Buxoro viloyatida kuchli shamol oqibatida ro‘y bergan talafotlarni qoplashga budjetdan 100 mlrd so‘m ajratiladi

“Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi qabul qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xabarga ko‘ra, farmoyishga muvofiq 2020-yilning 27—28-aprel kunlari Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan aholiga har tomonlama tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida hukumat komissiyasi tashkil etilgan va unga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

  • yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar miqdorini aniqlash va baholash;
  • fuqarolarga vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va boshqa yordamlar ko‘rsatish;
  • ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik, transport va energetika infratuzilmasini va boshqa hayotiy muhim obyektlar va tizimlarni ishchanlik holatiga keltirish;
  • qurilish-tiklash ishlariga zarur bo‘ladigan qurilish materiallari miqdorini aniqlash va ularni yetkazish;
  • qishloq va o‘rmon xo‘jaligiga yetkazilgan zararni va yo‘qotishlar o‘rnini qoplash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tiklash;
  • qisqa muddatlarda nobud bo‘lgan g‘alla va paxta maydonlariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish.

Shuningdek, farmoyishda hukumat komissiyasiga 3 kun muddatda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi ham yuklatilgan.

Yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga davlat budjetidan 100 milliard so‘m ajratiladi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan zarar yetgan g‘o‘za maydonlariga qilingan xarajatlar va g‘alladan olinmaydigan hosil o‘rnini qoplash choralari ko‘riladi.

Komissiya 10 kun muddatda Olot tumani aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish, tuman markazini yana obod qilish maqsadida ko‘p qavatli uy-joylar, madaniy-maishiy hamda boshqa ijtimoiy obyektlar qurish bo‘yicha 2 hafta ichida Olot va Qorako‘l tumanlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Barcha chora-tadbirlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan joriy qilingan karantin tartib-qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshiriladi, deya belgilangan Prezident farmoyishida.

Buxoroda 2020-yil 27-aprel kuni yuz bergan kuchli shamol oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 41 kishi jarohatlangan, shamoldan so‘ng Buxoro, Navoiy, Sirdaryo va Samarqanddagi salkam 140 ming xonadon gazsiz qolgan. Buxoro kuchli shamoldan so‘ng elektr ta’minotida eng katta talafot ko‘rgani xabar qilingan.

Buxoroda 27-aprel shamolidan so‘ng Qorako‘l va Olot tumanlari bilan aloqa uzilib qolganidan keyin Qorako‘l va Olotda toshqin haqida asossiz mish-mish tarqalgan va tuman aholisi 28-aprel kuni o‘z xonadonlarini tark eta boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda traktor tirkamasida Buxoro shahri tomon ketayotgan qorako‘lliklar videosi ham paydo bo‘lgan. Keyinroq suv toshqini haqida yolg‘on xabar tarqatgan shaxslar aniqlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroda yuz bergan kuchli shamol oqibatlarini ko‘zdan kechirish uchun viloyatga tashrif buyurgan hamda Olot va Qorako‘lda tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirgan.