Biz qachon ishlaymiz?

Buni tepadagi postning davomi, deb tushunsangiz ham bo‘ladi. Chunki mohiyat eʼtibori bir xil — majlisbozliklar haqida.

Bu jarayonning qanday shitob bilan ketayotganini ko‘chaga chiqmay, uyda o‘tirib bilsangiz ham bo‘ladi. Tilvizordan. Axborotni qo‘yasiz, tamom! U maʼlumot beradi.

Qariyb bir soatlik informatsion dastur baʼzan boshdan-oyoq majlislar tafsilotiga bag‘ishlanadi. Prezidentniki, Hukumatniki bo‘lsa, to‘g‘ri tushunamiz, lekin turli vazirliklar, tarmoqlar, boshqarmalar o‘tkazayotgan majlislarning sharhi bizga nimaga kerak?

Unchalik “uzun quloq”qa o‘xshamagan gaplarga ko‘ra, hozirgi kunda “Axborot”jonda tijorat asosida maxsus reportaj berish narxi (1 daqiqasi) 40 million so‘mdan yuqoriroq. 5 daqiqa bersa, 200 million. Bu katta pulmi, maydami?…

Shu pulni TV raqamiga o‘tkazib, qilingan, qilinmagan ishini tepaga ko‘z-ko‘zlayotgan tashkilotlar, korxonalar yo‘q, deb kim ayta oladi? Qolaversa, ular qilayotgan ishlarimizni Prezident ko‘rsin, mening fidoyiligimni bilib qo‘ysin, degan maqsadda shunday qilishadimi yoki boshqa biz bilmagan falsafiy jihatlari bormi buning?

G‘alati-da, TVni shunday ochsang majlis, keyin ortidan bittasi chiqib bu majlisning mohiyati haqida chirqillaydi. Ortidan ikkinchi, uchinchi joydagi majlislar…

Nima, MTRK qozichilik qilishga o‘tib olganmi? Bu vazirlik mana bunday ishlayotir, bu tarmoq falon vazifalarning udasidan chiqayotir, deya Prezidentga ularni alqashmi uning ishi? Undan ko‘ra, Prezident bergan topshiriqlarni bajarmayotgan rahbarlarning faoliyatini ko‘rsatsa to‘g‘ri bo‘lmaydimi?

Ertadan kechgacha o‘zimizni maqtab, mahliyo bo‘lib, esankirab kelgan joyimizni ko‘rib turibmiz-ku! Buning ustiga, davlat rahbarining o‘zi bir necha bor majlisbozlikni to‘xtatish haqida gapirdi. Bizda esa u avjiga chiqayotir. Ustiga-ustak, hammasi lalmi gurunglar.

Bu odamlarni ko‘p narsalardan sovitib yuborishi mumkin. Nega desangiz, majlisdagi gaplar bilan real hayotdagi gaplar ko‘pincha bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi.

Xullas, bu boradagi ojizona fikrimiz shulki, vazirlarimiz, rahbarchalarimiz tinmay majlis qilib TVga chiqishga ishtiyoqni chetga surib, asosiy vazifasi — davlatning ishi, xalq oldidagi masʼuliyatini ham esga olsa foydadan xoli bo‘lmasdi.