“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya

2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik, Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishi haqida maʼlumot bergandik.

Yuqori darajadagi mazkur konferensiya transport-logistika, energetika, savdo, ishlab chiqarish, investitsiya, texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda “Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo” formatidagi o‘zaro manfaatli strategik aloqa modelini ko‘p tomonlama muhokama qilish uchun siyosiy va ekspertlar maydonini shakllantirishga mo‘ljallangan bo‘lib, konferensiyada 40 dan ziyod mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan 250 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashi kutilmoqda.

Mazkur tadbir ilk kunida (15 iyul kuni) Toshkentda Markaziy Osiyo Xalqaro Institutining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Institutning ochilish marosimida Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari va mutaxassislari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning yangi ochiq tashqi siyosiy strategiyasi doirasida ilgari surildi.

Tadbirning ikkinchi kuni (16 -iyul kuni) konferensiya ishi “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik” mavzusidagi yalpi majlis bilan boshlanadi.

Tadbir mobaynida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning murojaati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, xalqaro moliya tashkilotlari boshliqlarining nutqlari rejalashtirilgan.

Majlis doirasida Markaziy va Janubiy Osiyodagi mintaqalararo hamkorlikning holati va rivojlanish istiqbollari, o‘zaro aloqalarning muvaffaqiyatli namunalari, ikki mintaqani o‘zaro bog‘lashga xizmat qiladigan istiqbolli infratuzilma loyihalari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyoda transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari, shu jumladan mavjud transport koridorlarini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish; – xorijiy hamda xalqaro moliya va investitsiya institutlari bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari kabi yo‘nalishlar muhokama etiladi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni tiklash yo‘nalishi bo‘yicha taʼlim, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash, fan va texnika, ekologiya, turizm sohalaridagi o‘zaro faoliyatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar tinglanadi.

Ayni vaqtdagi dolzarb va aksariyat xorijiy kuzatauvchilar tomonidan kutilayotgan mavzu “Mintaqaviy xavfsizlik. Qarshiliklar va tahdidlar” mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashda, shuningdek, transchegaraviy infratuzilmalar xavfsizligini taʼminlashda mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga eʼtibor qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, konferensiyasi doirasida Toshkentga Pokiston bosh vaziri Imron xon va Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani tashrif buyurishi kutilmoqda.