AQSh O‘zbekiston va Tojikiston nomzodini ko‘rib chiqmoqda

AQSh Afg‘onistondan olib chiqayotgan qo‘shinlarini Markaziy Osiyo, Fors ko‘rfazi yoki alohida dengiz kemalariga ko‘chirishi mumkin, deb maʼlum qilmoqda The Wall Street Journal nashri.

Taʼkidlanishicha, Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston eng yaxshi variant bo‘lishi mumkin. Ammo, Rossiyaning mintaqadagi “katta harbiy ishtiroki” va Xitoyning tobora kuchayib borayotgan taʼsiri bunga yo‘l qo‘ymasligi mumkin.

Nashrning yozishicha, Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlash va Tolibonni jilovlash uchun Qo‘shma Shtatlar harbiy xizmatchilar, uchuvchisiz samolyotlar, bombardimonchi vositalar va artilleriyani joylashtirish uchun bazalarga muhtoj.

Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoda harbiy bazalarni joylashtirishni so‘ramagan, ammo bu variant Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti va Oq uy tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Nashr manbalarining taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya va Xitoy taʼsirini muvozanatlashtirmoqchi, Moskva va Pekin esa Vashingtonning mintaqada barqarorlikni taʼminlashidan manfaatdor.

Nashr may oyida AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod O‘zbekiston va Tojikistonga tashrif buyurganini eslagan. Aytilishicha, u Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgan. Manbaning taʼkidlashicha, O‘zbekiston va Tojikiston mintaqada zo‘ravonlik tarqalishidan xavotirda.

Bir necha yillar avval O‘zbekiston va Qirg‘izistonda AQSh bazalari mavjud edi. Ular Afg‘onistonda kuchlarni joylashtirish va operatsiyalarni o‘tkazish uchun ishlatilgan. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistondagi bazani 2005 yilda, Qirg‘izistonda esa deyarli 10 yil o‘tib tark etgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden aprel oyida NATO qo‘shinlarini Afg‘onistonni tark etish muddati AQShning bu mamlakatga kirib kelishiga sabab bo‘lgan 2021 yil 11 sentyabrdagi terroristik hujumlarga 20 yil to‘lishi arafasida bo‘lishini maʼlum qilgandi.

Shundan so‘ng Afg‘onistonda bir nechta yirik terroristik hujumlar sodir bo‘ldi.