Markaziy Osiyolik migrantlar Rossiyaning mahbuslar mehnatidan foydalanish rejasidan norozi

Mutasaddilarning maʼlum qilishicha, Rossiyada qariyb 200 ming mahbus majburiy mehnat kabi jazo ijrosi “huquqiga” ega. Ammo, kuzatuvchilarga koʻra, yangi tashabbus migrantlarning sharoitini yanada ogʻirlashtiradi.

Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari Rossiya hukumatining mahbuslar mehnatidan foydalanish bilan bogʻliq tashabbusi mehnat sharoitlarining yomonlashuviga olib kelishidan xavotirda.

Yanvar oyida kuchga kirgan Rossiya Jinoyat-protsessual kodeksidagi oʻzgartirishlar ishchi kuchi tanqisligi sharoitida mahbuslarga axloq tuzatish muassasalari tashqarisidagi turli korxonalarda ishlash imkonini beradi.

Ilgari mahbuslar faqat jazoni ijro etish muassasalarida ishlashi mumkin edi.

20-may kuni Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) direktori Aleksandr Kalashnikov ishchi kuchi yetishmayotgan va odatda mehnat migrantlari ishlaydigan yirik qurilish obyektlarida mahkumlar uchun axloq tuzatish markazlari yaratishni taklif qilgan.Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya qamoqxonalaridagi 482 ming mahbusdan taxminan 188 ming nafariga nisbatan majburiy mehnat kabi jazo turi qoʻllanishi mumkin.

“Bu GULAG boʻlmaydi”, dedi Kalashnikov Sovet davridagi axloq tuzatish-mehnat lagerlari bosh boshqarmasining qisqartmasini nazarda tutib.

Oʻtmishda bunday lagerlar mahbuslari shaharlar, kanallar va zavodlar qurilishida, oltin va uran konlarida, yashash uchun yaroqsiz yerlarni oʻzlashtirishda jonbozlik koʻrsatgan. Oddiy jinoyatchilar va siyosiy qatagʻonlar jabrdiydalaridan iborat GULAG mahbuslari soni 20 million odamni tashkil etgan, ulardan kamida 1,7 millioni oʻlgan.

“Bu muassasalarda mutlaqo yangi va munosib sharoitlar yaratiladi, lagerda mahbus ishlash bilan birga yotoqxonada yashaydi yoki agar xohlasa, oilasi bilan ijaraga uy oladi, shuningdek, ularga yaxshi maosh beriladi”, dedi Kalashnikov.

Kalashnikov bu tashabbusni asoslar ekan, Magadan viloyati gubernatori Sergey Nosovning bayonotini misol qilib keltirgan – Magadan hokimiyati viloyatdagi oltin konlari ishchilariga taʼtil vaqtida uyga borib kelishlari uchun charter reyslarga chipta olib berishga majbur boʻlayotgani aytilgan edi.

Mahbuslar ish joyida yashaydigan boʻlsa, ular mehnat migrantlarining manfaatliroq muqobili boʻlishi mumkin, dedi Kalashnikov.

Bu tashabbusni boshqa mutasaddilar ham qoʻllab-quvvatlagan.

24-may kuni Rossiya adliya vaziri Konstantin Chuychenko mehnat migrantlarini mahbuslarga almashtirish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlashini va biznes korxonalari bilan muzokaralar oʻtkazilib, kelishuvlar imzolanayotganini aytdi.

“Fikrimcha, migrantlar mehnatidan voz kechish gʻoyasi toʻgʻri, chunki ulkan qurilish maydonlari va yirik obyektlarda axloq tuzatish markazlarini yaratish mumkin”, dedi u Xabarovskda jurnalistlarga. “Jazoni oʻtayotganlar bunday ishlarni bajara oladi.”

Ruscha bepisandlik

Qirgʻizistonning Chuy viloyati, Toʻqmoq shahridan kelgan mehnat migranti Ulan Omorovning soʻzlariga koʻra, bu tashabbus Rossiya hukumatining Markaziy Osiyolik migrantlarga nisbatan qanchalik bepisand ekanligini koʻrsatadi.

