“Rus tilining eng katta muammosi Rossiya hukumatidir” – Eldar Asanov

O‘zbekistonda ish yuritish jarayonlarida rus tilidan foydalanish respublika fuqarolarining manfaatlariga mos keladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova 14-may kuni o‘tkazilgan brifing vaqtida ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.

Zaxarova O‘zbekiston davlat idoralarining o‘zbek tilida ish yuritishini belgilovchi qonun loyihasi to‘g‘risidagi savollarga izoh bergan.

“O‘zbek tomonining mavjud murojaatlariga muvofiq, O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish borasidagi to‘liq dasturni yaratish bo‘yicha hamkorlikda faol ishlar olib borilmoqda”, — deydi Rossiya TIV vakili.

Jurnalist va filolog Eldar Asanov Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda rus tili bilan bog‘liq vaziyati bo’yicha bergan bayonoti yuzasidan o’z fikrini bildirdi.

Rus tilining eng katta muammosi Rossiya hukumatidir. O‘zbekistondagi, Qozog‘istondagi, Boltiqbo‘yidagi rus tilli ziyolilar va fuqarolar qanchalar aqlli, asosli argument keltirmasin, qanchalik do‘stona munosabatlarga va bag‘rikenglikka urg‘u bermasin, Kreml aralashadi-da, bu yerda imperial maqsadlar va g‘irromlik borligini ko‘rsatib qo‘yadi.

“Qoldirilgan izohlarning aksariyati shuni ko‘rsatadiki, rus tilining rasmiy tartibda saqlanishi tarix ruhi va munosabatlarimizning zamonaviy sifatiga, asosiysi — Rossiyada o‘qish yoki ishlashni tanlaydigan fuqarolarning manfaatlariga to‘la mos keladi”, – deydi Mariya Zaxarova.

Bu opa qanchalik chiroyli gapirmasin, imperialistik o‘tmishga, xususan, O‘zbekiston Rossiya koloniyasi bo‘lganiga, O‘zbekiston Rossiyaga iqtisodiy jihatdan bog‘liqligiga urg‘u berib turibdi. Shundanam bilsa bo‘ladiki, Kreml tillar o‘rtasidagi tenglik, xalqlar o‘rtasidagi bag‘rikenglikni emas, rus tili orqali boshqalarga bosim o‘tkazishni va bunda boshqa davlatlardagi rus tilli aholidan foydalanishni o‘ylaydi.

Iqtibosda aytilayotgan do‘stlik ruhini saqlash hamda o‘zbekistonlik muhojirlarning huquqlarini taʼminlash maqsadida Rossiyada o‘zbek tilini davlat tili deb eʼlon qilishni, rus tili imtihonlarini bekor qilishni taklif qilaman. Bu taklifga Mariya Zaxarova nima derkin?

Haya, yana bir shedevr esdan chiqib qopti. Nima emish, “davlat tilida ish yuritish tarafdorlari juda oz” emish. “O‘zbek tilli saytlarni o‘qib, o‘zbeklar bilan muloqot qilib ko‘r gapirishdan oldin”, deydigan odam yo‘q.

Sobiq mustamlakalarda rus tili siqib chiqarilayotganiga asosiy sabab Kreml aralashuvidir. Qanchalar demokrat, bag‘rikeng bo‘lma, “bir paytlar mening tilimda gapirgansan, tarix ruhiga mos bu”, deb turgan tomon ertaga “O‘zi o‘tmishda menga tegishli bo‘lgansan, qaytaqol”, demasligiga kafolat yo‘q. Rossiya imperialistik ambitsiyalarini tiyib olmasa, boshqa davlatlar rus tilini tahdid sifatida ko‘rishda, bundan esa rus tilli aholi aziyat chekishda davom etadi.