Uy-joy narxi oshmaslik uchun faqat hokimlar javob beradimi?

Kuni kecha prezidentimiz tomonidan uy-joy narхlarini 4 mln. so‘mdan oshirmaslik yuzasidan berilgan taklif bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda ko‘plab fikrlar bildirildi. Mana shunday materialdan birida berilgan taklif ijrosini haqiqatdan ham amalga oshirish mumkinligi bo‘yicha baʼzi fikrlar bildirilgan materialni eʼtiboringizga havola etamiz.

Uy-joy narxini arzonlashtirsa bo‘ladimi? Spoyler: bo‘ladi!

“Hokimlar bir kvadrat metr uy narxini 4 mln. so‘mdan oshirmaslik choralarini ko‘rishi kerak” deyilgan topshiriq umuman olganda bemalol ijro qilsa bo‘ladigan vazifa.

Avvalo, hozirda amalda ham tuman markazlarida rostanam uy-joy narx 4 mln.so‘mdan yuqori emas. Viloyat markazlarida esa 5 mln.so‘mdan. Toshkent shahri bundan istisno. Balki, haddingni bil, tarzida oldindan ogohlantirish tarzida berilgan topshiriqdir.

To‘g‘ri, uy-joy narxini avvalo bozor belgilashi lozim. Bozor belgilamasa, maʼmuriy aralashuv ortib borsa, uy-joy narxining qo‘shimcha usti yo ostki to‘lovlari paydo bo‘ladi. Bundan birinchi navbatda biz qayg‘urayotgan uy-joyga muhtoj qatlam javr ko‘radi.

Lekin davlat uy-joy narxini yana-da pasaytirish uchun yetarli imkoniyatlarga ega.

Bu – birinchidan yer narxi. Yer bizda bepul deyishingiz mumkin, lekin uning korrupsion narxi allaqachon shakllanib bo‘lgan va uning o‘zlashtiruvchisi yer ajratish bilan bog‘liq barcha zanjirlardagi ishtirokchilardir. Joylashuv va o‘rtamchi vositachilar ishtahasiga qarab yer narxi uy-joy narxining 10-15 foizgachasini tashkil etishi mumkin. Baʼzida bu to‘lovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri pora tarzida emas, kvartira ko‘rinishida yoki go‘yoki birgalikdagi quruvchi ulushi tarzida olinadi. Aytmoqchimanki, agar hokimlarning korrupsion ishtahasi cheklansa, rostanam uy-joy narxini yana-da maqbullashtirsa bo‘ladi. Davlat rahbari aytganidek, bu hokimlarning qo‘lida. Lekin hozircha hokimlarni bunga undaydigan vosita ko‘rmayapman. Yaxshi niyat va insofga chaqirishdan boshqa.

Ikkinchidan, infratuzilma narxi. Quruvchi, u insofli yo insofsiz bo‘lishidan qatʼiy nazar qurilayotgan uy-joyni tayyor infratuzilmaga ulashni istaydi. Shuning uchun ham yirik shaharlarda, ayniqsa Toshkentda tochechnaya zastroyka rosa avj olgan. Domlar orasidagi bo‘sh maydonga uy qurasan va tayyor kommunikatsiyaga ulaysan, uyog‘i dunyosi suv bossa to‘pig‘ingga chiqmaydi. Hokim bilan kelishsang va rozi qilsang bo‘ldi. Rozi qilish narxini birinchi punktdan o‘qing. Shuning uchun davlatning vazifasi, butun dunyoda shunday, yangi hududlarda uy-joy qurilishi uchun infratuzilma yaratish – yo‘l, elektr, kanalizatsiya, gaz, suv tarmoqlarini yetkazish. Buni biznes o‘z ixtiyori bilan amalga oshirmaydi. Agar amalga oshirsa uy-joy narxi haddan ziyod qimmatlashadi.

Hokimlarning vazifasi quruvchiga arzon sement yoki arzon metall topib berish bo‘lmasligi lozim. Agar vazifa shunday qo‘yilsa, hokimga affillangan va quruvchini emishga ixtisoslashgan o‘rtamchi parazit paydo bo‘ladi xolos. Qayerdan arzon sement, qayerdan arzon metall topishni qurvchining o‘zi juda yaxshi biladi. Kerak bo‘lsa, Qirg‘izistondan, Tojikistondan topib keltiradi.

Uchinchidan, qurilish texnikasi narxi. Quruvchilarning barchasi qurilish texnikasi yetishmovchiligi yoki qimmatligidan aziyat chekadi. Bojsiz qurilish texnikasi olib kirishga qanaqadir siti qurayotgan olg‘irlar emas, barcha quruvchilar ega bo‘lishi zarur. Aytish lozimki, turli siti qurilishlariga berilgan imtiyozlardan foydalanib bojsiz qurilish texnikasi olib kirib, 2 barobar narxda sotayotganlarning payi qirqilishi lozim. Uy-joy narxining maqbullashida bu juda katta qadam bo‘ladi. Biz qaysidir o‘g‘rilar uchun bergan imtiyozimiz o‘sha o‘g‘rilarga milliardlab foyda keltirmoqda, lekin iqtisodiyotga o‘nlab milliard ziyon yaratmoqda. Bu praktika to‘xtatililishi va qurilish texnikasining bojsiz olib kirilishi imkoniyati barchaga taqdim etilishi kerak.