O‘zbekistonning «Yashil iqtisodiy strategiyasi» qanday amalga oshiriladi?

Bugun insoniyat yangi tahdidlar oldida turibdi. Yer shari aholisi ko‘payishda davom etyapti, tabiiy resurslar zaxirasi esa muttasil ravishda qisqarmoqda. Bunday disproporsiya dunyo mamlakatlarini tang ahvolga solib qo‘yayotgani bor gap. Avvalo, global ekologik muammolarning keskinlashuvini kuzatyapmiz. Ekspertlar vaziyatni o‘nglash uchun jahon iqtisodiyotida “yashil taraqqiyot” tamoyillarini joriy etish zarurligini taʼkidlamoqda. Mazkur yondashuv BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida ham o‘z ifodasini topgan.

2019 yilda O‘zbekiston “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi”ni qabul qildi. Yaqin o‘n yilda mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu yo‘ldagi muhim qadamlar hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlar xususida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, “ERGO Analytics” tadqiqot kompaniyasi rahbari Rauf Saloxo‘jayev bilan suhbatlashdik.

— O‘zbekiston 2030 yilgacha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni maqsad qilgan. Bunday qarorning ahamiyati nimada? U iqtisodiy yuksalishimizga yordam beradimi?

— “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish O‘zbekistonga ko‘plab bonuslar olib keladi. Shu bois men sohadagi islohotlarni boshlab bergan 2019 yilgi Strategiyani o‘z vaqtida qabul qilingan juda to‘g‘ri qaror, deb hisoblayman. Hukumat pandemiyadan oldingi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni tiklash hamda kelgusi yillarda yana-da yuqori o‘sish surʼatlariga erishishni maqsad qilgan. O‘z navbatida, mamlakatda aholi soni va daromadlari ko‘paymoqda. Bunday sharoitda, turgan gapki, energetika resurslariga bo‘lgan talab ham ortadi. “Yashil iqtisodiyot”ning muhim komponenti qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish va foydalanish hisoblanadi. Bu jihatdan O‘zbekistonning salohiyati ancha yuqori. Xalqaro moliyaviy institutlarning hisob-kitobiga qaraganda, respublikada muqobil energiya (ayniqsa, quyosh energiyasi)ning yillik zaxirasi 270 million tonna shartli yoqilg‘i ekvivalentiga teng. Bu real ehtiyojimizdan uch karra ko‘p. Boz ustiga, “yashil energetika” sohasidagi loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonda yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish imkonini beradi. Bu iqtisodiyot uchun mislsiz foydadir.

Tadqiqotlardan maʼlum bo‘lishicha, O‘zbekiston uglevodorod energiyasi – neft, gaz, ko‘mirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini yo‘qotmoqda. Qolaversa, mamlakatdagi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarning salkam yarmi eskirgan. Ularni tiklash yoki modernizatsiyalash katta mablag‘ni talab qiladi. Buning o‘rniga ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali hisoblangan “yashil energetika”ga o‘tish ming chandon afzal. Axir, butun dunyo shu yo‘lni tanlayapti. Eʼtiborlisi, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlaridan birinchi bo‘lib mazkur harakatga qo‘shildi. Mohiyatan olib qaraganda, ikki yil avval qabul qilingan “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi” yurtimizning “yashil taraqqiyot” sari yuz burganini anglatadi.

Albatta, “yashil iqtisodiyot” faqat energetika sohasini isloh qilishdan iborat emas. Uning ichiga toza ichimlik suvi muammolari, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar, barqaror shaharlar, chiqindilarni oqilona boshqarish, o‘rmon hududlarini kengaytirish, cho‘llanishni qisqartirish kabi ko‘p qirrali va keng tarmoqli chora-tadbirlar kirib ketadi.

Yana bir muhim qayd. “Yashil iqtisodiyot”dan davlat yoki biznes emas, balki, eng avvalo, oddiy odamlar foyda ko‘radi. Uning ijtimoiy ahamiyati ham shunda.

