AQSh Xitoy bilan savdo kurashi uchun 250 milliard dollar ajratmoqda

AQSh Senati Xitoy bilan texnik raqobatbardosh bo‘lish uchun qariyb 250 milliard dollarlik qonun loyihasini maʼqulladi. Associated Press xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, Vashington texnologiyalar va tadqiqotlari uchun 190 milliard dollar sarflaydi va shundan taxminan 52 milliard dollar chiplar va telekommunikatsiya uskunalarini ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. “Senat tomonidan 68 ta ovoz va qonun loyihasiga qarshi 32 ta ovoz bilan qabul qilinishi Xitoyga qarshi iqtisodiy qarama-qarshilik Kongressdagi har ikki partiyani birlashtirgan masala ekanligini namoyish etadi”, – deyiladi agentlik xabarida.

Senat demokratlari yetakchisi Chak Shumerning so‘zlariga ko‘ra, kim bo‘lajak texnologiyalar uchun kurashda g‘olib bo‘lsa, u jahon iqtisodiy yetakchiligiga erishadi. “Bu oddiy tushuncha: agar biz amerikalik ishchilar va kompaniyalar dunyoda yetakchilik qilishni davom ettirishini istasak, hukumat Ikkinchi Jahon Urushidan keyin katta eʼtibor qaratgan yo‘nalishlar ilm-fan, fundamental tadqiqotlar va innovatsiyalarga mablag‘ kiritishi kerak”, dedi u.

Endi qonun loyihasi Vakillar palatasi tomonidan maʼqullanishi kerak, shundan so‘ng u prezident Jo Baydenga imzolash uchun taqdim etiladi.

Bayden allaqachon texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini eʼlon qildi: “Boshqa mamlakatlar o‘z tadqiqotlari va ishlanmalariga mablag‘ kiritishda davom etayotgan paytda, biz orqada qolishimiz mumkin emas. Amerika yer yuzidagi eng innovatsion va samarali mamlakat bo‘lib qolishi kerak.”

Avvalroq AQSh maʼmuriyati Qo‘shma Shtatlar Xitoyning savdo amaliyotlariga qarshi turish uchun yangi “zarba beruvchi kuch” yig‘ayotganini aytgan edi.