Xitoy Qirg‘izistonga bergan qarzlari evaziga shart qo‘ymoqda

Infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun Xitoydan qarz olish faqat Pekinga manfaat keltirishi oydinlashib borar ekan, Qirgʻiziston hukumati Xitoy oldidagi ulkan qarzidan qutulish yoʻllarini izlamoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻizistonning tashqi qarzi 5 mlrd AQSh dollariga (424 mlrd qirgʻiz soʻmi) teng va uning katta qismi – 40 foizdan ortigʻi Xitoyning Eksport-import bankiga tegishli.

Oʻn yildirki, Xitoy eksport uchun quruqlikdagi yoʻnalishlarni kengaytirishga qaratilgan “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Qirgʻizistonda qurilish va yoʻllarni taʼmirlashga oid bir qator infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirmoqda.

2020-yilda pandemiya Qirgʻiziston iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi, yalpi ichki mahsulot (YIM) 9 foizga kamaydi, YIM 26 yil ichda ilk bor 8 foizdan ortiqroqqa tushib ketgan. Inqiroz tufayli Qirgʻiziston oʻz qarzlarini toʻlolmay qoldi.

 “Aktivlarimizning koʻp qismini yoʻqotishimiz mumkin

Markaziy Osiyodagi tabiiy resurslarga boy Qirgʻiziston agar pullarni qaytara olmasa, oʻzining bir qancha tabiiy resurslarini boy berishi mumkin.

“Xitoydan olingan qarzlarni vaqtida qisman qaytara olmasak, koʻp aktivlarimizni yoʻqotishimiz mumkin”, deb aytgan Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 13-fevral kuni Kabar agentligiga.

Noyabrda Qirgʻiziston parlamenti vakili Dastan Bekeshev YouTube tarmogʻida video joylab, unda Xitoy Qirgʻizistonga qanday shartlar bilan qarz berganini tushuntirgan.

2008-yildan beri Qirgʻiziston Xitoydan toʻqqizta katta kredit olgan, ularning oltitasi yoʻllarni taʼmirlashga va uchtasi elektrostansiyalar qurish yoki ularni modernizatsiya qilishga ajratilgan, deydi Bekeshev.

Kreditlar Xitoy moliyalashtirayotgan loyihalarni amalga oshirishda faqat Xitoy kompaniyalari ishtirok etishi sharti bilan taqdim etilgan.

Bundan tashqari, agar Qirgʻiziston Xitoydan olingan kreditlarni tovar va xizmatlar uchun sarflaydigan boʻlsa, ularni birinchi navbatda Xitoydan sotib olishi kerak, dedi Bekeshev.

Bu loyihalarning ayrimlari katta mojarolarga sabab boʻldi, dedi u.

2018-yil boshida Bishkekda Xitoy kompaniyalaridan biri tomonidan modernizatsiya qilingan elektrostansiya ishdan chiqqan, buning oqibatida bishkekliklar -20°C darajali qahratonda issiqlik taʼminotisiz qolishgan.

Issiqkoʻlning shimoliy sohili boʻylab choʻzilgan 104 km uzunlikdagi avtomagistral yoʻli qurilishi atrofida ham mojaro yuzaga kelgan.

Xitoyning Longhai Road and Bridge Corporation kompaniyasi 2015-yil oxirida avtomagistral qurilishi boʻyicha tenderda gʻolib chiqdi, ammo 2017-yilda yakunlanishi kerak boʻlgan qurilish ishlari bir necha yillarga choʻzilib ketdi. 2019-yilda ishchilar Xitoy kompaniyasining ish haqi toʻlamay qoʻyganidan shikoyat qilgan edilar.

Avtomagistralning taxminan 20 kilometrlik uchastkasi hozirga qadar bitmagan, tugallangan qismining yuzasida esa yoriqlar paydo boʻlmoqda.

“Xitoy oʻz kreditiga 0,25% miqdorida komissiya toʻlovini qoʻshadi, shuningdek, u bizga qarz berishga rozi boʻlgani uchungina yana 0,25 foizlik ustama qoʻshiladi”, dedi Bekeshev. “Kredit shartnomalari Xitoy qonunchiligiga asosan talqin qilinadi, yuzaga keladigan har qanday nizolar esa Xitoy hakamlik sudlari tomonidan koʻrib chiqiladi.”

