Aholi daromadlari oshmoqda shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari ham

Tarkibiy o‘zgarishlar bor

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2021 yilning uch oyida, aholining jami daromadlari 22,1%ga o‘sgan, daromadlarning real o‘sishi 9,8%ni, jon boshiga real o‘sishi esa 7,7%ni tashkil etgan.

Jon boshiga eng katta daromad haliyam Toshkent shahrida – 6,3 mln.so‘m. Eng past ko‘rsatkich – Namanganda – 1,9 mln.so‘m.

Aholi daromadlarining real o‘sishi surʼati bo‘yicha Xorazm viloyati 11,2%lik ko‘rsatkich bilan barcha hududlarni ortda qoldirgan. Bunda pul o‘tkazmalarining o‘rni alohida.

O‘zbekistonliklarning jami daromadlari tarkibida transfertlar, xususan, pul o‘tkazmalarining ulushi o‘tgan yilgi 25,3%dan 27,7%ga yetgan.

Mol-mulkdan (ijara, foizlar, dividendlar) olingan daromadlar ulushi esa, aksincha 6,0%dan 3,7%gacha pasaygan. Mol-mulkdan olingan jami daromadlarning 54,6%i faqat Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Boshqacha aytganda, dividend oluvchilar ham Toshkentda, depozitdan foiz oluvchilar ham, ijara daromadiga egalar ham Toshkentda jamlangan.

Bu yaxshi ko‘rsatkich albatta. Biroq, “Tashqi bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha xatarlar yuqoriligicha qolmoqda”

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz  qoldirish bo‘yicha qarorning Press-relizi eʼlon qilindi.

Sanalgan xatarlar qatorida oziq-ovqat narxlari bo‘yicha kutilmalar alohida o‘rin tutadi.

Xususan, relizda qayd etilishicha:

“Qisqa muddatli istiqbolda ayrim turdagi asosiy oziq-ovqat narxlarining sezilarli o‘sishi, bir tomondan, hosildorlikning kam bo‘lganligi va ayrim davlatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga nisbatan kiritilayotgan cheklovlar taʼsirida tashqi bozorlardagi narxlarning o‘sishi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, ushbu mahsulotlarni import qilishda konsentratsiya darajasi va ichki ishlab chiqarishda tannarx xarajatlarining nisbatan yuqoriligi bilan izohlanadi”.     

“Oziq-ovqat narxlari dinamikasi bo‘yicha xatarlarning oshib borishi sharoitda ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlashda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlash bo‘yicha yagona davlat strategiyasi, import bozorlarini diversifikatsiya qilish, importda konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish va transport xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini beradi”.

Material “bankiroff” kanalidan olindi