Jahon tajribasidan maʼlum bo‘lishicha, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida “yashil texnologiyalar”ni joriy etish aholining yashash sifatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Buning natijasida shaharlardagi hayot qulaylashadi, bolalar o‘limi qisqaradi, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi uzayadi va hokazo. Lotin Amerikasi va Afrikaning ayrim mintaqalarida esa hatto tashqi migratsiya oqimlari qisqarib, inson kapitalining rivojlanishi kuzatilgan.

Unutmaslik kerakki, O‘zbekiston BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlari hamda Iqlim bo‘yicha Parij bitimiga ham qo‘shilgan. Har ikkala hujjat milliy hukumatlar zimmasiga “yashil taraqqiyot” talablarini bajarish majburiyatini yuklaydi. Demak, ertami kechmi “yashil iqtisodiyot”ga baribir o‘tishimiz kerak. Boshqa choramiz ham yo‘q.

— “Yashil o‘sish” jarayonida O‘zbekiston qanday muammo va to‘siqlarga duch kelishi mumkin?

— Turli intensivlikdagi ichki va tashqi muammolar yuzaga kelishi muqarrar. Ularga tayyor turish va o‘z vaqtida bartaraf etish uchun ham strategiya qabul qilindi.

“Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishdan avval milliy qonunchilikni auditdan o‘tkazib, jahon talablariga moslashtirish hamda yagona tizimga keltirish zarur. Baʼzi davlatlar ishni amaliyotdan boshlab, keyin qonunchilik bazasi bilan shug‘ullangani bois, qo‘shimcha muammolarga duch kelgan. Bunday xatolik o‘tish jarayonini sekinlashtiradi.

“Yashil taraqqiyot”ning drayveri bo‘la oladigan energetika, ilm-fan va innovatsiyalar, turizm kabi sohalarga doir qonunlarimizda nomuvofiqliklar, bir-birini inkor etuvchi jihatlar talaygina. Hujjatlarning o‘zi ham juda ko‘p. Aytaylik, elektr energiyasini isteʼmolchiga yetkazib berish, narx-navoni belgilash va to‘lovni amalga oshirish mexanizmlari amaldagi anʼanaviy tizimga moslab yaratilgan. Muqobil energiya manbalari bilan ishlash imkonini beradigan huquqiy normalar esa mavjud emas. Masalan, quyosh yoki boshqa turdagi qayta tiklanadigan energiyani kim va qancha miqdorda ishlab chiqaradi, u aholiga qay tartibda, qanday tarif bo‘yicha yetkazib beriladi? Bu kabi savollarga oydinlik kiritib, qonun hujjutlarida aks ettirish va shu asnoda yangi bozor subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirib borish zarur.

Ikkinchi muhim masala “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishda davlat qaysi moliyaviy instrumentlardan foydalanmoqchi ekanini aniqlab olishdan iborat. Chunki dastlabki bosqichda iqtisodiyot tarmoqlariga mo‘may investitsiya kiritishga to‘g‘ri keladi. Bunday yukni davlat byudjeti ko‘tarolmaydi, ehtimol, xalqaro donor tashkilotlarga murojaat qilinar. U holda tashqi ko‘mak qanday shartlarda taqdim etiladi? Muhimi, mahalliy benefitsiarlar – aholi, tadbirkorlik va xo‘jalik subyektlari uni qay shaklda olishi mumkin? Biznesda “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida ishlash uchun rag‘bat va motivatsiya uyg‘otilmasa, davlatning barcha saʼy-harakatlari zoye ketadi.

Odatda korxona va tashkilotlar, aholining turli qatlamlariga muqobil energiya manbalaridan foydalanish, ishlab chiqarish jarayonida uglerod sarfini kamaytirish, “yashil texnologiyalar”ni qo‘llash va tegishli asbob-uskunalar xarid qilish uchun imtiyozli yoki foizsiz kreditlar, subsidiya hamda grantlar, soliq imtiyozlari taqdim etiladi. O‘z nabatida, bunga bank-moliya tizimi ham xayrixohlik ko‘rsatishi, banklar BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liq biznes-loyihalarga alohida eʼtibor qaratishi juda muhim.

