Talabalarning turar joy muammolari hanuz dolzarb

O‘zbekistonda mavjud OTMlarning asosiy qismi va nisbatan nufuzlilari, shuningdek, xorijiy universitetlarning ko‘plab filiallari Toshkent shahrida joylashgan. Samarqand, Andijon, Buxoro, Qarshi shaharlari talabalar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlarni egallaydi. Biroq, talabalarni turar joy bilan taʼminlash borasida ko‘rsatkichlarni muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Quyida mamlakatning nufuzli 6 o‘quv yurtidagi jami talabalar soniga nisbatan TTJ bilan taʼminlangan talabalar soniga eʼtibor qarataylik:

Respublikada ilk bor tashkil etilgan oliy taʼlim muassasasi hisoblanmish Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ayni vaqtda umumiy talabalar soni 29,769 nafarni tashkil qiladi. Biroq, ularning bor-yo‘g‘i 12,2 foizi talabalar turar joyi bilan taʼminlangan, xolos.

4703 nafar talaba tahsil olayotgan Toshkent davlat yuridik universitetida esa talabalar turar joyining 2 ta binosi mavjud bo‘lib, ularda 503 nafar talaba yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Va ayni paytda TTJda 496 nafar talaba (163 nafari qizlar, 2 nafar xorijiy talaba) istiqomat qilmoqda, yaʼni, taʼminlanish darajasi 10,6 foiz.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2700 nafarga yaqin talaba tahsil olsa, ularning 8 foizi – 220 nafari TTJ bilan taʼminlangan, xolos.

Qarshi davlat universitetida jami talabalar soni 16578 nafar, 2012 yildan boshlab 1084 nafar talaba (ungacha 994 nafar edi) TTJ bilan taʼminlangan.

Samarqand davlat universitetida o‘qiyotgan talabalar soni 16 294 nafarni tashkil etadi. Shundan universitet talabalarining 8%i, yaʼni 1470 nafar talaba turar joy bilan taʼminlangan. “Zarafshon online” gazetasi maʼlumotiga ko‘ra, 7200 nafar talaba ijara uyda turadi.

Qoraqalog‘iston Respublikasi poytaxtida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining bitta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, u 275 o‘ringa mo‘ljallangan va talabalar turar joyida 215 nafar talaba-qiz yashamoqda.

Respublikada faoliyat olib borayotgan xorijiy OTMlarda ham ushbu ko‘rsatkich unchalik yuqori emas:

Jadvalda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (3803 nafar talabadan – 180 nafar), Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (1000 nafar talabadan – 460 nafar), Toshkent shahridagi Koreyaning Inha universiteti (1500 nafar talabadan – 200 nafar, (2021-yil, 2-martdagi post)), Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (740 nafar talabadan – 180 nafar) va nihoyat yangi tashkil qilingan Ajou universiteti (450 nafar talabadan – 196 nafar) tomonidan talabalarning yotoqxona bilan taʼminlanish darajasi keltirilgan. Ko‘rinib turibdiki, xuddi mahalliy OTMlar kabi xorijiy taʼlim muassasalari ham talabalarni turar joy bilan taʼminlashda 50 %dan kam ko‘rsatkichga ega.

Yuqorida keltirilgan raqamlar juda past ko‘rsatkichlar bo‘lib, har bir o‘quv yili boshida talabalarning turar joy muammosiga duch kelib, bir qancha vaqt sarson bo‘lishini bildiradi. Bundan tashqari, talaba va OTM o‘rtasida TTJda turish bo‘yicha shartnoma har bir o‘quv yili uchun alohida tuzilib, o‘quv yili nihoyasiga yetishi bilan hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblanadi. Talaba yangi o‘quv yili boshida yana hujjatlar tayyorlashi va shartnomani yangilash uchun vaqt sarflashi zarur. TTJlarda joylar kamligi bois, nafaqat uzoqdan kelib o‘qiydigan magistrantlarga, balki 3 va 4-bosqich talabalariga ham yotoqxona berilmasligi holatlari respublika bo‘ylab ko‘p uchraydi. OTMlar, eng avvalo, kam taʼminlangan, boquvchisini yo‘qotgan, “temir daftar”da ro‘yxatda turuvchilar turar joy bilan taʼminlanishini birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Talabalarni turar joy bilan taʼminlashda xorij tajribasi

