Bizni yana aldashdi

Kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak kuni kecha O‘zavtomors tomonidan jurnalistlar uchun alohida uchrashuv tashkil etildi. Barcha OAVlarida yoppasiga barcha axborot tarqatuvchilar (bu yerda blogerlar ham) Press tur yaxshi tashkil etilganligi, Hech kim ovorai sarson qilinmaganligi, Tashkilotchilar barcha berilgan savollarga to‘liq javob berishga tayyor bo‘lgan holdaligi, barcha xohlovchilarni ushbu press turga taklif qilinganini o‘zi bu yaxshi tendensiya deyilgan uzundan-uzun maqtovli va chiroyli postlar, lavhalar berildi.

Biroq…

Bizni yana aldashipti.

“Eski hammomga, eski tosga qaytish”

Spark, Neksiya, Kobalt va Lasetti avtomobillari uchun kontraktatsiya qaytadan ochilgandan keyin shartnomalar bo‘yicha yetkazib berish muddatlari keskin o‘zgargan.

Xususan, ayni damda Kobalt va Lasetti uchun shartnoma tuzganlarga shartnoma bo‘yicha yetkazib berish muddati 2021 yil sentyabr, Neksiya 2021 yil avgust va Spark bo‘yicha esa 2021 yil iyun, deb ko‘rsatilmoqda.

Bu hali hammasi emas.

Shartnomalarda yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar tufayli muddatlar 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilishi mumkinligi haqidagi band qo‘shilgan.

Shunga shunchami dersiz?!

Xabaringiz bor, bizda kontraktatsiya faqat 85%lik to‘lov amalga oshirilgandagina kuchga kiradi. Bu degani siz 85%lik to‘lov bilan mablag‘ingizni, 3, 5 va 6 oygacha, alohida hollarda 9 oygacha muzlatib qo‘ydingiz degani.

Bugungi stavkalarda siz, masalan 85 foiz to‘lovni amalga oshirsangiz, 6 oy davomida kamida 9 foiz yo‘qotdingiz degani. 116,5 mln.so‘mlik Kobalt sotib olish uchun 85% to‘lov sifatida 99 mln.so‘m pul to‘lash kerak. 99 mln.so‘mlik mablag‘ingiz eng past 18%lik depozitda turgan taqdirda ham 6 oyda qariyb 9 mln.so‘m daromad keltirgan bo‘lardi. Boshqacha aytganda, 116,5 mln.so‘mlik Kobalt sizga amalda 125,5 mln.so‘mga tushadi.

Boshqacha aytganda, monopolist avtomashinalar yetkazib berish muddatini uzaytirish orqali “hiylai sharʼiy” usulida feʼlan avtomashinalar narxini oshirib oldi.

Yuz bergan o‘zgarishlarga ikkilamchi avtomashinalar bozori birdan o‘z reaksiyasini ko‘rsatgan. Avtomashinalar 5-10%gacha qimmatlagan.

Yangi va eski reallikka xush kelibsiz, peshonasiga monopolistdan o‘zgasi bitmagan o‘zbekistonliklar!

P.S. Darvoqe, 6 mart holatiga faqat eng qimmat, avtomat korobka bilan jihozlangan avtomashinalar pozitsiyalari uchun kontraktatsiya mavjud. Mexanik korobka va arzon, yaʼni xaridorgir pozitsiyalar uchun kontraktatsiyalar yopiqligicha qolmoqda.