Yuqorida keltirilgan moliyaviy ko‘mak instrumentlari, birinchi navbatda, kichik biznes subyektlariga tatbiq etilsa maqsadga muvofiqdir. Sababi ular bozor konyukturasidagi har qanday o‘zgarishga nihoyatda sezgir bo‘lib, yangi raqobat muhitiga moslasha olmasligi mumkin. Yirik korxonalarda esa “himoya yostiqchasi” mavjud. Shu bois baʼzi kompaniyalar “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishda qiynalmaydi. Juda bo‘lmasa, mahsulot yoki xizmatlar turini diversifikatsiyalash hisobiga ehtimolli risklarni minimallashtirishi mumkin.

“Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishda asosiy rol o‘ynaydigan iqtisodiyot tarmoqlarini belgilab olish ham dolzarb masala. Fikrimcha, dastlabki bosqichda turizm va xizmat ko‘rsatish sohalariga investitsiya kiritganimiz ayni muddao. Bundan tashqari, mashinasozlik, avtomobilsozlik sanoatidan ham katta samara kutsa bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, davlat qaysi sohani, qachon va qanday qilib “yashil iqtisodiyot”ga o‘tkazishni hozirdan hal qilib olishi zarur.

Yaqin istiqbolda “yashil taraqqiyot”ning intellektual kuchi hisoblangan malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosiga ham to‘qnash kelamiz. O‘zbekiston oldida shunday mutaxassislarni tayyorlash vazifasi ko‘ndalang turibdi. Bu ishga hozirdan kirishmasak, kelgusida xorijiy davlatlarga qaram bo‘lgan holda yana katta xarajatga tushaveramiz.

“Yashil iqtisodiyot”ga tezroq va nisbatan og‘riqsiz o‘tish uchun ilm-fan va innovatsiyalarni jadal rivojlantirish zarur. Chunki bu turdagi iqtisodiyot avvalambor ilm-fan yutuqlari hamda samarali innovatsion yechimlarga tayanadi. Birgina misol, oxirgi o‘n yilda dunyo miqyosida quyosh energiyasidan foydalanish xarajatlari 80 foizga qisqardi. Mazkur tendensiya davom etmoqda. Nega? Chunki olimlar, muhandis va texnologlar mavjud uskunalarni takomillashtirish, yangilarini yaratish, tannarxini tushirish bo‘yicha tinmay izlanyapti. Bunday tadqiqotlarni O‘zbekiston ham olib bormog‘i darkor. Toki innovatsion mahsulotlarni hadeb xorijdan eksport qilmay, o‘zimizda ishlab chiqaraylik.

— “Yashil taraqqiyot” tamoyillarini qo‘shnilarimiz ham qo‘llab-quvvatlashi nechog‘liq muhim?

— Bu borada mintaqaviy birdamlikka erishilgani yaxshi, albatta. Shunda jarayon tezlashadi. Ekologik muvozanatni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi masalalar Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun dolzarb. Tabiatda siyosiy chegaralar bo‘lmaydi. Aytaylik, “yashil energetika” tizimi yoki atrof muhitga ziyon yetkazmaydigan ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishdan nafaqat O‘zbekiston, qo‘shnilar ham yutadi. Shu nuqtai nazardan umummanfaatli strategik rejalarga tayanib, birgalikda harakat qilganimiz maʼqul. Biroq “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish o‘tmaslik har qaysi respublikaning mustaqil ishi. O‘zbekiston o‘z qarorini qabul qilib bo‘ldi. Endi soha rivoji uchun huquqiy hamda institutsional poydevor hozirlab, lokal loyihalarni amalga oshirishga kirishmoq lozim. Bunga o‘n, balki yigirma-o‘ttiz yil talab qilinar. “Yashil iqtisodiyot”ni muvaffaqiyatli joriy eta olgan Skandinaviya mamlakatlari tajribasini o‘rgansak arziydi.

— Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston “P4G” yo‘nalishidagi sheriklikka qo‘shilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu oddiy fuqarolar uchun nimani anglatadi?

— “Yashil o‘sish” va global maqsadlar uchun hamkorlik” (P4G) yaqin yillar ichida ilgari surilgan yirik xalqaro tashabbus hisoblanadi. Uni “yashil rivojlanish” yo‘lini tanlagan mamlakat va shaharlarning o‘ziga xos klubi, deyish ham mumkin. Hozir loyihaning o‘ndan ortiq aʼzosi bor. Mazkur platforma doirasida ishtirokchilar “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishga yordam beradigan innovatsion yechimlar yaratish borasida o‘zaro hamkorlik qiladi.

“P4G” institutsionallashgan tuzilma bo‘lib, bir qator nufuzli xalqaro birlashmalar, moliyaviy institutlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uning yordamida O‘zbekiston “Yashil iqtisodiyot” strategiyasi”ni amalga oshirish uchun zarur investitsiyalarni jalb qilishi mumkin. Yuqorida men “yashil iqtisodiyot” avvalo oddiy xalqning manfaatlari va istiqboliga xizmat qilishini taʼkidladim. “P4G” yo‘nalishidagi sheriklikka qo‘shilishimiz pirovard natijada o‘zbekistonliklar turmush tarzining yaxshilanishi, hayot sifatining ortishi, shaharlarning yashash uchun qulaylashuvi, mintaqamizda ekologik muvozanatning tiklanishi va boshqa ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi.

— “Yashil rivojlanish” O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshira oladimi?

— Bilasizmi, bugun bu harakat butun dunyoda trendga aylangan. Yirik kompaniyalar, transmilliy korporatsiyalar o‘z faoliyatida “yashil rivojlanish” tamoyillarini tatbiq etyapti. Ular korporativ imijini saqlab qolish uchun atayin Barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiqligini namoyon etmoqda. O‘z navbatida, “yashil o‘sish” yo‘lini tanlagan mamlakatlar ham xalqaro tashkilotlar hamda biznes doiralarning eʼtiborini tortmoqda. Tashqi kreditor va investorlar ushbu davlatlarga sarmoya kiritishni maʼqul ko‘ryapti. O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tayotgani dunyo hamjamiyati uchun muhim signaldir. “Yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarmiz ro‘yobiga qaratilgan muhim sarmoyaviy loyihalarni yirik donor tashkilotlar, xususan, G‘arb kompaniyalari moliyalashtirish istagini bildirsa, ajab emas.

— “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish ichki bozor konyunkturasiga qanchalik taʼsir ko‘rsatadi? Unda yangi o‘yin qoidalari va o‘yinchilar paydo bo‘lishi mumkinmi?

— Bozor konyukturasi keskin o‘zgaradi, deb o‘ylamayman. Lekin yangi mahsulot va xizmat turlari, yangi bozorlarning paydo bo‘lishi aniq. Bu iqtisodiyotda “yashil” tarmoqlar yuzaga kelishi bilan bog‘liq. Bunday o‘zgarishlar anʼanaviy bozor konyukturasiga moslashgan tadbirkorlar uchun og‘riqsiz kechmaydi, albatta. Ayrim sohalarda ishlab chiqarish quvvatlari qisqarishi mumkin. Sababi korxonalarning barchasi ham “yashil o‘sish” tamoyillarini qabul qilishga tayyor emas. Yuqorida aytganimdek, o‘tish davrida davlat tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, kichik biznesga yordam qo‘lini cho‘zishi, yangi o‘yin qoidalariga moslashishga yordam beradigan qo‘shimcha moliyaviy instrumentlarni ishga solishi muhim.

Muallif: Nargiza Umarova