Masʼuliyati cheklanmagan “TREST №12”

O‘zbekiston OAV lari ichida jurnalistik surishtiruvlari bilan mashhur bo‘lgan Gazeta.uz nashri O‘zbekistonda eng yirik qurilishlar bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazibti.

Bu safargi nishon “TREST-12” kompaniyasi buyurtmalari.

Poytaxtliklar orasida bir vaqtlar juda mashhur va gavjum bo‘lgan Sharof Rashidov ko‘chasidagi (Mustaqillik maydoni yonida) maʼmuriy bino rekonstruksiyasi va favvora o‘rniga avtoturargoh qurilishiga 431,5 mlrd so‘m (41 mln 189 ming AQSH dollari) sarflanishi mumkin ekan.  Eng asosiysi, loyiha to‘liq davlat byudjetidan moliyalashtirilmoqda.

 Avtoturargoh qurilishi rejalashtirilayotgan favvora. Bir paytlar u Toshkentdagi eng baland va eng mashhur favvora bo‘lgan. So‘nggi yillarda u qurilish ishlari tufayli devor bilan o‘rab qo‘yilgan.

“Gazeta.uz” davlat xaridlari portalida eʼlon qilingan bu haqdagi maʼlumotlarga eʼtibor qaratdi. Portal maʼlumotlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi 2019 yil 9 iyulda “12-trest” AJ bilan shartnoma tuzgan. O‘sha vaqtda shartnoma qiymati 207,82 mlrd so‘m deb belgilangan. Loyihani 2020 yil 31 dekabrgacha yakunlash, uni amalga oshirishni to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan edi.

2021 yil 29 mart kuni tomonlar qo‘shimcha bitim imzolagan, unga ko‘ra amalga oshirilishi mo‘ljallangan ishlarning qiymati 431,52 mlrd so‘mgacha ko‘tarildi.

Bundan tashqari, mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, buyurtmachi ikki yil ichida 113,6 milliard so‘mni moliyalashtirgan: 2019 yilda — Moliya vazirligining 18,5 mlrd so‘m va byudjet mablag‘lari hisobidan 42,8 mlrd so‘m, 2020 yilda — 46,2 mlrd so‘m davlat byudjetidan.

2021 yilda 97,89 mlrd so‘mni, qolgan 204,4 mlrd so‘mni esa mablag‘ ajratilishi bilan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

2GIS xizmati xaritasida Sharaf Rashidov shoh ko‘chasidagi 5-uy sifatida Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasi bilan Vazirlar Mahkamasi binosi o‘rtasida joylashgan 14-qavatli maʼmuriy bino ko‘rsatilgan. Ilgari unda Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi va Madaniyat vazirliklari joylashgan edi.

Ushbu binoda qaysi idora yoki vazirlik joylashtirilishi hozircha maʼlum emas. Davlat xaridlari portalida joylashtirilgan hujjatlarga ko‘ra, rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi 307−12-sonli «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati moddiy-texnik bazasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (hujjat ochiq manbalarda mavjud emas) asos qilib ko‘rsatilgan.

TREST-12 haqida

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri (KTYADR) maʼlumotlariga ko‘ra, “12-trest” kompaniyasi 1994 yil 7 dekabrda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — noturar binolar qurilishi. Rahbar sifatida Fahriddin Nazirov ko‘rsatilgan. Aksionerlar orasida Toshkent hokimligi (51,1%), Muazzam Saidaxmatovna Zakirova (19,1%), Jasur Batirovich Zakirov (14,1%), Muxayo Oktyabrevna Zakirova (13,1%) va yana 12 kishi (2,6%) bor.

“Gazeta.uz”dagi maʼlumotlarga ko‘ra, Jasur Zokirov va Muxayyo Zakirova qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va rafiqasi. Jismoniy shaxslar esa uning yaqin qarindoshlari. Vazirni o‘zi ham ilgari “12-trest” aksiyadorlari ro‘yxatiga 2019 yil iyul oyida kiritilgan (o‘sha vaqtda u qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, 1996−2011 yillarda — “12-trest” boshqaruv kengashi raisi sifatida ishlagan).

 Manbalar: KTYADR va IDXYAP.

Kompaniyaning tarixi 1979 yilga borib taqaladi, “Glavtashkentstroy” buyrug‘i bilan jamoat ishlarini bajarish uchun 12-sonli qurilish tresti tashkil etilgan. 1994 yilda trest “Trest-12” OAJ etib qayta tashkil etilgan, 2000 yilda esa u mustaqil yuridik shaxsga aylandi. 2017 yilda u MCHJga, 2018 yilda esa yana OAJga aylantirildi. So‘nggi 10 yil ichida bajarilgan ishlar hajmi 800 million dollardan oshgan.

Botir Zokirov

“12-trest” kompaniyasi Vazirlar Mahkamasi binosini (2001), Senat maʼmuriyati binosini (2004), Moliya vazirligi binolarini (2005), Singapur menejmentni rivojlantirish institutini (2008), Bunyodkor stadioni (2012), HYATT Regency mehmonxonasi (2016) va boshqalar (kompaniya veb-saytida 2017 yilgacha bo‘lgan loyihalar ro‘yxati) rekonstruksiyasi bilan shug‘ullangan. Barchasi bo‘lib, kompaniya 225 dan ortiq loyihani amalga oshirganligi haqida xabar berilgan.

So‘nggi loyihalar qatorida bosh pudratchi tomonidan tendersiz tanlangan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini ham ko‘rsatish mumkin. Loyihaning 2020 yil oktyabr oyidagi qiymati 988,2 milliard so‘mga baholangan (jumladan tadbirkor Alisher Usmonov hisobidan moliyalashtirilmoqda).

Eslatib o‘tamiz, “12-trest” xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga qo‘yilgan 62 ta davlat aktivi ro‘yxatiga kiritilgan edi.