Tojikiston maktab o‘quvchilari kaltaklangani sababli Qirg‘iziston elchisiga nota topshirdi

Qirg‘izistonning Tojikistondagi elchisi Janish Rustenbekov 27 aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgani haqida xabar berildi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Husaynzoda qirg‘iz diplomatiga Qirg‘iziston Chegara xizmati vakillarining mamlakatning voyaga yetmagan ikki fuqarosiga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari munosabati bilan nota topshirdi, deb xabar qilmoqda TIV Axborot departamenti.

“Notada tojik tomonining Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati vakillarining Tojikistonning voyaga etmagan ikki fuqarosiga nisbatan Isfara shahrining Vorux jamoati Kuliq hududida noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan chuqur xavotiri bildirilgan”, deyiladi xabarda.

Muzaffar Husaynzoda chegara zonasida keskinlikka olib keladigan bunday noqonuniy xatti-harakatlarning yo‘l qo‘yilmasligini eʼlon qildi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rahbarining o‘rinbosari Qirg‘iziston tomonini voqea uchun aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, u natijalarni Tojikiston tomonini xabardor qilishga chaqirdi.

“Tojikiston tomoni ikki qardosh xalqning anʼanalari va mushtarak madaniy qadriyatlari asosida tinchlik, barqarorlik va o‘zaro hurmat sharoitida Qirg‘iziston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini izchil rivojlantirish tarafdoridir”, – deya izohladi Muzaffar Husaynzoda.

Eslatib o‘tamiz, kecha Vorux jamoatining maʼmuriyati qirg‘iz chegarachilari “jamoatning ikkita maktab o‘quvchisini o‘g‘irlab ketishdi va kaltakladilar” deb xabar berishdi. Qayd etilishicha, bolalar Vorux jamoatining Zaxmatobod mahallasi yaqinidagi yaylovda mol boqishgan va bu Tojikiston hududi bo‘lgan. Faqat bir soat o‘tgach, tojik chegarachilarining aralashuvidan so‘ng qirg‘iz harbiylari bolalarni qaytarib berishgan.