Tahlil: “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi

“Bir makon, bir yo‘l” loyihasi bir nechta ssenariylar bo‘yicha Markaziy Osiyodagi davlatlarga salbiy taʼsir etishi va Xitoy hukumati Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan davlatlardan asosan tabiiy boyliklarni yetkazib berishi odddiy xomashiyo beruvchi hamda bu mintaqaga Xitoy mahsulotlarini katta miqdorda sotish borasida ulkan isteʼmolchilar bozori sifatida ko‘rmoqda deyilgan bir nechta tahliliy materiallarni eʼtiboringizga havola etgan edik. Endi esa mana shu loyihaga qaratilgan negativlarga Xitoy tomonidan bildirilgan fikrlarni keltirib o‘tmoqchimiz.

“Makon va yo‘l” tashabbusi Markaziy Osiyoda

“Xitoyning 2019 yilgi bevosita tashqi investitsiyalari haqidagi statistik maʼlumotlar byulleteni”ga ko‘ra, rasmiy Pekin 2013 yildan 2019 yilga qadar “Makon va yo‘l” bo‘yida joylashgan mamlakatlarga 117,2 millard AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan. Muallif investitsiya bo‘yicha statistika maʼlumotlarini keltirar ekan, pandemiya muayyan maʼnoda Xitoyning mintaqa mamlakatlari uchun ahamiyatini tushunib olish imkonini berganini taʼkidlaydi. Ekspertga ko‘ra, epidemiya davrida Xitoy bilan aloqalarni uzishning nomaqbul oqibatlari Markaziy Osiyo mamlakatlarini tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar ahamiyatini teranroq anglashga majbur qildi, ularning Xitoyga nisbatan siyosati haqqoniy va oqilona bo‘la bordi.

Shu bilan birga, muallif Markaziy Osiyoda “Makon va yo‘l” tashabbusini amalga oshirish va olg‘a surishda bir qancha qiyinchiliklar bo‘lganini ham alohida ko‘rsatib o‘tadi.

Birinchidan, savdo-sotiq hajmi kamaydi. Xitoy bojxonasi statistikasiga ko‘ra, Xitoy bilan Markaziy Osiyoning 4 ta mamlakati (Turkmanistonni istisno qilganda) o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-sotiq hajmi 2020 yilning birinchi yarmida, bor-yo‘g‘i, 13,78 milliard AQSh dollari bo‘lgan va bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 27,3 foiz kamdir. Shundan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan qilingan import 6,16 milliard dollarni tashkil etgan va bu o‘tgan yilgidan 9 foiz kam, Markaziy Osiyoga eksport esa 7,616 milliard dollar bo‘lgan va bu bir oldingidan 29 foiz kamdir. Umuman olganda, importning qisqarishi nisbatan kam bo‘ldi, buning asosiy sababi neft va tabiiy gaz singari xom ashyo tovarlari quvurlar orqali uzatilgan va chegaralar yopilgani ularga daxl qilmaganidir. Eksport miqdorining ancha-muncha qisqarganiga esa, asosan, portlarning yopilgani va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy tovarlariga talabi pasaygani sabab bo‘ldi.

Ikkinchidan, hamkorlikni kengaytirishning mavjud potensialidan to‘liq foydalanilayotgani yo‘q. Shu bilan birga, Xitoy bilan hamkorlik kengayishiga “Xitoy tahdidi nazariyasi” (中国威胁论) deb atalgan qarash tarqalishito‘sqinlik qilmoqda. Muallif taʼkidlashicha, ayrim mintaqalarda “Xitoy tahdidi nazariyasi” keng tarqalmoqda va haqiqatdan bexabar ayrim kishilar Xitoy loyihalariga qarshi chiqmoqda. Ayni hol ayrim Xitoy kompaniyalarining chet ellarda investitsiya kiritishda ehtiyotkorlik bilan yo‘l tutishga majbur etmoqda, investitsiyalar miqyosi va surʼati, ayniqsa, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ancha-muncha sustlashib qoldi.

Muallif fikricha, “Xitoy tahdidi nazariyasi” ommalashib ketishiga ko‘p jihatdan AQSHning aniq maqsadni ko‘zlab yuritayotgan siyosati sabab bo‘lmoqda. Vashington “Makon va yo‘l” tashabbusi haqida qarz qopqoni degan yolg‘on gapni atay tarqatmoqda, shuningdek, “Shinjondagi qayta tarbiyalash jamloqlari” (新疆再教育营) haqidagi uzunquloq gaplarni qo‘llab-quvvatlayapti. Bunday xatti-harakatlar Xitoy bilan hamkorlikka salbiy taʼsir ko‘rsatayotir. Xususan, 2020 yil fevralida Qirg‘izistondagi Norin sanoat va savdo logistika markazi qurilishi loyihasiga Xitoyning savdo kompaniyasi 280 million dollarlik investitsiya kiritishi rejalashtirilayotgan edi. Biroq mahalliy aholi qarshiligi sabab ushbu bitim barbod bo‘ldi va oqibatda kompaniya yopildi.

