Orzudagi Turkmaniston raqamlari

Xalqaro valyuta fondi (XVF) dunyo iqtisodiyoti hozirgi holati va COVID-19 pandemiyasi ta’siri baholangan “World Econimic Outlook” hisobotini e’lon qildi.

Mamlakatlar YaIM to‘g‘risidagi ma’lumotlar jadvalida Turkmaniston hukumatining 2020 yilda YaIMning 5,9 foizga o‘sganligi to‘g‘risida bayonotlariga qaramay, Fond ekspertlari tomonidan real o‘sish 0,8 foizga baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi hisobotlarda XVF rasmiy ma’lumotlardan foydalangan. Masalan, o‘tgan yilgi hisobotda Turkmaniston Iqtisodiyot va moliya vazirligining YaIM o‘sishi 6,3 foizga teng bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Fond prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda Turkmaniston YaIMning yakuniy o‘sishi 4,6%, 2022 yilda – 3,9% va 2026 yilda – 3,7% ni tashkil etadi.

Avvalroq Fitch Solutions xalqaro moliya agentligi mutaxassislari ham Turkmaniston rasmiy statistikasi ishonchliligiga shubha bildirishgan edi. Ularning ta’kidlashicha, “Turkmaniston hukumati keltirgan raqamlar ishonchli emas va ehtimol 2020 yilgi iqtisodiy inqirozning haqiqiy ko‘lamini yashirish uchun almashtirilgan bo‘lishi mumkin”.

2020 yil aprel oyida Fitch Turkmanistonda YaIMning real o‘sishini 1,4% darajasida prognoz qildi.

Ta’kidlash kerakki, pandemiya oldidan XVF mutaxassislari muntazam ravishda Turkmanistonga tashrif buyurib, mamlakatni inqirozdan olib chiqish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlaganlar. Ularning so‘nggi hisoboti 2019 yil noyabr oyida e’lon qilingandi.

Turkmanistonga bir necha bor ma’muriy nazoratni yumshatish, iqtisodiyotni ochish, erkin bozor va raqobat paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratish tavsiya etilgan. Bu o‘z o‘rnida tovar va xizmatlar sifatini oshirishga, shuningdek, xorijiy investisiyalarni jalb qilishga yordam berishi qayd etilgan. O‘sha vaqtda ham milliy valyuta “manat” haddan tashqari yuqori baholangani qayd etilgan edi. U vaqtda “qora bozorda” bir dollar 18,5-19 manat edi. Ayni paytda esa 1$ –  40 manatga baholanmoqda.