Sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy strategiyasi

So‘nggi yillarda sunʼiy intellekt ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar borasida global yetakchi bo‘lishni maqsad qilgan Xitoy rahbarlari uchun eng muhim ustuvor vazifaga aylandi. Shu munosabat bilan hukumat 2017 yilda o‘zining sunʼiy intellekt texnologiyalari borasidagi maqsadlari va asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “Keyingi avlod sunʼiy intellektni rivojlantirish rejasi” deb nomlangan milliy strategiyani qabul qildi. Mazkur strategiya doirasida Xitoy hukumati 2030 yilga kelib, fuqarolik va harbiy sohalarda sunʼiy intellekt sanoatini 150 milliard AQSH dollaridan ziyod qiymatga olib chiqish va bu borada AQSHdan o‘zib ketishni bosh maqsad qilib qo‘ydi. Xitoy hukumatining sunʼiy intellektni rivojlantirishga qaratilgan siyosiy strategiyasi muhim bir mantiqqa asoslanadi: davlatning sohani rivojlantirishga qaratilgan yo‘naltiruvchilik roli dinamik xususiy sektor yutuqlari bilan birgalikda mavjud ekanligi. AQSH hukumatiga xos erkin bozor yondashuvidan farqli o‘laroq, Xitoy sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlardan tortib, texnologiyalar tijoratigacha uzaygan bosqichni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “mahalliy innovatsiyalar” siyosatini ilgari suradi. Hukumatning sunʼiy intellektni rivojlantirish siyosati mazkur soha uchun muhim sanalgan to‘rt element bilan chambarchas bog‘liq: hardware chiplari, sunʼiy intellekt algoritmlari uchun muhim bo‘lgan maʼlumot, algoritmlar borasidagi fundamental tadqiqotlar va sunʼiy intellekt tijoratini qo‘llab-quvvatlovchi ekotizim.

Soha rivojida markaziy hukumat muhim rol o‘ynasa-da, Xitoyda sunʼiy intellektning tobora mavjlanishi ortida xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan yirik texnologik kompaniyalarning ham muhim roli bor. Albatta, bu kompaniyalar mamlakatda shakllanib ulgurgan katta miqdordagi maʼlumotlar bazasi va sunʼiy intellekt uchun yangi bozorlar kashf qilish, ularni tijoratlashtirish borasida davlatning qo‘llab-quvvatlovi kabi o‘ziga xos imtiyozlarga ham ega. Xitoyning “Alibaba”, “Baidu” va “Tencent” kabi gigant texnologik kompaniyalari o‘ziyurar avtomobilga o‘xshash mahsulotlar ishlab chiqarish uchun muhim hisoblangan tasvir va ovozni tanib oluvchi sunʼiy intellekt texnologiyalari borasida bir necha yildan beri izlanish olib boradi. Shuning uchun ham, 2018 yilda Xitoy hukumati Baidu, Alibaba, Tencent, iFlytek va SenseTime kabi texnologik kompaniyalarni rasmiy ravishda mamlakatning “sunʼiy intellekt chempionlari” deb eʼlon qildi. Bu imtiyoz, albatta, mazkur kompaniyalarga, agar ular hukumatning turli maqsadlariga xizmat qilishga rozi bo‘lsa, xorijiy raqobatchilarga nisbatan meʼyoriy muhitda moslashuvchanlik qobiliyatini taqdim qiladi.

Xo‘sh, sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashdan Xitoyga nima naf? Oddiy tahlillar global iqtisodiy raqobatda ustunlikka erishish Xitoyning sunʼiy intellektni rivojlantirishdagi asosiy maqsadi ekanini ko‘rsatadi. Ammo, bu strategik masalaning asl mohiyati uning ortidagi siyosiy mantiqda namoyon boladi. Mazkur siyosiy mantiqni quyidagicha izohlash mumkin: sunʼiy intellekt inqilobi harakatga keltiruvchi raqobatbardosh iqtisodiyot va davlat xavfsizligi – siyosiy rahbariyatga hokimiyatni uzoq muddat saqlab qolish imkonini beradi. Darhaqiqat, Xitoyning sunʼiy intellekt texnologiyalari borasida ustunlikka erishish maqsadi raqamli iqtisodiyot va innovatsion sanoat orqali iqtisodiy o‘sishni oshirishga qaratilgan. Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, mamlakatda doimiy iqtisodiy o‘sishni taʼminlash ritorikasi va amaliyoti bugungi kunda Kommunist partiyaning eski Marksist mafkurasi o‘rnini allaqachon egallab olgan. Bu ritorika bugun Kommunist partiyaga Xitoy ichki siyosiy barqarorligini saqlash uchun asosiy legitimlik manbaiga aylangan. Ammo vaziyat kunda-kunga o‘zgarib boryapti. Siyosiy rahbarlar raqamli inqilob qarshisida turgan va geosiyosiy ziddiyatlar tobora ko‘payib borayotgan yangi davrda texnologiyalar importiga qaramlik va arzon ish haqiga asoslangan ishlab chiqarish asosiga qurilgan Xitoy iqtisodiyoti uzoqqa bormasligini yaxshi anglashadi. Shu sababli ham Xitoy hukumati bir necha yil avval ishlab chiqarish bazasini yangilash va yuqori texnologiyalarni rivojlantirish orqali “texnologiya mustaqilligiga” erishish uchun “Xitoyda ishlab chiqarilgan – 2025” sanoat siyosatini yo‘lga qo‘ydi. Sunʼiy intellektni rivojlantirish hukumatning raqamli iqtisod inqilobi borasidagi yangi sanoat siyosatida muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi.