Davlat va fuqarolar o‘rtasidagi ijtimoiy shartnoma ikki tomonlama ishlashi lozimligi haqida

Kanadada yashayotgan Farhod Fayzullaev bog‘cha uchun to‘lagan 8750 dollar uning daromad solig‘i bazasidan chegirilgani haqida yozmoqda.

Barcha davlatlarda fuqarolar to‘lagan soliqlar birinchi navbatda ta’lim va tibbiyotga sarflanadi. Ya’ni to‘langan soliqlar hisobiga hech qursa maktabgacha, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim hamda bazaviy tibbiy xizmatlar davlat tomonidan kafolatlanishi kerak.

Sifatli bog‘cha, maktab va poliklinika yo‘qligidan xususiy bog‘cha, xususiy maktab va xususiy poliklinikaga pul to‘layotgan O‘zbekistonliklar fe’lan bir xizmat uchun ikki marta to‘lov amalga oshirmoqdalar.

Mening nazarimda, O‘zbekistonliklar xuddi kanadaliklar kabi xususiy bog‘cha, xususiy maktab va xususiy poliklinikalar uchun to‘layotgan mablag‘larini soliqqa tortiladigan daromadlaridan chiqarib tashlashni talab qilishga haqli bo‘lishi kerak. Shunda ijtimoiy adolat bo‘ladi. Ijtimoiy kelishuv shartnomasi faqat davlat foydasiga bir tomonlama emas, ikki tomonlama ishlashni boshlaydi.