AQSh: Rossiyaning geosiyosiy taʼsiri tushib bormoqda

2-qism

Yangi Amerika xavfsizligini o‘rganish markazi (Center for a New American Security (CNAS) huzuridagi “Brussel Sprouts” podkastida postsovet hududida yaqinda ro‘y bergan voqealar va ularning Rossiya uchun ahamiyati xususida ikki nafar ekspert: Xalqaro inqiroz guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Olga Oliker hamda Karnegi markazining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha dastur katta ilmoy xodimi va AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha sobiq direktori Pol Stronski ishtirokida fikr-mulohazalar bildiriladi.

Quyida ushbu podkast bayoni qisqartirilgan holda havola qilinmoqda.

Boshlovchilar: Turkiya bilan Rossiya haqidagi fikringiz qanday? Ularning manfaatlari turli mintaqalarda kesishmoqda, qayerdadir ular bir tarafda bo‘lsa, baʼzan bir-biriga qarshi ham kelib qolmoqda.

Olga Oliker: Mening ushbu masala yuzasidagi aytadigan fikrim unchalik ommabop bo‘lmasligi mumkin. Ha, Turkiya Ozarbayjonga yordam berdi va ko‘magi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, Rossiya uzoq yillar davomida Armanistonga ham, Ozarbayjonga ham qurol sotib keldi. Armanistonga ancha-muncha chegirma bilan sotgan bo‘lsa, Ozarbayjonga o‘zining bahosiga pulladi va shu tariqa ularni mavhum muvozanat holatida ushlab turdi. Lekin Ozarbayjon Turkiya va Isroildan qo‘shimcha qurol-yarog‘ sotib ola boshladi va urush chiqishi mumkinligini hisobga olib, unga tayyorgarlik ko‘rdi. Ha, Turkiya tinchlikka ko‘maklashishni kuzatish markazi tuzish to‘g‘risidagi fikrini o‘tkaza oldi – markaz Ozarbayjonda joylashadi. Biroq uning hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lish-bo‘lmasligi nomaʼlum. Ozarbayjon Turkiya iqtisodiyotiga integratsiyalanmay turib, Turkiya chindan ham mintaqada real taʼsir kuchiga ega bo‘ldi, deb aytish qiyin. Hatto ushbu mojaro oqibatida hamma Turkiya dronlarini sotib olishni istab qolgan taqdirda ham, bu hol kuchlar nisbatini o‘zgartirishi mushkul.

Pol Stronski: Turkiyaning butun boshli postsovet makoni, ayniqsa, Markaziy Osiyoda uzoq muddatli, keng qamrovli va tarixiy manfaati borligi aniq. Turklar anchadan beri Qrimga qiziqib keladi. Ular har doim ham bu qiziqishni siyosatning real natijasiga aylantira olgani yo‘q. Turkiya yordamida ayni qiziqish harbiy maʼnoda, madaniy aloqalar orqali amalga oshgan yagona mamlakat Ozarbayjon bo‘ldi. Olga aytganiday, bunga Armanistonning havo hujumidan mudofaa tizimini aylanib o‘ta olgan uchuvchisiz uchish qurilmalari esh bo‘ldi. Ayni hol bu urushni 2016 yildagi urushdan ajratib turadi, deb o‘ylayman. Bu dronlardan tashqari, Turkiyaning qo‘llab-quvvatlashi, harbiy xizmatchilarni o‘qitishi va ehtimol razvedka maʼlumotlarini berib turgani barobarida ushbu mamlakatning Ozarbayjonga ko‘rsatgan diplomatiya ko‘magi ham g‘alabani taʼminladi. Lekin Olgadan farqli o‘laroq, shuni aytmoqchimanki, bu Rossiyani juda qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Ruslar vositachilik qila olishini namoyish etdi, biroq buning uchun 6 hafta ketdi. Oldingi vaziyatlarda ular tomonlarni muzokara stoliga tezroq o‘tqazishga ko‘ndira olgan, masalan, 2016 yilda buning uchun, bor-yo‘g‘i, 4 kun kerak bo‘lgan edi. Bu safar Putin prezident Aliyev bilan telefon orqali bog‘lanishi uchun 2 hafta vaqt ketdi. Armaniston mag‘lubiyatga uchrashiga bir bahya qolganda esa vaziyat butunlay o‘zgardi. Faqat Ozarbayjon tomoni Rossiya vertolyoti – tikucharini tasodifan urib tushirgandan so‘ng rossiyaliklar Bokuni muzokaraga ko‘ndirish uchun taʼsir pishanglarini ishga solib yubordi.

Boshlovchilar: Rossiyaning Turkiyaga taʼsir o‘tkazish imkoniyati mavjudmi? Rossiya Kavkazda Turkiyaga Moskva o‘rnatgan muayyan chegaralardan chiqmagan holda o‘z o‘yinini o‘ynashiga ruxsat berishi mumkinmi?

Olga Oliker: Turkiya vositachilik qila olmasdi, chunki armanilar bunga mutlaqo yo‘l qo‘ymas edi. Aslida Turkiyaning vazifasi Ozarbayjonga ko‘mak berishdan iborat bo‘ldi. Ammo bu muzokara stolidan joy yoki tinchlikparvar kuch maqomini olish uchun yetarli emas.

Pol Stronski: Imzolangan bitimga qaralsa, uning Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya o‘rtasida tuzilganini ko‘rish mumkin. Garchi u tinchlik bitimi bo‘lsa-da, unda harbiy harakatlarga chek qo‘yishga oid rejalar aniq-tiniq bayon qilinmagan. Bundan tashqari, Ozarbayjon bilan Turkiya Ozarbayjon hududida joylashadigan tinchlikparvar kuchlar tashkil etish haqida bayonot berdi, lekin bu rasmiy bitimga kiritilmagan. Ozarbayjonning urushda g‘alaba qozongani hatto bu mamlakatning o‘zi uchun ham kutilmagan hol bo‘ldi.