2019 – 2020-o‘quv yillarida AQSHdagi kollej va universitetlarning talabalarni turar joy bilan taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatkichlarini taqdim qilgan usnews.com sayti o‘z statistikasini quyidagi so‘zlar bilan boshlagan: “Oliy o‘quv yurti yotoqxonalari, ko‘pincha, pissa va kino kechalari, taʼlim marafonlari va do‘stlashish maydoni sifatida xizmat qiladi. Universitet taqdim qilgan turar joylarda yashash talabalarga ota-ona qanoti ostidan chiqib, mustaqil hayotga qadam qo‘yishda ko‘prik vazifasini bajaradi”. Saytda talabalarni turar joy bilan taʼminlash darajasi 90 % va undan ko‘p bo‘lgan 100 ta oliy o‘quv yurti keltirilgan bo‘lib, ular orasida Stenford universiteti – 93%, Kolumbiya universiteti – 92 %, Richmond universiteti – 91% kabi yuqori reytingli oliy o‘quv yurtlari bor. Eʼtiborlisi shundaki, bu oliygohlar faqatgina bakalavriat bosqichi talabalarinigina emas, balki magistrant, doktorant va o‘qituvchilarni ham alohida turar joy bilan taʼminlash imkoniyatini yaratgan. Bu universitetlar umumiy talabalar yotoqxonasini quribgina qolmay, oilaviy yashashga imkon beradigan alohida uylar kompleksiga ham ega.

AQSHning Nyu-Jersi shahrida joylashgan Prinston universitetida 8419 nafar talaba taʼlim oladi va ularning deyarli barchasi yotoqxona bilan taʼminlangan. Universitetning talabalarni taʼlim maskani yonida, yaʼni, kampusda turar joy bilan taʼminlash borasida o‘ziga xos siyosat yuritilib, unga ko‘ra, bakalavriat taʼlim yo‘nalishidagi barcha talabalar to‘liq turar joy bilan taʼminlanadi. Bu bilan talabaning o‘z shaxsiy hayotini yo‘lga qo‘yishga yordam berish ko‘zda tutilgan. Birinchi va ikkinchi kursda o‘qiydiganlar quyidagi 6 kollejdan birida yashashlari mumkin: Butler, Forbes, Matey, Rokfeller, Vitman va Uilson. Ulardan 3 tasi Butler, Matey va Vitman 4 yilga turar joy bilan taʼminlash borasida shartnoma taklif qiladi.

Boston universiteti ham Prinston universiteti kabi talabalarni turar joy bilan taʼminlashni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi AQShdagi yirik xususiy universitetlardan biri hisoblanadi. Universitetda 32 ming talabadan qariyb 78 foizi turar joy bilan taʼminlangan.

Yaponiya universitetlarida 3 million nafarga yaqin talaba bor, ular ko‘chmas mulk bozori uchun jozibali mijoz hisoblanadi. Yaponiyada bir kishilik «talabalar uylari» juda keng tarqalgan.

A.Umirdinov, Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya) Biznes huquqi fakulteti professori, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi aʼzosi: Janubiy Koreyada ham “one-room” (bir xonali) uslubidagi uylar talabalar orasida yuqori talab ko‘rsatkichiga ega. Shuningdek, Koreyada universitetning o‘zida yotoqxona ololmagan mahalliy va xorijiy talabalarga turar joy topish uchun universitetda xususiy agentliklar yordami taklif qilinadi.

Rabbonayev A., 27 yosh, Toshkent davlat sharqshunosik universiteti talabasi:

“2018 – 2020 o‘quv yillari davomida Shanxay universitetida tahsil olganman. Bu universitetda jami 80 ming nafar talaba tahsil oladi. Universitet chet ellik talabalarni bepul turar joy bilan taʼminlaydi. Oliy o‘quv yurti bizga taqdim qilgan dasturga ko‘ra, turar joy, tibbiy sug‘urta polislari taqdim etilgan bo‘lib, bir o‘rtog‘im kasal bo‘lib qolganda, bizga biriktirilgan kurator uning davolanishi uchun barcha sharoitlar yaratilishiga shaxsan bosh-qosh bo‘lgan edi. Biz turgan talabalar turar joyida alohida xona, dush, oshxona, internet mavjud bo‘lib, oshxonada deyarli hech kim ovqat qilmasdi. Universitet yotoqxonasida turishni xohlamagan xorijlik talabalar uchun xususiy riyeltorlar bilan hamkorlikda ijaraga uylar topishda yordam beriladi.”

