Markaziy Osiyo tinchlikparvar kuchlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilgandan so‘ng

Xalqaro hayotning ayni paytdagi eng dolzarb muammolaridan biri AQSh qurolli kuchlarining Afg‘oniston Islom Respublikasidan (AIR) asta-sekin olib chiqib ketila boshlaganidir. Ushbu voqea mintaqaning Afg‘onistondagi 30 yildan oshiq davom etayotgan mojaroga chek qo‘yishga intilish sabab bo‘lgan inqirozli rivojlanishidagi kulminatsion nuqtadir, ayni chog‘da bu hol Markaziy va Janubiy Osiyo (MJO) mintaqasi atrofidagi jug‘rofiy-siyosiy kurashni keskinlashtirmoqda. “Kengaytirilgan uchlik”ning 18 martda Moskvada, 30 aprelda esa Qatarda bo‘lib o‘tgan hamda Istanbulda AQSH boshchiligida ayni mavzuda o‘tkazilishi kutilayotgan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik vaqtiga to‘g‘ri kelgan uchrashuvlari natijalari o‘sha tamoyillarning inʼikosidir. Taxmin sifatida shuni aytish mumkinki, ushbu voqealar jamlanmasi Markaziy Osiyo (MO) mintaqasi davlatlari chegarasida yangi zo‘ravonliklar to‘lqini va fuqarolar urushi avj olib ketishiga sabab bo‘ladi, eng yaxshi holatda esa Afg‘onistondagi boshqaruv tizimiga ko‘plab nomaʼlum va o‘zgaruvchan vositalar bilan daxl qiladi va bu MO mamlakatlarida alohida tashvish uyg‘otadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari

Qo‘shni mamlakat Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgani va ushbu mamlakatdan kelayotgan muammo va xatarlarga munosib javob qaytarishi qiyin bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari u yerda barqarorlik va tinchlik bo‘lishidan hammadan ko‘ra ko‘proq manfaatdordir. Ular uchun Afg‘onistonning iqtisodiy sherik, Ipak yo‘lining ham Eron (Chobahor), ham Pokiston (Gvadar) marshrutlari doirasida jahon bozorlariga chiqish uchun muqobil tranzit hudud sifatidagi maqomi ham juda muhimdir. Markaziy Osiyoning eng yirik savdo va tranzit habi – markazi va MJOga elektr quvvati yetkazib beruvchi mintaqaga aylanishi, shunga ko‘ra, mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyotga erishishi ushbu vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq ekani hech kimga sir emas. Jarayonning energetika bilan bog‘liq qismi MO mamlakatlarini Osiyo hamda Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa bozorlari bilan bog‘lashning potensial imkoniyatlari hisobga olinsa, katta ahamiyatga ega ekani maʼlum bo‘ladi, qolaversa, bu Amerika va Turkiya munosabatlarining hozirgi maqomiga ham zid emas. Umuman olganda, MO mamlakatlarining Afg‘onistondagi faolligini shu bilan tushuntirish mumkin.

Shunday qilib, Afg‘oniston bilan Turkmaniston 3 ta qo‘shma infratuzilma obyekti ochilganini eʼlon qildi. Foydalanishga topshirilgan obyektlar sirasiga 30 kilometrlik Aqina – Andxo‘y temiryo‘l tarmog‘i, Turkmanistonning Kerki shahridan Afg‘onistonning Shibirg‘on shahriga qadar tortilgan elektr quvvati uzatish liniyasi, Imomnazar (Turkmaniston) – Aqina (Afg‘oniston) va Sarhadobod (Turkmaniston) – Turg‘undi (Afg‘oniston) yo‘nalishlari bo‘yicha yotqizilgan optik tolali aloqa tizimi kiradi. 2021 yil yanvarida Ozarbayjon bilan Turkmaniston “Do‘stlik” konida tabiiy yonilg‘i resurslarini qidirib topish va ishga tushirish bo‘yicha memorandum imzoladi. Ikkala tomon ham Sharqiy O‘rta yer dengizini Afg‘oniston bilan bog‘laydigan va yuklarni Yevrososiyo markaziga yetkazib berishni osonlashtiradigan “Lazurit koridori” transport arteriyasiga muhim ahamiyat bermoqda[15].

