Qozog‘istonning xorijliklarga yer sotishni taqiqlovchi qonuni Xitoy uchun keskin mujda bo‘ldi

Qozog‘istonliklar xitoylik xaridorlarning Qozog‘istondagi qishloq xo‘jaligi yerlarini keng miqyosda sotib olib, ularni Pekinning «Bir kamar – bir yo‘l» tashabbusi uchun qo‘llashi mumkinligidan xavotirda edilar.

Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi yerlarini xorijliklarga sotishni taqiqlashi mamlakatning Xitoy ekspansiyasi va investitsiyaviy sxemalaridan xavotiri kuchayib borayotganidan darak bermoqda.

Yer kodeksiga kiritilgan shubhali o‘zgartirishlar ortidan rejimga kuchli taʼsir qilgan va Xitoyga qarshi kayfiyatni kuchaytirgan ommaviy noroziliklardan so‘ng, 2016 yilda yerni xorijliklarga lizingga berish va sotishning to‘xtatilishi qonuniylashtirilgan.

O‘sha yilgi noroziliklar hukumatning xorijliklar uchun yer lizingini uzaytirish masalasida yer kodeksiga o‘zgartirish kiritish haqidagi taklifi ortidan boshlangan. Bu taklif loyihalarni investorlarga jozibador ko‘rsatishi aytilsa-da, xitoylik xaridorlar Qozog‘istonda katta hududdagi qishloq xo‘jaligi yerlarini sotib olishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirgan.

Xitoy bilan bitimlar norozilikka sabab boʻlmoqda

Pekin oʻzini iqtisodiy hamkor sifatida namoyon qilayotganiga qaramay, Xitoyning Qozogʻistondagi xatti-harakatlari tashvish va noroziliklar keltirib chiqarmoqda.

Qozogʻiston hukumati qoʻshni Xitoydan investitsiya kiritilishini kutgan. Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo mamlakatini Pekinning trillion dollarlik “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusining bogʻlovchi qismi deb ham atagan.

Ammo joylardagi vaziyat umuman boshqacha. Qozoqlar bu loyihaning Xitoyga salkam egalik huquqini beruvchi qishloq xoʻjaligi yerlarini sotib olish yoki manfaatli, uzoq muddatli shartnomalarni imzolash imkoniyatini berishidan xavotirda.

Tahlilchilarning ogohlantirishicha, keragidan ortiq maqtalgan “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi Markaziy Osiyo mamlakatlarining Pekinga juda uzoq muddatga qarzdor boʻlib qolishiga olib kelishi mumkin.

“Bir kamar – bir yoʻl” Xitoyning geosiyosiy maqsadlari uchun muhim vositadir, deyiladi Vashingtondagi Yangi Amerika xavfsizligi tadqiqot markazining 2019-yil apreldagi hisobotida.

“Mezbon tarafning nazoratni boy berish, shaffofsizlik, qarz, ikkilamchi qoʻllash imkoniyatlari va korrupsiya kabilarga olib keluvchi majburiyatlari Pekinning strategik aktivi hisoblanadi”, deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, Xitoyning soʻnggi bayonotlari Pekinning Qozogʻiston suverenitetini tan olishini shubha ostiga qoʻymoqda.

“Xitoy va Qozogʻiston qurolli kuchlari “uchta yovuz kuch” bilan qatʼiy kurashmoqda va mintaqada “rangli inqilob” boshlanishiga qarshilik qilmoqda”, deb aytgan Xitoyning Qozogʻistondagi elchisi Chjan Syao 1-avgust kuni qozoq ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.

Pekin “uchta yovuz kuch” atamasini terrorchilik, ekstremizm va ayirmachilikka nisbatan qoʻllab keladi.

Koʻpchilik qozogʻistonliklar esa “rangli inqilob”ning tilga olinishini Xitoy Qozogʻistonga oʻz qurolli kuchlarini yubormoqchi, deb tushungan.

2020-yil aprel oyida Xitoyning Sohu.com veb-saytida Qozogʻistonning oʻz hududiga nisbatan suverenitetini shubha ostiga olgan va bu yerlar tarixda Xitoyga qarashli boʻlgani hamda “Qozogʻiston Sin sulolasining vassali boʻlganini” taʼkidlagan maqola chop etilishi ortidan Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi norozilik notasi topshirish uchun Xitoy elchisi Chjanni chaqirtirgan edi.

Pekinning hududiy daʼvolari Markaziy Osiyodagi aksilxitoy kayfiyatini kuchaytirmoqda, degan edi Orbita.kg nashrining jurnalisti Mars Abayev oʻtgan yil oktabr oyida.

Bu bayonotlar, shuningdek, Markaziy Osiyodagi yana bir hududning Xitoyga tom maʼnoda boy berilishi qozogʻistonliklarning xavotiriga asos boʻldi.

2011-yilda Tojikistonning 1100 kv. km hududi Xitoy ixtiyoriga oʻtkazilgani koʻplab tojikistonliklarni junbushga keltirib, boshqa Markaziy Osiyoliklarning ham eʼtiborini tortgan edi. Tojikiston bu yerlarni oʻz qarzlarining bir qismidan qutulish uchun Xitoy ixtiyoriga topshirgan.

Shinjon saboqlari

Xitoyning Shinjondagi musulmonlarni siquvga olishi qozogʻistonliklarning Pekinga nisbatan noroziligini yanada kuchaytirgan.

“Qozogʻistondagi yer islohotiga qarshi norozilik namoyishlariga asosan aksilxitoy kayfiyatlari sabab boʻlgan”, deydi Istanbulda istiqomat qiluvchi qozogʻistonlik inson huquqlari faoli Serikjan Bilash.

“Qozogʻistonliklar mamlakatga xitoyliklar kelishini istamaydi. Xitoyliklar Shinjondagi vatandoshlarimizni [etnik qozoqlarni] va boshqa musulmon ozchiliklar vakillarini taʼqib qilmoqdalar, ularning fundamental insoniy huquqlarini poymol qilmoqdalar, ularni qayta tarbiyalash lagerlariga yuborib, dahshatli sharoitlarda ushlab, qiynoqqa solmoqdalar”, dedi u.

“Biz xorijliklarga yer sotish va ijaraga berishnigina emas, balki Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasini, shu jumladan Qozogʻistonda yangi Xitoy korxonalarining ochilishini ham qonunan taqiqlashga erishishimiz lozim”, deb qoʻshimcha qildi u.

Pekin bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiy musulmonlarni, jumladan qozoq va qirgʻizlarni“siyosiy taʼlim” lagerlari, tergov izolyatorlari va qamoqxonalardan iborat 400 ga yaqin muassasada hibsda saqlamoqda.

Hatto Shinjonga qarindoshlarini koʻrgani borgan qozogʻistonliklar ham hibsxonalarga tushib qolishgan.

Bu hududda kamida 1,5 million qozoq istiqomat qiladi. Ular uygʻurlardan keyin eng yirik turkiy etnik guruhdir.

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin keyinroq ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urindi.

Ammo, mustaqil tergovlar va sobiq mahbuslar, qoʻriqchilardan olingan intervyularda muntazam zoʻrlashlar, qiynoqlar, jinsiy tahqirlash, majburiy sterilizatsiya va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.