O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari ekspertlar nigohida

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga bag‘ishlangan intervyular turkumida ikki mamlakat ekspertlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Tojikistonga safar qilgani va yana-da qalinroq hamkorlik istiqbollarini muhokama qiladi.

Farxod Tolipov, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi direktori, siyosatshunoslik fanlari doktori

Ikki mamlakat o‘rtasidagi hozirgi munosabatlar bosqichiga qanday tavsif berasizlar? O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga safari chog‘idagi oliy darajali ikki tomonlama muzokaralari natijalariga qarab, xulosa qiladigan bo‘lsak, bugun tomonlar juda ko‘p sohalarda aloqalarni jadal rivojlantirmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi bunday impuls nima bilan bog‘liq?

Farxod Tolipov: Munosabatlar rivojlanmoqda. Bu ko‘p jihatdan O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati bilan bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lishini eʼlon qilgan edi. Bilishimcha, u ushbu yangi yo‘nalishni izchil amalga oshirib kelayotir. Bundan tashqari, o‘zbek-tojik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi xalqaro tizimdagi jadal yuz berayotgan o‘zgarishlar va mintaqadagi, ayniqsa, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashayotgan sharoitdagi status-kvo bilan bog‘liq. Mintaqa xavfsizligi uchun yuzaga kelayotgan yangi muammolar ushbu ikki davlat siyosatini muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda.

Parviz Mullojonov: Biz bugun ikki tomonlama munosabatlar jiddiy tarzda yaxshilanayotganining ikkinchi bosqichini kuzatyapmiz. Birinchi bosqichni 2017 – 2018 yillarda kuzatganmiz, o‘sha paytda gap asosan butunlay yomonlashib ketgan ikki tomonlama aloqalarni normal izga solish haqida ketgan edi. Ularning yaxshilanishi ko‘p jihatdan qo‘shni mamlakatda hokimiyatga yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning kelishi bilan bog‘liq. Lekin ayni holatda gap faqat Tojikiston emas, Toshkent munosabatlarini yaxshilay boshlagan barcha tashqi sheriklar haqida ketmoqda. Endi esa ikkinchi bosqich boshlandi va Tojikiston bilan O‘zbekiston tobora aniq bo‘lgan ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirishga o‘tmoqda. Ayni choqda, mening fikrimcha, hali qandaydir natijalar haqida gapirishga erta. Tomonlar 2017 yildayoq bir necha loyihani eʼlon qilgan, lekin ular haligacha amalga oshirilmadi. Ularning ko‘pchiligi muhokamalar darajasida qolib ketdi. Bugungi kunda esa GES qurilishi sohasi, sanoat sohasida qo‘shma korxonalar barpo qilish bo‘yicha aniqroq loyihalar bor.

Joriy yilning 10 – 11 iyun kunlari ikki tomonlama muzokaralar vaqtida eʼlon qilingan maʼlumotlar ko‘rsatishicha, tovar aylanmasi hajmi o‘sib bormoqda. Asosan, qaysi sohalarda savdo-sotiq o‘sib bormoqda va ularning yaqin istiqboldagi manzarasi qanday?

Farxod Tolipov: Yaqin kelgusida tovar aylanmasi 1 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Iqtisodiy hamkorlik sanoat kooperatsiyasi, tog‘-kon, elektrotexnika, trasport, yengi sanoat, tibbiyot, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avto va temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish kabi sohalarda, shuningdek, mintaqalararo muloqot sohasida amalga oshirilmoqda.

Parviz Mullojonov: O‘zbekistondan, asosan, sanoat tovarlari kirib kelmoqda. Umumiy tovar aylanmasi hajmi biroz ortdi. Shunga qaramay, O‘zbekiston hali ham Tojikistonning eng yirik savdo sherigi bo‘la olgani yo‘q.

O‘zbekiston Tojikistonning tashqi savdo sheriklari qatorida qaysi o‘rinni egallab turibdi?

Parviz Mullojonov: Tojikistonning eng yirik savdo sheriklari Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Yevropa Ittifoqidir (YEI), shundan so‘ng O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston keladi. Lekin aytib o‘tganimdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan savdo-sotiq hajmi ortib bormoqda, bu birinchi navbatda O‘zbekiston hokimiyati ko‘rayotgan faol choralar bilan bog‘liq. Toshkent o‘zbek tovarlarini qo‘shni bozorlarga sotishni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda. Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston YEOIIga aʼzo bo‘lgani uchun Tojikiston bilan Turkmaniston o‘zbek tovarlarini sotishning potensial bozori bo‘lib qolmoqda.

