1-qism
Yangi Amerika xavfsizligini o‘rganish markazi (Center for a New American Security (CNAS) huzuridagi “Brussel Sprouts” podkastida postsovet hududida yaqinda ro‘y bergan voqealar va ularning Rossiya uchun ahamiyati xususida ikki nafar ekspert: Xalqaro inqiroz guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Olga Oliker hamda Karnegi markazining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha dastur katta ilmoy xodimi va AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha sobiq direktori Pol Stronski ishtirokida fikr-mulohazalar bildiriladi.
Quyida ushbu podkast bayoni qisqartirilgan holda havola qilinmoqda.
Boshlovchilar: Rossiya “yaqin chet el” deb ataydigan mamlakatlarda ro‘y berayotgan voqealar ushbu mintaqada Moskvaninng taʼsiri qanaqa bo‘lishi bilan bog‘liq ko‘plab savollarni yuzaga keltirmoqda. Belarusdagi Kreml qo‘llab-quvvatlayotgan Lukashenko hokimiyati zaifligini ko‘rsatmoqda, Armaniston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi urushda Rossiya tinchlikparvarlik rolini Turkiya bilan baham ko‘rganga o‘xshaydi, Moldovada esa G‘arb bilan yaqinlashishni istayotgan nomzod Mayya Sandu g‘alaba qozondi. Ayrim tahlilchilar Rossiyaning mintaqadagi taʼsiri zaiflashib borayotganini aytmoqda. Yuz berayotgan voqealarni qanday talqin qilish mumkin va bu Rossiyaning mintaqadagi mavqei uchun nimani anglatadi?
Olga Oliker: Mabodo Rossiyaning taʼsir kuchi zaiflashgani haqida gap ketayotgan bo‘lsa, kimga va qaysi davrga nisbatan kuchsizlanganini ham aniqlashtirish kerak, deb o‘ylayman. Ushbu chekkadagi mamlakatlarda surilish yuz berayotganini ko‘ryapmiz, ayrim surilishlar pirovardida Rossiyaga foyda keltirgan bo‘lsa, qolganlari haqida bunday deyish qiyin. Fikrimcha, Rossiya Belarusda qiyin ahvolga tushib qoldi. Hatto Kreml Lukashenkoni unchalik xushlamasa ham, Rossiya u noroziliklar ortidan ag‘darib tashlanishini istamayapti. Rossiya Moldovaga boshqa mamlakatlarga nisbatan ko‘proq eʼtibor qaratmoqda. Ammo Mayya Sandu aslida G‘arbni qo‘llab yoki Rossiya tomon og‘ish saylovoldi kampaniyasi yurgizgani yo‘q. Uning kampaniyasidagi asosiy mavzular korrupsiyaga qarshi kurash va iqtisodiyot bo‘ldi. Rossiya Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvarlik rolini yaxshi uddaladi, chunki erishilgan tinchlik haqida endi oldingidan ko‘ra ishonimliroq gapirish mumkin. Bu yerda boshqa vositachi yo‘q.
Pol Stronski: Mintaqada ro‘y berayotgan ulkan siljishlarni kuzatyapmiz, endi u 30 yil oldingi mintaqa emas. Odamlarning butun bir avlodi tizim bo‘yicha yuqoriga harakatlanib, siyosiy va hukmron elita – ayoʼnlarning yangi avlodi bo‘lib shakllanganini ko‘rib turibmiz. Qirg‘izistonda bir paytlar mustahkam bo‘lgan jamiyat chindan ham yomon boshqarilmoqda, u anchadan beri juda yomon boshqarilmoqda. Belarusda ham shunday. Biz mintaqani Rossiyaning taʼsiri katta bo‘lgan joy deb hisoblaymiz, aslida Rossiyaning o‘zi ham yuz berayotgan o‘zgarishlarga munosabat bildirishgagina majbur bo‘lmoqda. Jamiyatlar esa o‘zgarib bormoqda, juda tez o‘zgarib bormoqda.
Boshlovchilar: Biroq Rossiya sobiq sovet makoniga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdimi? Ayrim kishilar fikricha, Rossiya harbiy sohani modernizatsiya qilishi bilan sobiq Sovet Ittifoqi ahamiyatini yo‘qotdi. Ilgari Rossiya ushbu mamlakatlarni eng muhim bufer zonasi deb hisoblagan bo‘lsa, ayrim harbiy innovatsiyalar sabab hamma narsa o‘zgarib ketgan bo‘lsa ajab emas. Boshqalar esa, Rossiyaning Qo‘shma Shtatlar bilan qarama-qarshiligi kuchayib ketdi, shuning uchun ushbu mintaqa va davlatlar bilan o‘ralashib qolmasdan, Qo‘shma Shtatlar bilan global maydonga chiqib, raqobatlashishi zarur, deb hisoblaydi.
Olga Oliker: Dangalini aytsam, Rossiya qo‘shni mamlakatlarga qiziqishini yo‘qotyapti, deb o‘ylamayman. O‘rtadagi munosabati o‘zgarayotgani bor gap, ular murosali vaziyatga itoat qilishi, bunga Ukraina voqealaridan chiqarilgan saboq sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Rossiya atrofidagi moʻtadil demokratiyaga erishgan mamlakatlar bilan yashashi mumkin. Armaniston misol sifatida chindan ham qiziqarli. Nazarimda, Kremldagilar Mayya Sanduning Rossiya bilan munosabatlari yaxshi bo‘lsa, u saylovda g‘alaba qozonishi normal holat ekanini tushunib yetdi. Har holda Moskva yangi prezidentni saylangani bilan tabrikladi. Ular Pashinyan bilan yarashishi mumkin, biroq Armaniston bosh vazirini muammolar girdobidan qutqarib olgani shoshilmaydi. Ular Lukashenkoning ketishi bilan murosa qilishi mumkin, biroq prezidentning ko‘chadagi noroziliklar natijasida lavozimidan chetlatilishini qabul eta olmaydi. Ushbu o‘tish davri ularga qulay o‘tish bo‘lishi kerak. Lekin Rossiya hamon taʼsirini mustahkamlashga urinyapti, deb o‘ylayman. Ishonch bilan aytishim mumkinki, Kremlga hamon bufer zonalari zarur. Markaziy Osiyodagi vaziyat Xitoy, u bilan munosabatlar va mintaqadagi roli tobora oshib borayotgani sababli boshqa joylardagidan qisman farq qiladi. Rossiya bu yerda AQSh bilan raqobatlashayotgani yo‘q.
Pol Stronski: Rossiyaning dastlab Gruziyadagi, so‘ngra Ukrainadagi xatti-harakatlari ushbu mamlakatlar aholisini chindan ham unga qarshi qilib qo‘ydi. Biroq Armanistonga o‘xshash mamlakatlarning boshqa chorasi yo‘q. Qirg‘iziston Xitoy o‘zini yutib yuborishiga rozi bo‘la olmaydi, shuning uchun Rossiya bilan munosib aloqa qilishiga to‘g‘ri keladi. Bundan 5 – 6 yil oldin mintaqaga borganimda, AQShga nisbatan salbiy munosabat borligini ko‘rmagan edim. Rossiyada Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo, shuningdek, Kavkazga nisbatan qiziqishini ham, taʼsir kuchini ham yo‘qotmoqda, degan fikr ko‘pchilikning miyasiga o‘rnashib qolgan. Rossiya ko‘proq eʼtiborini AQShga emas, Turkiya, Isroil, Xitoy, hatto Skandinaviya mamlakatlariga qaratgani maʼqul.