Qozogʻiston Rossiya tahdidlariga qarshi himoya choralarini oʻz ichiga olgan yangi milliy xavfsizlik strategiyasini qabul qildi

Ushbu strategiya Qozogʻiston suvereniteti va fuqarolarini turli tahdidlardan, jumladan Rossiyadan kelib chiquvchi xatarlardan himoya qilishga qaratilgan.

Qozogʻistonda kelajakdagi turli ehtimoliy tahdidlar (aksariyati Rossiyadan) bayon qilingan yangi xavfsizlik strategiyasi imzolandi.

21-iyun kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev tomonidan imzolangan Milliy xavfsizlik strategiyasi kelasi besh yil ichida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tahdidlarga qarshi kurashga eʼtibor qaratadi.

“Bu tahdidlar orasida eng avvalo, davom etayotgan koronavirus pandemiyasi va biologik xavfsizlikka oid boshqa tahdidlar bor. Ikkinchidan, iqtisodiyotni, mehnat munosabatlarini, ijtimoiy sohani, axborot makoni va kommunikatsiyalarini tubdan oʻzgartiradigan texnologik oʻzgarishlar”, deyiladi prezident matbuot xizmati bayonotida.

“Uchinchidan, moliya va iqtisodiyotga taʼsir koʻrsatuvchi tashqi bozorlardagi inqirozlar”, deb qoʻshimcha qildi u.“Toʻrtinchidan, xalqaro va mintaqaviy miqyosdagi ziddiyatlarning yanada kuchayishi vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda”.

“Dunyoning koʻplab rivojlangan mamlakatlari milliy xavfsizlikka oid siyosatlarini yangi xalqaro va mahalliy voqeliklardan kelib chiqib, qayta belgilamoqda”, deyiladi bayonotda.

Bu hujjat Toʻqayev tarafidan imzolanishidan avval sobiq prezident Nursulton Nazarboyev rahbarligidagi Qozogʻiston xavfsizlik kengashi tasdigʻidan oʻtgan.

Xavfsizlikka doir yangi hujjatda Rossiya siyosiy sabablarga koʻra bevosita zikr etilmagan, ammo Rossiya Qozogʻistonning suvereniteti va hududiy yaxlitligi borasidagi xavotirlar manbai ekanligi maʼlum.

Fevral oyida, strategiya hali muhokama qilinayotganida, Nazarboyev Xavfsizlik kengashi majlisida mamlakat xavfsizligining ustuvor yoʻnalishlarini bayon qilgan edi.

“Birinchi masala – Qozogʻiston suvereniteti. Ikkinchisi – hududiy yaxlitlik. Uchinchisi – birdamlik va siyosiy barqarorlik. Toʻrtinchi – fuqarolarning farovonligi va ijtimoiy adolat”, deb aytgan Nazarboyev 24.kz xabarida.

“Milliy xavfsizlik strategiyasining maqsadi ushbu qadriyatlarni saqlab qolish va Qozogʻiston mustaqilligini mustahkamlashdan iborat”, degan u 24.kz nashri xabariga koʻra.

Rossiyaning tahdidlari

Soʻnggi vaqtlarda Qozogʻiston rossiyalik siyosatchilarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini shubha ostiga qoʻyuvchi igʻvoli bayonotlariga duch keldi.

10-dekabr kuni “Birinchi” davlat telekanali efirida Rossiya davlat dumasining taʼlim va fan masalalari qoʻmitasining raisi Vyacheslav Nikonov Qozogʻistonning suverenitetiga bevosita daxl qiluvchi soʻzlarni aytgan edi.

“Qozogʻiston mavjud emas edi”, deb aytgan “Bolshaya Igra” (Katta oʻyin) teleshousida mehmon boʻlgan Nikonov. “Shimoliy Qozogʻistonda (ruslar kelguniga qadar) odamlar yashamagan. Qozogʻiston hududi – Rossiya va Sovet Ittifoqining ulkan sovgʻasi.”

Bu voqeadan bir necha kun oʻtib, Rossiya davlat dumasining yana bir deputati Yevgeniy Fyodorov “Belrusinfo” YouTube kanalida mamlakat hududini nazarda tutib, Qozogʻiston “sovgʻa uchun minnatdor boʻlishi kerakligini” aytgan edi.

“Sovgʻa deb tan olmas ekansiz, uni qaytarib bering, chunki siz uni noqonuniy olgansiz – Rossiya shunday deyishga haqli”, dedi Fyodorov.

Bu siyosatchilar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bayonotidan ruhlangan boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Postsovet davlatlar “rus xalqining sovgʻalarini” qaytarib berishi kerak, degan edi Putin 2020-yil iyunda “Rossiya-1” davlat telekanali efirida.

