AQSh Tojikistonga COVID-19 sinov uskunalari va ashyolarini yetkazib berdi

Pandemiya boshlanganidan beri Qoʻshma Shtatlar Tojikistonga qariyb 600 ming dollarlik yordam taqdim etgan.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) yaqinda Tojikiston sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qiymati 264985 AQSh dollariga (3 mln somoniy) teng COVID-19 laboratoriya jihozlari va materiallarini taqdim etdi. Bu haqda AQSHning Tojikistondagi elchixonasi juma (21-may) kungi bayonotida maʼlum qilgan.

“Biologik xavfsizlik shkaflari, oʻta past haroratli (-86 °C) muzlatkichlar va boshqa laboratoriya jihozlari, jumladan viruslarni tashish va saqlash vositalari, biologik xavfli moddalarni yoʻq qilish stendlari va steril filtrlar uchliklari shular jumlasidandir”, deyiladi elchixona xabarida.

Pandemiya boshlanganidan buyon CDC tomonidan Tojikistonga begʻaraz taqdim etilgan uskunalar va laboratoriya materiallarining qiymati 584305 AQSH dollarini (6,6 mln somoniy) tashkil etgan. Ular Sogʻliqni saqlash vazirligining Isfara, Istaravshan, Qubodiyon va Panjakent tumanlaridagi laboratoriyalari ixtiyoriga topshiriladi.

“Vazirlik bilan hamkorlik pandemiyadan ancha oldin boshlangan va u tugaganidan keyin ham davom etadi. Amerikaning Tojikiston va butun Markaziy Osiyodagi aholi salomatligini yaxshilash yoʻlidagi koʻmagi qatʼiy majburiyatdir”, dedi CDCning Markaziy Osiyo boʻyicha rahbari, doktor Daniyel Singer.

AQSh koʻmagining turli koʻrinishlari

CDC epidemiya boshlanganidan beri Markaziy Osiyo mamlakatlari sogʻliqni saqlash vazirliklarini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

U “favqulodda choralar, laboratoriya operatsiyalari, yuqumli kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish, kirish punktlaridagi skrining, xatarlar haqida ogohlantirish va jamoatchilik ishtiroki, shuningdek kasalliklar ustidan epidemiologik nazorat boʻyicha treninglar tashkil qiladi va texnik koʻmak koʻrsatadi”, deyiladi xabarda.

CDC sogʻliqni saqlash sohasida Markaziy Osiyo hukumatlari bilan uzoq yillardan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Uning Markaziy Osiyodagi ilk vakolatxonasi 1995 yilda Olmaotada ochilgan.

Bugungi kunda CDCning Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonda vakolatxonalari bor.

CDC “Kasalliklarni aniqlash, oldini olish va chora koʻrishda har bir mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda mahalliy laboratoriyalar va kasalliklar nazoratini yaxshilash, kadrlar salohiyatini kuchaytirish ustida ish olib boradi”, deyiladi bayonotda.