Muayyan qiyinchiliklarga qaramay, muallif fikricha, “Makon va yo‘l” tashabbusi rivojlanmoqda.

Birinchidan, hamkorlik borasida konsensus – o‘zaro yon bergan holda kelishuv teranlashib bormoqda, “Insoniyatning taqdiri yagona hamjamiyatlari” (人类命运共同体理念) konsepsiyasi borgan sari ko‘proq eʼtirof etilmoqda.

Ikkinchidan, epidemiya faqat Xitoy bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi muloqot usullarini o‘zgartirdi, biroq aloqalarni zaiflashtirgani yo‘q. Ikki tomonlama formatda hukumatlararo almashuv mexanizmlaridan faol foydalanilmoqda. Ko‘p tomonlama muloqot qilish uchun SHHT doirasidagi uchrashuvlardan tashqari, Xitoy bilan Markaziy Osiyo 5 ta mamlakati tashqi ishlar vazirlarining “S+S5” formatidagi uchrashuvlari mexanizmi yaratildi. Shu tariqa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Xitoy mutlaqo mustaqil formatni yo‘lga qo‘ydi.

Uchinchidan, “Xitoy – Yevropa” yo‘nalishida qatnayotgan poyezdlar strategik kanallar vazifasini o‘tamoqda. Xitoy milliy temiryo‘l guruhi maʼlumotiga ko‘ra, 2020 yil birinchi yarmida Xitoy bilan Yevropa o‘rtasida 5122 ta poyezd qatnagan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga nisbatan 36 foiz ko‘p bo‘lgan. Ekspress poyezdlarning yarmiga yaqini (bu 2381 ta poyezd degani va o‘tgan yilga nisbatan 49 foiz ko‘p) Qozog‘istondagi 2 ta port: Alashankou va Qo‘rg‘as orqali o‘tadi. 2020 yil birinchi yarmida ushbu 2 ta portdagi yuk aylanmasi 10 million tonnaga yetgan va bu 2019 yilning ayni davriga nisbatan 30,2 foiz ko‘p bo‘lgan. Dengizbo‘yi mamlakatlari portlarini yopayotgan paytda konteynerli intermodal yuk tashishning yerusti yo‘li “Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa” marshruti bo‘ylab xalqaro yuk tashishning “qutqaruv kamari”ga aylandi.

To‘rtinchidan, Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari qarzini kamaytirishi yoki undan kechish tashabbusini ilgari surdi. G20 guruhining eng qashshoq mamlakatlar qarzni qaytarishini to‘xtatib turishga oid tashabbusini amalga oshirish maqsadida Xitoy dunyoning 77 ta rivojlanayotgan mamlakati va mintaqasi, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari qarzlarini qaytarishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilganini bildirdi. Statistika maʼlumotlariga ko‘ra, 2019 yil oxirida Xitoyning Markaziy Osiyodagi davlat krediti qoldig‘i 24 milliard dollar bo‘lgan, jumladan, Qozog‘iston – 11 milliard dollar, O‘zbekiston – 3,006 milliard dollar, Qirg‘iziston – 1,795 milliard dollar, Tojikiston 1,525 milliard dollar va Turkmaniston – 6,7 milliard dollar.

Beshinchidan, “Raqamli Ipak yo‘li” tashabbusining tez rivojlanishi mintaqa mamlakatlariga iqtisodiyotini o‘zgartirish imkonini berdi. Epidemiyaga qadar Markaziy Osiyo mamlakatlari raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalarini belgilab olgan edi, epidemiya esa ularni amalga oshirishni tezlashtirdi. Xitoyning yangi internet texnologiyalari bilan hamkorlik jadallashib bormoqda.

Oltinchidan, “Salomatlikning Ipak yo‘li” tashabbusi amalga oshirila boshladi.

Yettinchidan, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy rivojlanishidagi roli va taʼsiri oshib borayotir. Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy eng maqbul sherik ekanini juda yaxshi tushunadi. Mintaqa respublikalari nazdida Rossiya xavfsizlik (ichki xavfsizlik va rejim xavfsizligi) borasida eng muhim sherik va tayanchdir. Biroq Rossiyaning iqtisodiy va investitsion imkoniyatlari nisbatan zaif va u Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanish bilan bog‘liq ehtiyojlarini qoplashi juda og‘ir. Garchi Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqining xalqaro taʼsiri katta bo‘lsa-da, ular Markaziy Osiyodan juda uzoqda joylashgan. Bundan tashqari, ular har doim Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi rejimlar xavfsizligiga tahdid qiladigan muxolifatni dastaklashga harakat qiladi. Xitoy – yon qo‘shni, uning mablag‘i ham, bozorlari ham bor, hech qachon birovning ichki ishlariga aralashmaydi va iqtisodiy hamkorlikni tenglik asosida rivojlantirishi mumkin.

Material Xitoylik taniqli ekspert Chjan Nin Xitoyning keng qamrovli “Makon va yo‘l” tashabbusini amalga oshirishga pandemiyaning taʼsiri haqida  yozilgan maqola asosida tayyorlandi. (张宁:新冠肺炎疫情对中亚 “带一路”合作影响) [1].