Turkiy kengash O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar berishi mumkin

31 mart kuni Turkiston shahri (Qozog‘iston)da  Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sammiti bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi respublika TIV matbuot xizmati. “Qozog‘istonning birinchi prezidenti Elbasi Nursulton Nazarboyevning tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan sammitdan so‘ng Turkistonni turk dunyosining maʼnaviy poytaxti deb eʼlon qiladigan deklaratsiya imzolanishi kutilmoqda.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.

Turkiy kengash O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar yaratib berishi mumkin. Bu haqda malakali ekspert, “Ma‘no” tadqiqotchilik tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev bilan maʼlumot berdi.

— O‘zbekistonning Turkiy kengashdagi ishtiroki ushbu tashkilotga aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasiga qanday taʼsir ko‘rsatadi?

— Turkiy kengash tuzilganiga o‘n yildan oshdi. Shu choqqacha uning faoliyatida madaniy-gumanitar hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etib kelgan. Lekin oxirgi paytda tashkilotga aʼzo mamlakatlar rahbarlari iqtisodiy masalalar, jumladan, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, savdo va investitsiyalar hajmini oshirishga ko‘proq eʼtibor qaratmoqda. Turkiy kengashga O‘zbekiston qo‘shilganidan keyin mazkur tendensiya yana-da kuchaydi va bu ijobiy hol.

2019 yilning 14-15 oktyabr kunlari Bokuda bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, xaytek kabi yangi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbuslari yakdil qo‘llab-quvvatlangani ham bejiz emas. Sababi ular Turkiy kengash doirasida shakllangan iqtisodiy ustuvorlik trendiga to‘liq mos keladi.

Endi bevosita savolingizga to‘xtalsam. 2020 yil yakunlari bo‘yicha, Qozog‘iston O‘zbekiston uchun uchinchi eng yirik iqtisodiy hamkorga aylandi. 5-, 6-o‘rinlarda Turkiya va Qirg‘iziston turibdi. Uchala mamlakat ham Turkiy kengashga aʼzo. Ko‘rinib turganidek, ular bilan savdo aylanmamiz ancha yuqori. Ishonchim komil, keyingi yillarda ko‘rsatkichlar yana-da yaxshilanadi.

Qozog‘iston bilan bir qancha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, qo‘shni respublika hududida o‘zbek avtomobillarini yig‘ish boshlangan. Turkiy kengash doirasidagi hamkorlik bunday kooperatsiyaning kuchayishiga xizmat qiladi.

Yaqin vaqtgacha Turkiya mamlakatimiz tashqi iqtisodiy hamkorlarining hatto o‘ntaligiga kirmasdi. 2020 yilda esa u beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. O‘ylaymanki, joriy yilda ham natija yomon bo‘lmaydi. Sababi Turkiya O‘zbekistonga salmoqli investitsiya kiritmoqda. Sarmoyaning asosiy qismi to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, qurilish va bank-moliya sohalariga yo‘naltirilgan. Demak, yaqin istiqbolda Turkiya bilan iqtisodiy munosabatlarimiz yuksalishiga ishonch bildirish mumkin. Qirg‘iziston haqida ham xuddi shu fikrni ayta olaman.

— Ozarbayjon haqida-chi?

— Menimcha, hozir bu mamlakat bilan iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishning ayni mavridi. Tranzit mamlakat sifatida Ozarbayjon biz uchun muhim hamkor bo‘la oladi. Men Janubiy Kavkaz (Boku – Tbilisi – Kars) yo‘nalishidagi transport koridorini nazarda tutyapman. U Ozarbayjondan boshlanib, Turkiyaning O‘rta Yer dengizidagi portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradi. Mazkur temir yo‘l magistrali orqali O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini Janubiy Yevropa hamda Yaqin Sharq mamlakatlariga tez va qulay yetkazib berishi mumkin. Bu esa Ozarbayjon bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taqazo etadi.

— Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishi uchun Turkiy kengash qo‘shimcha institutsional mexanizmlarni ishga sola oladimi?

— Ha. Biroq ayni chog‘da bunga zarurat bor, deb o‘ylamayman. Balki, kelgusida ehtiyojga qarab Turkiy kengash tarkibida yangi organ yoki tuzilmalar paydo bo‘lar. Lekin bu ko‘p yillarga cho‘ziladigan ancha murakkab jarayon ekanini eslatmoqchiman.