Qirgʻiziston qarz olganidan beri uning ahvoli yomonlashdi. Xitoy kreditlarining AQSH dollarida berilgani esa vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi, chunki dollar kursi qirgʻiz soʻmiga nisbatan yildan-yilga koʻtarilib bormoqda, dedi Bekeshev.

Oʻtgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy qiyinchiliklar sabab Qirgʻiziston hukumati bir necha bor Xitoydan kredit shartlarini yengillatishni, jillaqursa toʻlov muddatini uzaytirib berishni soʻragan.

Yil davomida bu iltimoslarni eʼtiborsiz qoldirib kelgan Pekin nihoyat noyabr oyida 2020-yil uchun toʻlovni kelasi toʻrt yilga boʻlib berishga rozi boʻldi, ammo bu “imtiyoz” evaziga qarzga yana 2 foizlik ustama qoʻshdi.

Xitoyning hududiy va siyosiy intilishlari

Qirgʻiz tahlilchilari qarzlar masalasida Xitoyning Qirgʻizistonga yordam berishiga umid qilmayapti.

Qirgʻiziston biznes uyushmalari milliy ittifoqi kotibiyatining rahbari, bishkeklik Iskender Sharsheyevning fikricha, Pekin Bishkekka bergan qarzidan voz kechmaydi va hatto uni kamaytirmaydi ham, chunki u hech qachon hech bir davlatga bunday yon bosmagan.

“Bu Xitoyning eski strategiyasi va tashqaridan taʼsir qilishga moʻljallangan iqtisodiy vositasi”, dedi Sharsheyev.

“Xitoydan qarz olayotgan davlat bitim shartlariga binoan oʻz suveren huquqlaridan voz kechishi kerak”, dedi u. “Aynan shunday kreditlar Xitoyga hududiy va boshqa siyosiy daʼvolarni ilgari surish imkonini beradi. Xitoyliklar sabrli, garovga nimalar qoʻyilganini bilgani uchun, qarzning uzilishini kutishga tayyor.”

Oʻtgan yil aprel oyida Xitoy kompartiyasi nazoratidagi nashrlardan biri “Qirgʻiziston yerlarining bir qismi oʻz vataniga (Xitoyga ishora) qaytarilishi kerak” degan gap-soʻzlarni tarqatgan edi.

Sharsheyev kredit berish shartlarini muhokama qilish chogʻida Xitoy oʻzi uchun qanday imtiyozlar olishga harakat qilgani haqida ham soʻzlab berdi.

“Loyihalardan biri – Qirgʻizistonda temiryoʻl qurilishi boʻyicha muzokalarda nafaqat temiryoʻl uchun yer berish, balki temiryoʻlning operativ boshqaruvini 5 yildan 50 yilgacha boʻlgan muddatga Xitoy davlat korxonalariga taqdim etish sharti ham qoʻyildi”, dedi u.

“Xitoy, shuningdek, qarz uchun toʻlov sifatida Qirgʻiziston konlari, xususan milliardlab tonna temir rudasini oʻz ichiga olgan Jetim-Tov togʻ tizmasini va metallurgiya zavodi qurish mumkin boʻlgan Qorakeche koʻmir konini soʻragan”, deb qoʻshimcha qildi Sharsheyev.

Boshqa mamlakatlar bilan moliyaviy munosabatlarda Xitoy faqat oʻz manfaatlarini koʻzlab ish qiladi, deydi Oliy sud konstitutsiyaviy palatasining sobiq sudyasi Klara Sooronqulova. “Kredit shartnomalariga oid har qanday nizolar Xitoy sudlarida koʻrib chiqilgani sababli, Pekin foydasiga qaror chiqarilishiga shubha qilmasa ham boʻladi. Qirgʻiziston oʻz majburiyatlarini ado etish uchun aktivlaridan mahrum boʻlishi mumkin”, dedi Sooronqulova.