Chegaralar masalasini hal etish mumkinmi?

Markaziy Osiyodagi chegaralar har doim mojarolar manbasi bo‘lib qolaveradi, chunki ular bir zamonlar mintaqa ko‘p millatli aholisini bo‘lib tashlashga va etnik munosabatlar tarangligini saqlab qolishga uringan Stalinning ulkan qalami bilan chizib berilgan“, degan bahsli fikr mavjud. Tarixchi Aleksandr Morrison 2017 yilda eʼlon qilingan maqolasida qo‘lidagi ko‘plab havolalar yordamida ushbu bahsli fikrni  rad etishga urindi. Uning iddaosicha, “Farg‘ona vodiysi hududidagi chegaralar va anklavlarning murakkab aralash-quralashligi Makiavelli ruhidagi millatlar orasiga dushmanlik urug‘larini sepishni maqsad qilib olgan stalincha fitnaning bir bo‘lagi emas, aksincha, o‘ta milliy rang-baranglikni va mahalliy millatchilar talablarini o‘z ichiga olgan chalkash voqeliklarga moslashishga urinishdan iborat bo‘lgan”.

Muallifning mintaqa aholisi o‘rtalaridagi jismoniy va nojismoniy chegaralarni o‘zi aniqlashi, tinchlik o‘rnatish va uni qo‘llab-quvvatlash, umuman olganda, o‘z taqdiri egasi bo‘lishiga ishonchi komil edi.

Biroq 28 aprelda Tojikiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida yuz bergan mojaro ushbu nekbin qarashga shubha uyg‘otmoqda. Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi mojarolar, ayniqsa, Qirg‘izistonning So‘x, Shohimardon va Vorux anklavlari bor Botken viloyatida tez-tez sodir bo‘lib turibdi, viloyatning o‘zi esa nafaqat Bishkek, hatto O‘shdan ham uzoqda joylashgan. Lekin bu safar mojaroga harbiy texnika bilan qurol-yarog‘ aralashdi. Ikkala tomondan ham halok bo‘lganlar va yaralangan soni tasodifiy otishmalar chegarasidan chiqib, yuz nafardan ham oshib ketdi.

Garchi ayni mojaroning og‘ir bosqichi ortda qolganday tuyulayotgan, ikki mamlakat mudofaa vazirlari va bosh vazirlari shoshilinch majlislar o‘tkazib, 29 aprelda mahalliy vaqt bilan 20:00 da o‘t ochishni butunlay to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan bo‘lsa-da, bunday jadal kechayotgan mojaroni tez orada nazoratga olib, to‘xtatish oson bo‘lmasligi aniq. Tushkunlik uchun bir necha sabablar aytilmoqda.

Birinchidan, chegara bo‘yidagi qishloqlar aholisi o‘rtasidagi suv resurslaridan birga foydalanish bilan bog‘liq noxush hodisa yana avj oldi, suvga oid har qanday xatti-harakat mojarolarga turtki beradi, chunki ular aholi manfaatlari va farovonligiga bevosita daxl qiladi. Chegara hududidagi mahalliy aholi o‘rtasida ishonch va bag‘rikenglik yo‘q. Ikkala mamlakatda ham daromadlar keskin qisqarib ketgan paytda yer bilan suv (haydaladigan yerlarni sug‘orish uchun) daromadning yagona manbasiga aylanadi. Tojikistonda odamlar Qirg‘iziston hokimiyati suvni nohalol taqsimlayapti, deb hisoblaydi. Dehqonchilik ishlari boshlangan bahor va yozda suv sarfi o‘nlab barobar oshadi va qo‘shnilar o‘rtasidagi mojarolar keskinlashadi.

Bu safar o‘zaro janjal Tojikiston tarafi vakillari suv olish joyidagi ustunga suv taqsimotini nazorat qiladigan videokuzatuv kamerasini o‘rnatishga uringandan so‘ng boshlanib ketdi. Qirg‘iziston tarafi vakillarining bundan jahli chiqib, ustunni arralashga kirishgan. Shundan so‘ng adi-badi aytilib, mojaro ishtirokchilari bir-biriga qarata tosh otishga o‘tgan, oradan ko‘p o‘tmay esa o‘q ovozlari yangragan.

Mojarolar shu tarzda tez-tez quyidan boshlanmoqda. Xavotir olish uchun ikkinchi sabab shu. Harbiy harakatlarning bunday shiddat bilan rivojlanishi mamlakatlar chegarabo‘yi kuchlari harakatlarning agressiv algoritmiga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Ikki xalq aholisi o‘rtasidagi mojaroni ko‘rgan harbiy xizmatchilar chegara hududiga harbiy texnikani olib kelib, o‘t ochdi. Hokimiyati o‘zini saqlab qolish uchun milliy masalani o‘rtaga olib chiqayotgan mamlakatlar uchun arzimagan narsalar bahonasida janjal boshlash asosiy ssenariyga aylanmoqda. Bu Markaziy Osiyoning identiteti – ayniligini aniqlab olish bilan mashg‘ul bo‘lgan barcha mamlakatlari uchun tushunarli hol, biroq mintaqaning yirik bo‘lmagan mamlakatlari – Tojikiston va Qirg‘iziston uchun alohida ahamiyatga ega. Ikkala mamlakatning ham ichki ixtiloflardan olingan jarohati bor (Tojikistonda – fuqarolar urushi, Qirg‘izistonda esa – bir qancha siyosiy davlat to‘ntirishi va 2010 yili O‘shda yuz bergan ulkan mojaro).