Qozogʻiston hukumati Nikonovning soʻzlariga javoban Rossiya tarafiga norozilik notasi topshirgan. “Rossiyalik siyosatchilar tarafidan Qozogʻistonga nisbatan tez-tez yangrayotgan igʻvoli soʻzlar mamlakatlarimizning doʻstona munosabatlariga jiddiy putur yetkazmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.

Qozogʻiston, shuningdek, Rossiya ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan dezinformatsiyaga ham duch kelmoqda. Koronavirus pandemiyasi Olmaotadagi AQSH biolaboratoriyasidan chiqqani toʻgʻrisidagi soxta xabarlar shular jumlasidandir.

Qozogʻistonda feyk xabarlarni fosh etish bilan shugʻullanuvchi Factcheck.kz sayti ham bu xabarning yolgʻon ekanligini tasdiqlagan.

AQSH tarafidan faraziy tahdidni yuzaga keltirishga qaratilgan dezinformatsiya bilan bogʻliq bu kabi urinishlar koʻp qutbli tashqi siyosat yuritadigan Qozogʻistonning manevrlarni cheklashni maqsad qilgan, deydi Ukrainaning Kiyev shahridagi Armiya, konversiya va qurolsizlanish boʻyicha tadqiqotlar markazining Osiyo-Tinch okeani hududi boʻyicha rahbari Yuriy Poyta.

“Kelajakda dezinformatsiya kampaniyalari yanada koʻpayadi, shu bois Qozogʻiston ularga qarshi samarali kurash choralarni ishlab chiqishi lozim”, dedi Poyta.

Qozogʻiston doʻstona munosabatlarga oid daʼvolarga qaramay, Rossiya tarafidan oʻz suverenitetiga potensial tahdidlarni doimiy ravishda tahlil qilib keladi. Bu xavotirlar 2014-yilda Qrimning anneksiya qilinishi ortidan yanada kuchaygan, deydi xalqaro munosabatlar boʻyicha Nur-Sultonlik mutaxassis Ruslan Nazarov.

“Qozogʻiston oʻz milliy xavfsizligini himoya qilish choralarini koʻrmoqda – buni 2017-yilda qabul qilingan va ilk marta “gibrid urush” taʼrifini oʻz ichiga olgan yangi tahrirdagi beshinchi harbiy doktrinadan ham bilish mumkin”, dedi Nazarov.

“Amaldagi Milliy xavfsizlik strategiyasida soʻnggi yillardagi tahdidlar va yaqin kelajakda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar inobatga olingan”, dedi u.

Rossiyaning geosiyosiy avantyuralari

Putin rejimi Qozogʻiston milliy xavfsizligiga tobora koʻproq xavf solmoqda, deydi Olmaotadagi Xavflarni baholash konsalting guruhi rahbari Dosim Satpayev.

“Yonginamizda Xrushchev davridagi Sovet Ittifoqini eslatuvchi va uning poyabzalini qoʻliga olib, butun dunyoning taʼzirini berib qoʻyish bilan tahdid qilayotgan davlat yuzaga kelmoqda”, degan edi Satpayev 4 iyun kuni Facebook sahifasida.

“Bu bizning respublikamiz va postsovet hududdagi Kremlning navbatdagi geosiyosiy tavakkalchiliklari qurboniga aylanishi mumkin boʻlgan boshqa oʻyinchilar uchun avval-boshdan katta xavf tugʻdiradi va kutilmagan oqibatlarga olib keladi.”

Satpayev 2018-yilda yozgan maqolasidan iqtibos keltirgan – unda Kreml mafkurachilari uning “geosiyosiy izolyatsiyasi” yengilroq kechishi uchun, Rossiya boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) harbiy blokidagi sheriklarini Rossiya bilan bogʻliq mojarolarga aralashtirishini bashorat qilgan edi.

Rossiyaning bunday pozitsiyasi Qozogʻistonning koʻp qutbli tashqi siyosatini aks ettiruvchi harbiy doktrinasiga ziddir, dedi u.

Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Aleksandr Pankinning YOII Gʻarb sanksiyalariga qarshi “birgalikdagi javob choralari” ustida ish olib borayotgani haqidagi soʻnggi iddaolari ham Qozogʻistonning iqtisodiy manfaatlariga zid, deb qoʻshimcha qildi u.

“Agar biz haqiqatan suveren davlat boʻlsak, tashqi, jumladan xalqaro iqtisodiy aloqalar borasidagi siyosatimizni oʻzimiz belgilashimiz kerak”, dedi Satpayev.