Tahlil: Baydenning NATO sammitidagi ishtiroki

“Katta Yettilikka” a’zo dunyoning eng sanoatlashgan va rivojlangan davlatlari o’z majlisida va yakuniy bayonotida Rossiya va Xitoyga qarshi munosabat bildirishi ketidan 14-iyun kuni NATOga a’zo 30 mamlakat rahbarlari ham Bryusseldagi bir kunlik sammit yakunida bu ikki mamlakat, xususan, Rossiyani qoidalarga asoslangan dunyo tartibiga tahdid deb atadi.

Aylans kelajakdagi siyosatini belgilovchi yangi Strategik konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadida “NATO-2030” deb nomlanuvchi maslahatlashuv mexanizmini qabul qildi. Ushbu hujjat alyans oldidagi qator tahdidlarga urg’u berdi – yanada qat’iyatliroq Rossiya, terrorizmning vahshiyroq ko’rinishlari, davom etayotgan beqarorliklar, kuchayayotgan kibernetik va gibrid tahdidlar, yangi texnologiyalar, pandemiya va iqlim o’zgarishi.

“NATO-2030” Xitoyning kuchayayotganini kuchlar muvozanatiga ta’sir qiluvchi omil deb tan oldi.

“NATOning 2030-yilgacha bo’lgan siyosatiga ko’ngan rahbarlar alyansni yanada kuchliroq va kelajakka mos qiluvchi qarorlar qabul qildi”, – dedi sammit yakunidagi matbuot anjumanida qatnashgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Moskva qonunga xilof biror ish qilganini inkor etadi, biroq NATO a’zolari nazarida, Rossiya chegarada qo’shin to’plab, yashirin harakatlari va kiberhujumlari yordamida G’arb davlatlarini yemirishga intilmoqda.

A’zo davlatlar yangi kiberxavfsizlik siyosatini qabul qilishga kelishib oldi.

“Kiberbo’shliqda raqobat doimiy bo’lib, tizimimiz xavfsizligini ta’minlash uchun texnik salohiyatimizni kuchaytirishimiz, siyosiy maslahatlashuvlarni o’tkazib turishimiz, harbiy rejalashni bo’shashtirmasligimiz kerak”, – dedi Stoltenberg.

NATO sammiti doirasida AQSh Prezidenti Jo Bayden Estoniya, Latviya va Litva rahbarlari bilan uchrashdi. Boltiq bo’yi davlatlari NATOga a’zo bo’lishiga qaramay, Kremlning mintaqadagi maqsadlarini xavotir bilan kuzatib boradi.

Amerikaning NBC telekompaniyasiga yaqinda intervyu bergan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin NATOni “Sovuq urush sarqiti” deb atadi.

“U nega hali ham mavjudligini bilmayman”, – dedi Putin.

Xitoy

Stoltenbergning aytishicha, Xitoy Boltiq dengizidan tortib Afrikagacha harbiy amaliyotlarda qatnashayotgani NATO tayyor turishi kerakligini anglatadi.

“Xitoy biz tomon yaqinlashmoqda. Uni kiberbo’shliqda ko’ryapmiz, Afrikada, muhim infratuzilmamizga ham katta sarmoya qilmoqda”, – dedi alyans rahbari.

Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazi ilmiy xodimi Alis Billon-Gallandning aytishicha, Xitoy mahalladagi yangi bolaga o’xshaydi.

Unga ko’ra, Yevropadagi ittifoqchilar AQSh va Xitoy bilan hamkorlik qilish bilan birga AQSh va Xitoy o’rtasidagi tortishuvlardan uzoqroq turishi kerak.

“Yevropaliklar bu vaziyatda o’zini ancha ehtiyotkorlik bilan tutyapti va NATOning Xitoy yoki Hind-Tinch okeani mintaqasi bilan bog’liq mavzularga aralashtirilishiga qarshi”, – deydi londonlik tahlilchi.

Afg’onistonni tark etish

20 yillik harbiy amaliyotdan so’ng AQSh va NATO qo’shinlarini Afg’onistonda chiqarishga kelishib oldi. Bayden jarayonni 11-sentabr xurujlarining 20 yilligigacha yakunlamoqchi.

“NATO rahbarlari bundan keyin ham Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashga, afg’on kuchlari va institutlariga yordam berishga, trening bilan ta’minlashga, xalqaro aeroport faoliyatini moliyalashda davom etishga kelishib oldi”, – dedi Stoltenberg.

NATOning Afg’onistonda 10 ming qo’shini bo’lib, aksariyati Germaniya, Turkiya, Gruziya, Ruminiya va Italiyadan.

Ittifoqchilar qo’shinlar chiqarilishi ketidan elchixonalari va Kobul aeroporti xavfsizligidan xavotirda. Turkiya aeroport xavfsizligini o’z zimmasiga olishni taklif etdi.

Bayden Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan dushanba kuni Bryusselda bu va boshqa mavzularni muhokama qildi.

Turkiya Rossiyaning S-400 havo mudofaasi tizimini sotib olgani, Suriyada mustaqil ravishda harbiy harakatlar olib borgani, 2020-yilgi Tog’li Qorabog’ urushida Ozarbayjonni Armanistonga qarshi qo’llab-quvvatlagani AQSh blan aloqalarining taranglashishiga sabab bo’lgan.

“Vashington Turkiyaning Kobul aeroportini qo’riqlash taklifini olqishlagani bilan bu ikki mamlakat munosabatlaridagi muammolarni hal qilishga kifoya qilarmikan. Bunga jiddiy shubham bor”, – deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida Turkiya loyihasi direktori Bulent Aliriza.

Amerika qaytdimi?

Bayden “Amerika qaytdi” degan shiorini Bryusselda ham ittifoqchilarga uqtirmoqchi.

“AQSh shu yerda ekanini butun Yevropa bilsin”, – dedi Bayden Stoltenberg bilan uchrashuv chog’ida.

Baydenning Yevropaga safari harbiy alyans bilan yangicha munosabat o’rnatilayotganidan darakdir. Sobiq prezident Donald Tramp NATOni eskirgan tashkilot deb atab, AQSh uning xarajatlarini haddan ziyod ko’tarayotganini aytib nolirdi.

Muxbirlardan birining Tramp prezidentlikka qaytsa yoki unga o’xshash arbob AQShda hokimiyatga kelsa, Stoltenberg AQShning alyansdan takror uzoqlash ehtimolidan xavotirdami degan savoliga NATO rahbari so’nggi to’rt yillik davr mustahkam ko’p tomonlama institutlarning muhimligini ko’rsatganini aytdi.

“Keyingi yillarda ko’plab ittifoqchi mamlakatlarda har xil rahbarlar saylanadi. Ishonchim komilki, ahilligimiz xavfsizlik manfaatlarimizga javob berishini anglagan muddatcha NATOni xavfsizligimiz poydevori sifatida ko’rishda davom etamiz”, – dedi Stoltenberg.

Alyans maqsadlarini belgilovchi Strategik konsepsiyaning hozirgi ko’rinishi so’nggi bor 2010-yilda qabul qilingan edi. Tashkilot AQShda Donald Tramp prezidentlik qilayotgan davrda uni yangilashga shoshmadi.