Ushbu voqealar silsilasida toliblar “qulfiga kalit” topishga hamda Karachi va Gvadar bandargohlaridagi loyihalarni amalga oshirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari integratsiyasini tezlashtirishga qodir bo‘lgan Pokiston va O‘zbekiston sherikligini mustahkamlash muhim tamoyil hisoblanadi. Shunga ko‘ra, ushbu sheriklik Afg‘onistondagi vaziyatni izga solishda ijobiy rol o‘ynashi mumkin. Joriy yilning 2 fevralida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston vakillari muzokara o‘tkazgani, uning ortidan mart oyi o‘rtalarida 16 kishidan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi raisi Akmal Kamolov boshchiligida Karachi Port Trust (KPT) potensialini o‘rganish uchun Pokistonga safar qilgani tasodif emas .

Shu maʼnoda Toshkentning toliblarning Qatardagi ofisi rahbari mulla Abdulg‘ani Birodar bilan til topishga harakat qilayotgani diqqatga sazovor, u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Afg‘oniston muammolariga eʼtibor qaratayotgani uchun minnatdorlik bildirib, o‘zbek tomonining AIRdagi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslarini olqishlagan edi. Taxmin qilinishicha, Afg‘oniston kelgusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida “ishonch va hamkorlik ko‘prigi” bo‘lishi mumkin .

Yana shunga ham eʼtibor qaratish zarurki, 2021 yil sentyabrida qurilishi boshlanishi mo‘ljallangan “Mozori Sharif – Kobul” temiryo‘li qurilishini AQShning Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha moliya korporatsiyasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda. AQShning Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod may oyi boshida Toshkentga safari chog‘ida tomonlar Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan edi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Xitoyning “Makon va yo‘l” tashabbusi doirasida ham muloqotini davom ettirmoqda va ShHTning Afg‘onistondagi vaziyatni izga solish bo‘yicha guruhining faoliyatini yuqori baholamoqda. Ayni choqda joriy yil 30 martida Dushanbeda Istanbul jarayonining bir bo‘lagi sifatida “Osiyo yuragi” deb nomlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Yuzaga kelayotgan vaziyatda aholisi zich joylashgan, musulmon aholisi ko‘p va Afg‘onistonga qo‘shni O‘zbekistonning siyosati alohida ahamiyatga ega. Tavsifi keltirilgan vaziyat O‘zbekiston hududida chet mamlakatlar harbiy bazalari va obyektlarini joylashtirish va o‘zbek qurolli kuchlarining chet mamlakatlardagi tinchlikparvarlik amaliyotlari va harbiy mojarolarda ishtirok etishini istisno qiladi. O‘sha harbiy mojarolar mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishi va hozirgi jug‘rofiy-siyosiy qarama-qarshilik kuchayishi va undan kelib chiqadigan oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligi tushunarli. O‘z navbatida 2020 yil yozidayoq prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev “Qozog‘istonda AQSh harbiy bazasini qurish muhokama qilinayotgani ham, kun tartibida turgani ham yo‘q”, deb aytgan edi. Markaziy Osiyoning ayni mana shu ikki yirik mamlakati butun mintaqaning afzalliklari va qaysi tomon yo‘nalish olishini obyektiv tarzda belgilab beradi.

Shunday qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z xavfsizligi va rivojlanishi maqsadlari va vazifalarini olg‘a surish yo‘lida dunyoning yetakchi davlatlaridan teng masofaga uzoqlashgan holda ko‘p vektorli siyosat olib bormoqda.

Muallif: Guli Yo‘ldosheva – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qarashli O‘zbekistonning eng yangi tarixi markazi ilmiy xodimi; siyosatshunoslik fanlari doktori;