Tojikiston Pokistondan qurol sotib olayaptimi?

Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning aytishicha, Islomobodda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda ikki mamlakat mudofaa sohasidagi hamkorligi muhokama qilingan. Dushanbe bu bayonotga izoh bermadi. Imomali Rahmon Pokiston poytaxtiga ikki kunlik tashrif bilan borgan edi.

Jahon matbuoti mazkur tashrifni boshqa rakursdan yoritdi. Tojikiston esa boshqa rakursdan.

“Mudofaa sohasida hamkorlikni rivojlantirishimiz juda muhim”, dedi Imron Xon Emomali Rahmon bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan uchrashuvda. Biroq, Tojikiston rahbari bu mavzuni chetlab o‘tgan.

Tojikiston hukumat delegatsiyasi aʼzolaridan biri mudofaa sohasida erishilgan kelishuv haqidagi savolga javoban, Imomali Rahmon va Imron Xon Islomobodda yakka tartibdagi uchrashuv o‘tkazganini, unda tomonlarni qiziqtirgan turli masalalar ham ko‘rilganini aytgan. “Uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi, ehtimol ular bu masalani ham muhokama qilishgandur, ammo mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risida hech qanday hujjat imzolanmagan”, dedi hukumat aʼzosi.

Ammo, “Dawn” agentligi xabar qilishicha, Pokiston Bosh vaziri Tojikiston rahbari bilan uchrashuv chog‘ida ular “Tojikistonning Pokistonda ishlab chiqarilgan qurollarga bo‘lgan ehtiyojlari masalasini muhokama qildilar va o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar”, deb xabar bergan.

Pokistonlik jurnalist Sajjod Hussein “Yahoo”  saytida chop etilgan maqolasida “Pokiston va Tojikiston mudofaa sohasida hamkorlik shartnomasini imzoladi, unga ko‘ra Pokiston ushbu Markaziy Osiyo davlatiga o‘zida ishlab chiqargan qurollarini yetkazib berayapti” deb taʼkidlagan.

Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Imomali Rahmon va Imran Xon ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar va muzokaralar yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot, taʼlim, korrupsiyaga qarshi kurashish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, xalqaro avtomobil transporti sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi  va boshqa jami 12 ta yangi hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan.

Tomonlar imzolagan hujjatlarning eʼlon qilingan ro‘yxatida mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ko‘rsatilmagan.

Balki “va boshqa hujjatlar” deyilganda mudofaa sohasidagi hamkorliklar ham nazarda tutilgandur?!