Qirg‘iziston va Turkiya o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirishi aytilmoqda

Qirg‘iziston va Turkiya o‘zaro tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda, dedi respublikaning Anqaradagi elchisi Quvanchbek Omuraliyev.

Diplomat o‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 507 million dollarni tashkil etganini aytdi hamda: “Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik strategik maqomga ega. Ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib bormoqda», – deya taʼkidladi.

“Qirg‘iziston birodar Turkiya bilan qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, gidroenergetika va boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma sanoat korxonalarini yaratishdan manfaatdor”, dedi qirg‘iz diplomati.

Omuraliyev ikki tomonlama soliqqa tortilmaslik va investitsiyalarni rag‘batlantirish hamda himoya qilish to‘g‘risidagi bitim Turkiya va Qirg‘iziston o‘rtasida amal qilayotganiga eʼtibor qaratdi.

«Men turkiyalik sarmoyadorlarni mamlakatimizga faol sarmoya kiritishga va biznes yuritishga chaqiraman. Bundan tashqari, Prezident Sadir Japarov tashabbusi bilan yangi investitsiya qonunchiligi ishlab chiqilmoqda. Qonun investorlarning huquqlarini himoya qilishga, shuningdek davlat ko‘magi bilan investitsiya faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan», – deya qo‘shimcha qildi u.

Diplomat, shuningdek, pandemiya davrida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada yaxshilanganini taʼkidladi. “2020 yil 15 iyulda Turkiya Qirg‘izistonga dori-darmon va kislorod uskunalarini o‘z ichiga olgan gumanitar yordam yubordi. Pandemiya paytida Bishkekda Qirg‘iz-turk do‘stlik kasalxonasini vaqtincha ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tez orada shifoxonaning to‘laqonli ishlashi kutilmoqda», – deb umid bildirdi Omuraliyev.

Eslatib o‘tamiz “Kanada oltin qazib chiqaruvchi kompaniya xalqaro sudga Qirg‘iziston hukumati ustidan  shikoyat qilgan”: “Centerra Gold” kompaniyasi respublika rasmiylari “Qumtor koni faoliyati asoslarini buzmoqda va har qanday masalada kompaniya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotgani esa ilgari tuzilgan investitsiya shartnomalarini bajarilmasligiga olib kelmoqda”- deyilmoqda.

Daʼvo Stokgolm arbitrajida ko‘rib chiqiladi.

Kecha Yevropa Banki (YETTB) Qirg‘izistondagi Qumtor oltin konini milliylashtirish mumkinligidan xavotir bildirdi. Hozirda konni Kanada kompaniyasi boshqarmoqda.