NYT: Rossiyada pandemiya vaqtidagi o‘lim ko‘rsatkichlari AQSh va Yevropaga qaraganda yuqori

The New York Times nashri Rosstat maʼlumotlariga eʼtibor qaratdi va 2020 yil aprel-dekabr oylarida mamlakatdagi o‘lim ko‘rsatkichlari odatdagidan 28 foizga yuqori bo‘lganligini qayd etdi. Nashr Rossiyaga qaraganda ikki baravar ko‘p odam yashaydigan Qo‘shma Shtatlardagi o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqqoslash maʼlumotlarini keltirmoqda.

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab, 11 aprel holatiga ko‘ra, koronavirus tufayli 102 986 o‘lim haqida xabar bergan. Ushbu maʼlumotlar faqat COVID-19 sababli tasdiqlangan o‘limlarni hisobga oladi, bu esa autopsiya vaqtida qo‘shimcha tasdiqlashni talab qilmaydi. Rossiya bu maʼlumotlarni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yuboradi va mamlakat aholisini hisobga olgan holda, bu ko‘rsatkich AQSh yoki G‘arbiy Yevropaning aksariyat qismiga qaraganda ancha past bo‘lib chiqmoqda, deb qayd etdi The New York Times. Biroq, Rosstatning sabablardan qatʼiy nazar barcha o‘limlar maʼlumotlari statistikasi boshqa vaziyatni ko‘rsatmoqda, deb yozadi gazeta. Rossiyada o‘lim soni odatdagidan 362302 odamga yoki 28% ga ko‘proq. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya nashr tomonidan maʼlumotlari tahlil qilingan boshqa mamlakatlarni “ortda qoldirdi”.

2020 yil mart oyining o‘rtalaridan dekabr oyiga qadar kasallikka chalinish eng ko‘p kuzatilgan Qo‘shma Shtatlarda o‘limning ortiqcha ko‘rsatkichi 385 100 kishini tashkil etdi. Bundan 316,370 o‘lim COVID-19 bilan bog‘liq. Qo‘shma Shtatlar aholisi Rossiyaga qaraganda ikki baravar ko‘p bo‘lishiga qaramay, mamlakatda ortiqcha o‘lim darajasi 17 foizni tashkil etdi.

Italiyada o‘limning ortiqcha darajasi 85,600 kishi (19%)ni tashkil etib, shundan 55,535 holatda o‘lim COVID-19 oqibatida yuz bergan; Buyuk Britaniyada – 79,700 (17%), Fransiyada – 53100 (12%) ko‘rsatkich qayd etilgan.

Amerika nashrining yozishicha, ushbu tafovutlar Kremlning Rossiya dunyoning ko‘plab mamlakatlariga qaraganda pandemiya va uning oqibatlarini tezroq va osonroq yengayotganligi, haqidagi bayonotlariga shubha tug‘diradi.

2020 yil dekabr oyida Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova koronavirus qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab va Rosstat maʼlumotlari ishonchli ekanligini va rasmiylar koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan o‘lim statistikasini yashirmasligini maʼlum qilgandi. Bundan biroz oldin Sberbank mutaxassislari haqiqiy raqamlar rasmiy raqamlardan deyarli olti baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini hisoblab chiqishgan, chunki ular statistika virusni simptomsiz ravishda yuqtirganlarni hisobga olmaydilar.