Asad 95 foiz ovoz bilan 7 yillik muddatga saylandi

Eron hukumati adolatli saylovlarga to‘sqinlik qilishga urinayotgan bir vaqtda, Suriya diktatori o‘zi uchun yana bir prezidentlik muddatini taʼminladi.

Bashar al-Asad 95 foiz ovoz bilan urush davom etayotgan mamlakat prezidenti lavozimiga to‘rtinchi bor qayta 7 yillik muddatga saylandi.

Muxolifat va bir qator G‘arb davlatlari saylovlarni “soxta” deb, rad etishdi.

Asad o‘z nomzodini saylovlarda umuman hech kim bilmagan ikki shaxsga qarshi ilgari surdi. Aytgancha, uning oila aʼzolari mana qariyb 50 yil davomida qatʼiy ravishda mamlakat rahbari lavozimiga saylanib kelishmoqda.

Qizig‘i shundaki, Suriya kurdlari va ularning ittifoqchilari qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan Suriyaning shimoli-sharqida yoki Suriyaning isyonchilarning so‘nggi yirik qarorgohi bo‘lgan Idlib viloyatining shimoli-g‘arbiy qismida ovoz berish jarayonlari o‘tkazilmadi.

Chet elda yashovchi Suriya fuqarolari o‘sha yerdagi elchixonalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida, faqatgina mamlakatni tark etish to‘g‘risidagi muhr bosilgan amaldagi pasportga ega bo‘lsalargina ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bu talab esa ovoz berishning chet eldagi millionlab suriyalik qochqinlar uchun mavjud emasligini anglatardi.