COVID-19: Vaksina o‘rniga suv emlanganligi aniqlandi

Keniyadagi shifokorlar koronavirusga qarshi emlash o‘rniga mahalliy aholini suv bilan emlagan, kamiga buning uchun pul talab qilgan. Bu haqda Vice xabar bermoqda.

Aniqlik kiritilishicha, 54 million aholisi bor Afrika mamlakatiga AstraZeneca kompaniyasining bepul emlash uchun vaksinalari yuborilishi kerak edi. Emlashlar hukumat tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan maxsus tibbiy markazlarda o‘tkazilishi belgilangan. Ammo, dori tanqisligi fonida baʼzi shifokorlar keniyaliklarga pulga emlashni taklif qila boshlagan, keyin esa vaksina o‘rniga suv yuborishgan.

Keniya mart oyida bir milliondan ortiq dozada AstraZeneca vaksinasini olgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, preparatning deyarli barcha taʼminoti ishlatilgan – mamlakat aholisining esa ikki foizidan kamrog‘i qisman emlangan.

Sog‘liqni saqlash vaziri fuqarolarni emlash uchun pul to‘lamaslikka va bepul dori vositasini kutishga chaqirmoqda.

Rasmiylar allaqachon bunday firibgarlik holatlarini tekshirishni boshlagan va jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Yanvar oyida Ekvador politsiyasi o‘n minglab dozada soxta koronavirus vaksinasini emlashga ulgurgan tibbiyot klinikasini fosh etgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Markaz bemorlarga nomaʼlum moddani 15 AQSh dollari miqdorida ukol qilishni taklif qilgan, uchta inyeksiyadan so‘ng COVID-19 immunitetini vaʼda qilgan.

Biroz vaqt o‘tgach, klinikaning maʼmuriyati u vaksinalar emas, immunitetni mustahkamlash uchun “sarum va vitaminlar” sotayotganini daʼvo qilgan. Kasalxona egasi 20 ming bemorni davolaganini aytmoqda.