Ushbu mojaro Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi chegara muammolarini bartaraf etish bo‘yicha faol muzokaralar olib borilayotgan paytda ro‘y bergani ayanchlidir. Olinayotgan xabarlarga ko‘ra, muzokaralar silliq kechayotgani yo‘q. Chegarada ro‘y bergan to‘qnashuv tomonlar harbiy imkoniyatlari va qatʼiyatini namoyish etish orqali muzokaralar jarayonida tashabbusni qo‘liga olishga urinayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, lekin aslida ular hali ham qatʼiy siyosiy iroda ko‘rsatib, chegara masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqot boshlashga tayyor emas. Bu quyidan boshlangan mojaro tepada qo‘llab-quvvatlanishini anglatadi.

Yaqinda Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston muzokara o‘tkazib, hatto davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasini hal etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgani eʼtiborga molik. Biroq ushbu kelishuvlar ham yaqin atrofdagi tumanlar aholisi noroziligiga sabab bo‘ldi va jarayon yana joyida depsinib qolishi hech gap emas.

Umuman, chegaralar masalasini hal etish mumkinmi?

Mana shu yerda ayni mojarolarning uchinchi – umidbaxsh bo‘lmagan jihati, yaʼni uchinchi tomon zarurati ko‘zga tashlanadi. Garchi ikkala mamlakat vazirlari mojaroli vaziyatni “tinch yo‘l va siyosiy-diplomatik muzokaralar orqali” izga solishning “o‘ta zarurligi”ni taʼkidlagan bo‘lsa-da, bayonotlar ohangini umuman do‘stona deb bo‘lmaydi. “Vazir Ruslan Qazaqbayev qirg‘iz tarafi boshqalarning hududiga daʼvo qilmaydi va o‘z yerini birovga ham berib qo‘ymoqchi emas, deya taʼkidladi”, deb uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Qirg‘iziston TIV rahbari matbuot xizmati.

Yana KXShT ham bayonot berib, “Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyatni batafsil va diqqat bilan kuzatib turgani va o‘rganayotgani” haqida bayonot berdi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa tomonlarni yaxshi qo‘shnichilik ruhi va qardoshlik aloqalarini esga olishga daʼvat etdi. Ushbu yaxshi qo‘shnichilik ruhi tashabbuskori hisoblanadigan va Qirg‘iziston bilan Todjikiston chegarasidagi mojarodan Turkmanistonda muzokara qilayotgan payti xabar topgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaxshi vositachi bo‘lishi mumkin. Biroq O‘zbekistonning Dushanbe bilan ham, Bishkek bilan ham o‘zaro munosabatlari tarixi bor. Boz ustiga, Imomali Rahmon ancha oldin siyosat bobida “otaxon”ga aylangan bo‘lsa, Qirg‘izistoninng yangi prezidenti Sadir Japarovning diplomatik qobiliyati va tashqi siyosat borasidagi mavqei hali maʼlum emas. Qozog‘iston va prezident To‘qayev esa mintaqa ishlari bilan shug‘ullanishdan ko‘ra ko‘proq madaniy diplomatiya va milliy brendingni rivojlantirish bilan band.

Oxir-oqibat nima qolyapti? Chegara muammolarining hal etilmagani pirovardida ikkita alohida mamlakatning emas, butun boshli mintaqaning zaifligini ko‘rsatmoqda. Qashshoqlik va etnik millatchilik mintaqaviy hamkorlikning har qanday retsepti uchun sifatsiz “masalliqlar”dir. Tashqi kuchlar deb ataluvchi omillar istalgan payt mana shu zaif joydan foydalanib qolish payida bo‘ladi. Shu o‘rinda arzimas bo‘lib ko‘ringan bir narsani aytib o‘tish joiz: mojaro joyidan olinayotgan maʼlumotlarga qaraganda, harbiylar Rossiya texnikasi bilan bir qatorda Xitoy harbiy mashinalari va qurollarini ham qo‘llamoqda. Buning maʼnosi shuki, bugun tomonlar chegaraga oid bahslarni hal eta olmasa, ertaga u yerdagi xavfsizlik masalasini nafaqat Rossiya, qolaversa, Xitoy “qalamlari” hal qiladi, chunki Xitoyning mintaqadagi manfaatlari kun osha kengayib bormoqda.