaziy Osiyo xavfsizligi kelajagi mavhumotga to‘la. Ayni paytda mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Maqola muallifi xulosa qilib shuni taʼkidlaydiki, Xitoyning Markaziy Osiyo tadqiqotlari bundan buyon ham sifatliroq natijalarga erishilgan holda rivojlanib boradi. Ushbu tadqiqotlar Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan strategik sherikligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi, shuningdek, “Makon va yo‘l” tashabbusi kontekstida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun intellektual jihatdan ko‘mak beradi. Ko‘proq yosh tadqiqotchilar kelib qo‘shilishi, shuningdek, tadqiqotlarning innovatsion usullarini joriy etish bilan kelgusida ilmiy daraja va xalqaro taʼsir ko‘lamini oshirish mumkin bo‘ladi.