“So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuvi bosh hakami hakamlikdan chetlatildi

Kecha – 14-mart kuni O’zbekiston Superligasining 2-turidan o’rin olgan “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuvida yuzaga kelgan holatlar futbol jamoatchiligining muhokamalariga sabab bo’ldi.

Bugun O‘FA Hakamlik qo’mitasi tomonidan mazkur bahsni boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinovning o‘yin davomidagi xatti-harakatlari atroflicha tahlil qilib chiqildi.

Mutaxassislar “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuvi video-lavhasini qayta ko‘rib, vaziyatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi. Tahlil natijasida, bosh hakam Viktor Serazitdinov uchrashuvning 29-daqiqasida “So‘g‘diyona” darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi aniqlandi. Shuningdek, bosh hakam 52-daqiqada “Turon” futbolchisi o‘z jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi deya baholab, penalti belgilagan vaziyat xato ekanligi Qo‘mita vakillari tomonidan qayd etildi.

O‘FA Hakamlik qo‘mitasining yakuniy qaroriga muvofiq, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganligi hamda ushbu xatolar o‘yin natijasiga taʼsir oʼtkazganligi sababli Viktor Serazitdinovning mazkur uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.

Shuningdek, O‘FА futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tegishli maʼlumotlar, mazkur futbol uchrashuvi qaydnomasi va inspektor hisoboti, videomateriallarni o’rganib chiqish ishlari boshlandi. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda koʼrib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi, deb xabar bermoqda O‘FA rasmiy sayti.