“Rossiya hukumati muntazam ravishda Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar orasidagi jinoyatchilik muammosini koʻtarib, koʻp yillar davomida oʻz telekanallari va gazetalarida bizni mahalliy jamoatchilikka tahdid oʻlaroq koʻrsatib keldi”, deydi supermarketda ishlaydigan Omorov.

“Endi esa ular bizni haqiqiy jinoyatchilarga alishtirmoqchi. Bu bilan oʻzlariga qarshi bormoqdalar”, dedi u.

Mahalliy OAVda jinoyat sodir etgan ishchi-migrantlar haqida tez-tez xabarlar chiqishi natijasida soʻnggi yillarda mahalliy aholining ularga nisbatan negativ munosabati kuchaygan, deydi Magadan shahrida yuk mashina haydovchisi boʻlib ishlaydigan toshkentlik Habib Abdullayev.

Bundan tashqari, ruslar koʻpincha etnik osiyoliklardan iborat Rossiya fuqarolarini mehnat migrantlari bilan adashtiradilar, dedi u.

“Misol uchun, oʻtgan yil kuzda mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda qamoqqa olingan qotilni muhokama qilar ekan, qoʻshni Chukotkadan boʻlishiga qaramay, uni ayrimlar mehnat migranti deb atagan edi”, deydi Abdullayev Rossiya viloyatlaridan birini nazarda tutib.

Abdullayevning fikricha, mahbuslar uy-joy qurish va taʼmirlash kabi katta tajriba talab qilinadigan sohalarda Markaziy Osiyolik mehnat migrantlarining oʻrnini toʻliq bosa olmaydi.

“Mening vatandoshlarim bu sohada koʻp yillardan beri ishlaydi, ular oʻz ishini besh qoʻldek yaxshi biladi”, deydi u.

“Hech qachon qurilish maydonchasida boʻlmagan mahbus bir zumda yaxshi quruvchiga aylanib qolishiga ishonish mumkinmi?”

Mehnat sharoitlarinining yomonlashuvi

Oʻtgan yili yuz minglab migrantlar oʻz ishi va tirikchilik manbaidan mahrum boʻlgani yetmagandek, Rossiya hukumati ularning ahvolini yanada ogʻirlashtirib, vataniga qaytib ketishini murakkablashtirdi.

Politsiyachilar “karantin qoidalarini buzish”, “roʻyxatga olish muddatining oʻtib ketishi” va “ishlash ruxsatnomasining yoʻqligi” uchun migrantlarni taʼqib qilgan. Huquqbonlarga koʻra, politsiyachilar migrantlarni noqonuniy ravishda qoʻlga olishgan, ularni “ogʻir sharoitlarda” saqlanadigan muassasalarga yuborishgan.

Rossiyalik mahbuslarning mehnat maydoniga kelishi migrantlar uchun ish joylarining qisqarishini anglatishi mumkin, deydi Rossiyadagi qirgʻiz migrantlariga maslahatlar berish bilan shugʻullanuvchi Bishkekdagi “Jamiyatlar integratsiyasi” nodavlat tashkiloti rahbari Asel Karimshakova.

Yangi qoidalar shusiz ham pandemiya oqibatlaridan aziyat chekkan migrantlarga yana bir zarba boʻladi, dedi u. Koʻpchilik Rossiyadagi ishidan ayrilib, uyiga quruq qaytgan.

Ofitsiant yoki barmen boʻlib ishlaganlar boshqa ish qidirishga majbur boʻladilar, dedi Karimshakova.

Rossiyada migrantlar sabab jinoyatchilikning avj olgani haqidagi dezinformatsion axborot siyosati oʻz tasdigʻini topmadi, dedi u.

“Rossiya hukumati pandemiya vaqtida jinoyatchilik kuchayadi deb taxmin qilgandi. Aksincha, jinoyatlar soni kamaydi”, dedi Karimshakova. Voqelikda esa migrantlarning oʻzi jinoyatchilik qurboniga aylanmoqda, dedi u. Uning uyushmasiga yaqinda Rossiyada aldov oqibatida qullik sharoitiga tushib qolgan 49 ta migrantdan shikoyat kelib tushgan.