Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: milliy va xorijiy tajriba

1 iyul kuni Guliston shahrida  “Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan onlayn va oflayn shaklda tashkil etildi.

            Konferensiya xalqaro sheriklar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) ko‘magida o‘tkazildi.

Xalqaro anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – saylovlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari va saylov qonunchiligi rivojlanish tendensiyalarini ilmiy tahlil qilish, shuningdek saylov qonunchiligi va amaliyotini yana-da takomillashtirish yuzasidan o‘zaro tajriba va fikr almashishdan iborat.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda saylov qonunchiligini tizimli va izchil demokratlashtirish hamda liberallashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar, shuningdek jamiyat va davlat hayoti, chinakam demokratiya, adolatli saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlardan xalqaro jamoatchilik va ekspertlarni xabardor qilishdir.

Tadbirda O‘zbekiston parlamenti, sud tizimi, Markaziy saylov komissiyasi, mamlakatning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, shuningdek BMTTD, Parlamentlararo Ittifoq, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, SDC hamda Toshkentdagi diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Pyer fon Arks, BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska va Sirdaryo viloyati hokimi G‘afurjon Mirzayev so‘zga chiqdi.

Akademik A.Saidov taʼkidlaganidek, zamonaviy dunyoda erkin va adolatli saylovlar demokratlashtirish jarayonining hal qiluvchi omili va xalq irodasini ifoda etuvchi asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Zero, saylovlar jamiyatning siyosiy hokimiyatini yagona, ajralmas, davlat hokimiyatiga aylantirishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda davlat va jamiyatni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha jadal va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada bugungi kunda mamlakatimiz demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy milliy saylov tizimiga ega.

O‘zbekistonning zamonaviy saylov tizimi ko‘p yillik evolyutsiya va ko‘p tomonlama siyosiy muloqot natijasidir. Saylov tizimi va qonunchilikni modernizatsiya qilish uch bosqichda amalga oshirildi.

Bu bosqichlar, birinchidan, alohida saylov qonunlaridan Saylov kodeksiga o‘tish, yaʼni saylov qonunchiligini kodifikatsiya qilish; ikkinchidan, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatining mustaqilligini taʼminlash; uchinchidan, milliy qonunchilik va saylov amaliyotining umumiy qabul qilingan xalqaro demokratik tamoyillarga muvofiqligi va o‘zaro bog‘liqligini taʼminlaydigan adolatli saylovlar uchun huquqiy sharoitlarni shakllantirish va takomillashtirish jarayonlarini o‘zida qamragan.

Shu bilan birga, saylov tizimiga muayyan taʼsir ko‘rsatadigan yangi omillar paydo bo‘ldi. Hozirda hayotning barcha sohalarida keng qo‘llaniladigan elektron axborot texnologiyalari yetakchi o‘rin egallamoqda. Dunyoda so‘nggi bir yarim yilda saylovlar pandemiya sharoitida bo‘lib o‘tmoqda, bu esa, o‘ziga xos yangi choralar qo‘llashni talab qilmoqda.

Saylov tizimini rivojlantirish va takomillashtirish jarayoni saylov qonunchiligidek kabi hali tugamagan. Negaki, so‘nggi yillardagi jahon amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, deyarli har bir saylov kampaniyasi yangi muammolarni yuzaga chiqarmoqda.  Shu sababdan ham to‘plangan tajribadan foydalangan holda  taklif qilingan o‘zgarishlarni qanday qo‘llashni avvaldan ko‘ra bilish talab etiladi.

Konferensiya o‘z ishini uchta shoʻbada davom ettirdi.

Birinchi shoʻba – “Fuqarolarning saylov huquqlari va siyosiy partiyalarning  prezident saylovida ishtirokini taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: O‘zbekiston tajribasi” deb nomlangan. Unda Davlat va huquq instituti, Oliy sud, shuningdek mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya rahbarlari o‘zaro fikr almashdilar.

Ikkinchi shoʻba – “Fuqarolar saylov huquqlari taʼminlanishining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: xalqaro va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzuida ish olib bordi. Bunda YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, BMTTD, MDH Parlamentlararo Kengashining saylov masalalari bo‘yicha ekspertlarining fikrlari tinglandi.

Uchinchi shoʻba – “Zamonaviy sharoitda O‘zbekiston saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda Parlamentlararo Ittifoq, J.Neru universiteti (Hindiston) mutaxassislari, shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda milliy ekspertlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Xorijiy ekspertlarning taʼkidlashicha, O‘zbekistonning saylov qonunchiligi shu davrgacha bo‘lib o‘tgan saylovlar davomida to‘plangan milliy tajriba, ilg‘or xorijiy saylov amaliyoti, shuningdek xalqaro standartlar, fuqarolarning siyosiy ongi hamda elektoral madaniyatining o‘sishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning borishi va talablarini hisobga olgan holda jadal takomillashib bormoqda.

Yangi O‘zbekistonning zamonaviy saylov tizimi yaratilishi ko‘p yillik evolyutsion jarayon va har tomonlama siyosiy muloqot mahsulidir. Mamlakatda sog‘lom partiyalararo raqobat va barcha partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlar yaratilgan hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ajratilgan byudjet mablag‘larini adolatli taqsimlash, ovoz berishning halol va qonuniy bo‘lishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilgan. Boshqacha aytganda, navbatdagi Prezident saylovi ko‘p partiyaviylik, nomzodlar raqobati, ochiqlik, fikr erkinligi va chinakam tanlov sharoitida o‘tkaziladi, deb taʼkidlash uchun barcha asoslar mavjud.

            Konferensiyada pandemiya sharoitida saylov jarayoniga yangi texnologiyalarni joriy etish, saylov tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish va ularni huquqiy tartibga solishni yana-da kengaytirish masalalari ham keng muhokama qilindi.

            Xalqaro anjuman yakunida Guliston hujjati qabul qilindi. Unda O‘zbekistonning saylov siyosati va qonunchiligini takomillashtirishga oid tavsiyalar nazarda tutilgan.