Dushanba kunidan AQSHning Twitter kompaniyasi koronavirusga oid noto‘g‘ri maʼlumotlarni tarmoqda belgilashni boshladi.
Bu belgi istalgan “tvit”ga (mullifi kim bo‘lishidan qatʼiy nazar) — shov-shuv ko‘tarish maqsadida tarqatiluvchi tekshirilmagan axborotlarga, davolash usullari va statistika bilan bog‘liq manipulyatsion xabarlarga qo‘yiladi.
“Bizning maqsadimiz — jamoatchilik muloqotiga ko‘maklashish orqali Tvitterda ishonchli maʼlumotlarni topish hamda ehtimoliy xavfli va chalg‘ituvchi maʼlumotlar tarqatishni cheklashdir”, — deyiladi kompaniya rasmiy bayonotida.
Bunday maxsus belgilar — foydalanuvchini ijtimoiy tarmoqning rasmiy sahifasiga yoki koronavirus haqida tasdiqlangan va ishonchli maʼlumotni o‘z ichiga olgan boshqa veb-saytga yo‘naltiradi. 12 maygacha eʼlon qilingan xabarlarda ham belgilar paydo bo‘ladi.