Maxmasoliyev J., 24 yosh, TDSHU talabasi:

“Men Koreyaga talaba almashinuv dasturi asosida o‘qishga ketishdan avval TDSHU talabalar turar joyida 6 oy yashaganman. 220 kishiga mo‘ljallangan TTJda sharoitlar qoniqarli bo‘lib, har qavatda umumiy oshxona, dush va hojatxonalar mavjud. Yotoqxonaning birinchi qavatida chet ellik talabalar uchun xonalar bor. 2019 – 2020 o‘quv yilida Koreya respublikasining Kyung Heye universitetida Exchange dasturi bo‘yicha 1 yil taʼlim oldim. Bu universitetda ham mahalliy va xorijlik talabalarning turar joylari alohida-alohida tashkil qilingan. Ammo ahamiyatli jihati, turar joy oshxonasida musulmon talabalar uchun alohida menyu mavjud, talabalarning diniy eʼtiqodini hurmat qilish asosida xorijdan yoshlar kelishini rag‘batlantiruvchi sabablar ko‘paytiriladi. Vaholanki, Sharqshunoslik universitetida tahsil oluvchi chet ellik talabalar oddiygina dushlar ishlamasligi, yoz faslida konditsioner bilan taʼminlanmagan xonalarda yashashdan ko‘ra, mustaqil ravishda alohida kvartiralar topib chiqib ketishga majbur bo‘lishi holatlarini kuzatganman”.

Xamrakulova G., 29 yosh, Ajou universiteti xodimi:

“Men O‘zbekistondagi universitet yotoqxonasida yashamaganman. Ammo 2016 – 2018 yillarda Koreyaning Ajou universiteti yotoqxonasida istiqomat qildim. Koreyadagi universitetlar, asosan, o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladigan binolar va talabalar turar joylari bitta hududda joylashgan kampus shaklida qurilgan. Xorijdan keluvchi talaba sifatida hali o‘quv yili boshlanmasdan oldin maxsus so‘rovnoma to‘ldirganman. Bu so‘rovnomada yotoqxonada turish-turmasligim, agar tursam, diniy eʼtiqodim, vegetarianmanmi-yo‘qmi, allergiyadan aziyat chekmaymanmi – shu kabi savollar berilib, xona ajratilgan. Yashash joyimda diniy, milliy urf-odatlari va mentaliteti o‘xshash tengqurlarim bilan turishim, kunlik ratsionimda qanday ovqatlar bo‘lishi kabilar so‘rovnomaga muvofiq tayinlangan. Men o‘zim yotoqxonada turkiyalik, bangladeshlik va o‘zbekistonlik qiz bilan yashaganman. Bizga qo‘shni xonalarda esa xitoylik va vyetnamliklar birga yashashar edi. Bu jihat xorijlik talabalarning Koreyada ortiqcha kelishmovchiliklarsiz, bir-birini tushunib yashashiga imkon beradi. Yotoqxona binosining har bir qavatida ikkitadan oshxona, yuvinish va kir yuvish xonalari, hojatxonalar mavjud. Bundan tashqari, har bir qavatda kompyuterlar bilan taʼminlangan kichik kutubxonalar ham bor, ular kunning istalgan vaqtida foydalanish uchun ochiq.

O‘zbekistonda ham kampus tizimini joriy qilish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Bu bilan talabalarning bir hududda to‘liq o‘qish bilan band bo‘lishi, transportda yurish uchun vaqt sarflamasligi taʼminlanib, yuqori taʼlim sifatiga erishish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekistondagi OTMlar aynan Ajou universitetida yo‘lga qo‘yilgan o‘ziga xos uslubni – chet elliklar uchun tashkil qilingan yotoqxonadagi har bir xonada bitta mahalliy va bitta xorijlik talaba yashashi tizimini o‘zlashtirsa yaxshi bo‘lardi. Chunki bu chet ellik talabalarning mahalliy sharoitga tezroq moslashishiga yordam beradi. Umuman, bizdagi OTMlar o‘rganishi kerak bo‘lgan xorijiy tajribalar ko‘p va ularni bosqichma-bosqich joriy qilib borish taʼlim sifati oshishida muhim, deb o‘ylayman”.

Taʼlim olish mobaynida ham O‘zbekiston, ham xorij tajribasini amaliyotda ko‘rgan respondentlarning fikrlaridan ham ko‘rinib turibdiki, OTM talabani qanchalik yaxshi sharoit bilan taʼminlasa, taʼlim sifati shunchalik yaxshilanishiga erishiladi.

Muallif: Nodirabegim Nazarqulova