Ayni choqda qayd etish joizki, O‘zbekistonning oldingi prezidenti Islom Karimov ham shunday siyosat yurgizgan edi. O‘sha siyosat Markaziy Osiyo mintaqasida “langar davlat” bo‘lishdan iborat bo‘ldi. Hozirgi prezident Mirziyoyev ham shunday siyosat yurgizmoqda. Lekin o‘z maqsadlariga erishish uchun Mirziyoyev tashqi siyosatni amalga oshirish taktikasini, jumladan, Tojikiston uchun ham butunlay o‘zgartirdi. U qo‘shni mamlakatlarning siyosiy va biznes elitalari bilan ish aloqalari bog‘lash yo‘li orqali bitimlar tuzish taktikasiga amal qilmoqda.

Tojikiston O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash va kengaytirishdan qanchalik manfaatdor?

Parviz Mullojonov: Bu Tojikistonga birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlar nuqtai nazaridan kerak. Obyektiv zarurat ham shu. Transport arteriyalarining asosiy qismi O‘zbekiston hududi, tashqi bozorlarga eng qulay yo‘llar aynan O‘zbekiston chegarasi orqali o‘tadi. Biroq O‘zbekiston Tojikiston uchun investitsiyalar manbasi sifatida ustuvor hisoblanmaydi, chunki Toshkentning unday imkoniyatlari yo‘q. Tojikistonning asosiy maqsadi esa, ayniqsa, pandemiya davrida o‘z iqtisodiyoti uchun tashqi investitsiyalar olib kelishdir.

Shu bilan birga, mintaqada ovoza qilinmaydigan duumvirat (maʼnosi: davlat apparati yoki mulkni ikki shaxs boshqarishi) mavjud – Rossiya xavfsizlik, Xitoy esa iqtisodiyot sohasida yetakchi. Shu sababli Tojikiston uchun Rossiya, Xitoy va G‘arb mamlakatlari asosiy sheriklar bo‘lib qolaveradi. O‘zbekison ulardan keyin turadi. 

Dushanbedagi ikki tomonlama muzokaralar natijalari matbuotda keng yoritilmoqda, ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida ham shov-shuvli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tan olish kerak, mintaqa ichidagi munosabatlarning hammasi ham mintaqaning o‘zida ham, undan tashqarida bunday eʼtibor qozonavermaydi. Sizningcha, o‘zbek-tojik munosabatlariga bunday eʼtibor nima bilan bog‘liq?

Farxod Tolipov: Mintaqa ichidagi barcha munosabatlar ham OAV, ham ekspertlar hamjamiyatining eʼtiborini tortadi. Ayni holatda shuni qayd etish lozimki, o‘zbek-tojik munosabatlari ikki mamlakat uchun ham, butun mintaqa uchun ham alohida ahamiyatga ega. Ikki xalqning tarixi va hozirgi hayoti bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Bir paytlar O‘zbekiston prezidenti I. Karimov aytganiday, “tojiklar bilan o‘zbeklar – ikki tilda gaplashadigan bir xalq”. Ularning o‘zaro munosabati butun boshli mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega. Ikkala mamlakat ham notinch Afg‘oniston bilan chegaradosh. Yaqin vaqtlargacha ushbu davlatlar Rog‘un GES qurilishi masalasida o‘zaro bahslashib kelayotgan edi. Ikkala davlat ham bugun YEOIIdan chetda qolmoqda, Markaziy Osiyoning ikki mamlakati: Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston ushbu tashkilotga aʼzodir. Mana shu sanab o‘tilgan va boshqa masalalar O‘zbekiston bilan Tojikiston siyosatini muvofiqlashtirish muhimligini belgilab beradi.

Investitsiya sohasidagi hamkorlik darajasi qanday?

Farxod Tolipov: Mirziyov safari vaqtida ushbu sohada ham kelishuvga erishildi. O‘zbek-tojik investitsiya kompaniyasi tuzildi, sanoat va yangi texnologiyalar, tog‘-kon sanoati sohasidagi investitsion hamkorlik rivojlanmoqda, Zarafshon daryosida taxminiy quvvati 320 MVt bo‘lgan 2 ta GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksionerlik kompaniyasi tuzildi.

So‘nggi besh yilda Tojikiston bilan O‘zbekiston ikki tomonlama munosabatlarni rejali tarzda mustahkamlamoqda. Aytish mumkinki, tomonlar muammoli masalalarga diqqatni jamlayotgani yo‘q. Shunga qaramay, hali ham prinsipial masalalar hal etilmasdan qolayotir. Tomonlarning suv va energetika muammolarini hal etishda tutayotgan mavqelari qanday?

