Saylov oldi ssenariylari davom etmoqda

Saylov yaqinlashgani sari yurtimizga xorijning diqqat e’tibori yanada kuchayib kutilmagan ssenariylardagi voqealar rivoji kuzatilmoqda.

Turli interv’yular… chiqishlar… bayonotlar…

“Seriyali interv’yularni ko‘rganda tug‘ilgan ayrim mulohazalar”

Navbahor Imamovaning G‘arb uchun mo‘ljallangan navbatdagi seriyali intervyularini kuzatdim. Oxirgi interv’yularning klassifikasiyalanib, seriyali tarzda qo‘yilayotganini o‘ziyoq bu ishlar ichki emas, ko‘proq tashqi iste’mol uchun ekaninini anglatadi.

Interv’yularni ketma-ket ko‘rib borsangiz g‘arb uchun shunaqa signallar sezish mumkin: Biz hali tubga yetmadik, ko‘p xavotir olmanglar, baqir-chaqirlaringni eshitayapmiz. Balki inobatga olarmiz, axir biz sizlarni eshitayapmiz.

Adliya vazirligi vakili bilan interv’yu bu masalaga yanada ko‘proq oydinlik bergan.

Endi ayrim shaxsiy mulohazalar haqida. Qaytaraman bu mutlaqo shaxsiy, haqiqatga da’vo etmaydigan fikrlar.

Partiya tarzida ro‘yxatga olinishga urinayotgan turli guruhlar, ming ayyuhannos solishgani bilan 24 oktyabrda bo‘ladigan saylov jarayonida qatnasha olmasligini endi juda yaxshi bilishadi. Oxirgi imkoniyat, dedlayn 24 mart edi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, Prezident saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.

2021 yil 24 mart holatiga Adliya vazirligida faqat biz bilgan beshtagina partiya ro‘yxatda. Demak 24 oktyabrda o‘tadigan saylovda faqat shu partiyalarga asosiy nomzodga raqiblar ko‘rsatishga ruxsat etiladi.

Lekin qaysidir partiyani masalan, saylovga yaqin qolganda ro‘yxatga olinishini istisno etmaslik kerak. G‘arb uchun (Navbahorning oxirgi interv’yularidan shunaqa mujda anqib turipti), ma, senlar ham tiqilib o‘lmagin, deya birortasini ro‘yxatga olish ham mumkin.

Masalan, yozda yoki saylov uchun OBSE/BDIPCh yuboradigan missiyalar kelgan vaqtda shu voqelik ro‘y berishini istisno etib bo‘lmaydi. OBSE/BDIPCh saylov bo‘yicha xulosa shablonlarida albatta O‘zbekistonda oldinga katta qadam tashlangani, cho‘ntak bo‘lmagan partiyalar ro‘yxatga olingani va lekin afsuski ular nomzod ko‘rsatishga ulgurmagani qayd etiladi. Meloch’, no priyatno.

Albatta, men amaldagi cho‘ntak va nocho‘ntak biron bir partiyaning na mafkuraviy va na ijtimoiy tarafdoriman. Mening qarashlarimni ularning hech biri ifoda etmaydi. Qolaversa, bu haqda ko‘p aytganman, bizda nomenklaturaviy boshqaruv tizimi juda mustahkam, partiyaviy qurilish asosidagi boshqaruvgacha hali ko‘p evolyusiyalarni bosib o‘tishimiz lozim. Ayni paytda Parlament, Kengashlar va Prezident saylovlarida tashabbuskor guruhlar ilgari suradigan mustaqil nomzodlarning ahamiyati juda katta. Agar davlat, jamiyat sifatida rivojlanishni istasak shu tarafiga urg‘u berishimiz kerak.

material “bankiroff” kanalidan olindi.