Qolaversa, Turkiy tilli davlatlar kengashi o‘z mohiyatiga ko‘ra integratsion tuzilma emas. U maslahatlashuv formatida ish yuritadi. Shu tufayli kengashning barcha qarorlari tavsiyaviy xarakterga ega. Yaʼni qaysidir mamlakat ularni qabul qilib, bajaradi, boshqasi esa inkor etishga haqli. Sababi Turkiy kengash tarkibida milliy institutlardan yuqori turadigan tuzilmalar yo‘q, bo‘lmaydi ham. Lekin aʼzo davlatlar rahbarlari kengashgan holda muayyan masalalar yuzasidan, aytaylik, bojxona postlaridan yuklarni o‘tkazish tartibini yengillashtirish, temir yo‘l yoki avtomobil tariflarini maqbullashtirish bo‘yicha umumiy pozitsiyani shakllantirishi mumkin. Shunda ham erishilgan kelishuvga rioya etish-etmaslik ixtiyoriydir.

— Hozir biz uchun yangi bozorlarni topish juda muhim. Halqaro va mintaqaviy tuzilmalarga ko‘p jihatdan aynan shu maqsadda aʼzo bo‘lyapmiz. Turkiy kengash O‘zbekiston mahsulotlari eksportini oshirishga yordam bera oladimi?

— Bozor masalasida mutlaqo haqsiz. Tashqi siyosat aslida iqtisodiyotning xizmatkori hisoblanadi. U mamlakat iqtisodiy manfaatlariga xizmat qilishi kerak. O‘zbekiston iqtisodiyoti eksportga yo‘naltirilgan. Mahsulot esa, turgan gapki, xaridorga ehtiyoj sezadi. Shu nuqtai nazardan Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar iqtisodiy salohiyati tadbirkorlarimizga juda qo‘l keladi.

2018 yildan O‘zbekiston Qozog‘istonga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini keskin oshira boshladi. Qirg‘izlarda charm-poyabzal sanoatimizga qiziqish katta. Turkiya bozoriga faol kirib borish uchun ham imkoniyatimiz yetarli. Hozircha turklarga asosan ip-kalava sotyapmiz. Vaholanki, boshqa mahsulotlar hisobiga savdo hajmini bemalol oshirsa bo‘ladi.

Yana bir jihat. Turkiy kengashga aʼzo davlatlar bilan qo‘shma korxonalar tashkil qilib, uchinchi mamlakatlar, masalan, Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Rossiya, Xitoy yoki Yevropa bozorlariga chiqish mumkin. Bu bo‘yicha Turkiya yaxshigina tajribaga ega.

Transport kommunikatsiyalari, turizm sohalarida ham hamkorlik qilsa bo‘ladi. Darvoqe, sayyohlik yo‘nalishida O‘zbekiston turkiy tilli mamlakatni hech qiynalmay “o‘ziniki” qilib olishi mumkin. Aytmoqchimanki, biz nafaqat boshqalarning bozorini egallash, balki o‘z bozorimizni ham boshqalarga ochishga intilishimiz zarur.

— Investitsiyalar borasida imkoniyatimiz qanday?

— Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish investitsion faoliyatga ham taʼsir ko‘rsatadi. Bu sohalar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Rivojlanayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotiga imkon qadar ko‘p investitsiyalar jalb qilishdan manfaatdor.

Yuqorida qayd etganimdek, oxirgi yillarda Turkiya O‘zbekistonga mo‘may sarmoya kiritmoqda. Menimcha, bu tendensiya borgan sari kuchayadi. Qozog‘iston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar ham oz emas.

— Sizningcha, yaqin istiqbolda Turkiy kengashga aʼzo qaysi mamlakat O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorigini kuchaytira oladi? Mazkur holat mamlakatimiz tashqi siyosatiga taʼsirini ko‘rsatishi mumkinmi?

— Men yanaTurkiya va Qozog‘istonni alohida tilga olgan bo‘lardim. Ikkala mamlakat bilan ham savdo-iqtisodiy aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda. Lekin yaqin orada Turkiya Qozog‘istondan o‘zib ketishiga ko‘zim yetmaydi. Ular tenglashishi ham amrimahol. Chunki O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan o‘zaro tashqi savdo aylanmasi hajmi Turkiyanikidan birmuncha yuqori. Qolaversa, Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo. O‘tgan yili O‘zbekiston mazkur tuzilmaga kuzatuvchi davlat maqomida qo‘shildi. Bu esa qo‘shni respublika bilan iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yuzaga kelganini anglatadi. Harqalay, bu holat tashqi siyosatimizga taʼsir ko‘rsatadi, deb o‘ylamayman.