Farxod Tolipov: Yuqorida aytib o‘tganimdek, ushbu muammolarga ham yechim topilmoqda. Bir tarafdan, O‘zbekiston bilan Tojikiston Rog‘un GES faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha birga ish olib bormoqda, shuningdek, yangi kichik GESlar qurishga qaror qilindi, boshqa tarafdan, CASA-1000 singari yirik loyihalar doirasida ham ish olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Afg‘onistonda qurayotgan “Surxon – Puli – Xumri” elektr quvvati uzatish liniyasi ushbu trans-chegaraviy loyihaning tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin.

Hozirgi bosqichda Rog‘un atrofidagi vaziyat qanday? Tomonlar qanday kelishib oldi va umuman kelishib oldimi? Bir necha yil oldin masalaning hal etish formulalaridan biri o‘zbek tomonining Rog‘un GES qurilishida qatnashishidir, degan xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Farxod Tolipov: Ha, aynan shu formula amalga oshirilmoqda. O‘zbek mutaxassislari va hukumat aʼzolari Rog‘unga bir necha marta borib keldi, aftidan, Tojikiston tomoni bilan ushbu GES faoliyatini birgalikda tartibga solish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Tojikiston prezidenti I. Rahmon 2018 yil avgustida Toshkenga safari vaqtida rasman, “tojiklar hech qachon o‘zbek birodarlarini suvsiz qoldirmaydi”, deb aytgan edi, buning maʼnosi shuki, Rog‘un bo‘yicha muayyan murosaga kelingan. Bundan tashqari, Mirziyoyevning yaqinda Tojikistonga qilgan safari chog‘ida Zarafshon daryosida 2 ta chog‘roq GESni birga qurish haqida qaror qabul qilindi.

Parviz Mullojonov: Suv sohasida jiddiy muammolar bor edi. Ularning deyarli barchasi hal etildi. 2018 yildan boshlab O‘zbekiston Rog‘un GES qurilishiga rozi bo‘ldi. Hozircha O‘zbekistonning ayni qurilishdagi ishtiroki texnika va asbob-uskunalarni sotish bilan chegaralanmoqda. Lekin umuman olganda, ushbu kelishuvlardan so‘ng ikki mamlakatning energetika sohasidagi ziddiyatlari minimum darajaga tushirildi. Lekin kelgusida Toshkent tenghuquqli munosabatlarga intiladigan bo‘lsa, menimcha, Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Maʼlumki, 2016 yildan beri Tojikiston bilan O‘zbekiston chegaradan o‘tish tartibini, shuningdek, qo‘shni mamlakatda bo‘lib turish shartlarini ancha yengillashtirgan bir qancha qarorlar qabul qildi. Ushbu choralar va ikki tomonlama munosabatlardagi boshqa o‘zgarishlar Tojikistonni O‘zbekistonda va O‘zbekistonni Tojikistonda qabul qilinishi masalasiga qanday taʼsir ko‘rsatdi? Umuman, bugun O‘zbekiston Tojikistonda jamoatchilik fikri va siyosiy doiralar darajasida qanday qabul qilinyapti?

Parviz Mullojonov: O‘zbekiston Tojikistonda har doim bosiqlik bilan qabul qilingan. Albatta, munosabatlar sovuqlashib qolgan paytlar bir mamlakat matbuotida amaldorlar va ziyolilar vakillari boshqa mamlakat haqida salbiy fikrlar bildirgani bor gap. Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlar uchun qandaydir to‘siqlar yo‘q.

Farxod Tolipov: Tojikiston va O‘zbekistonda bir-birini qabul qilish hech qachon siyosiy konyunkturaga bog‘liq bo‘lmagan. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar oddiy odamlar munosabatlariga taʼsir ko‘rsatmagan. Ikki xalq, minglab tojik-o‘zbek oilalari qarindoshlik aloqalarini, madaniy aloqalarni mustahkamlamoqda.

Tan olish kerak, O‘zbekiston bilan Tojikiston ikki tomonlama munosabatlardagi salbiy holatlarni pasaytira oldi. Sizningcha, qaysi ko‘rilgan choralar sabab bunga erishildi, mintaqadagi boshqa mamlakatlar munosabatlarida ham shu choralarni qo‘llash mumkinmi?

Farxod Tolipov: Bunga o‘zaro yon berishlar sabab erishildi. O‘zbekiston prezidenti Tojikiston bilan munosabatlardagi “muzni eritish”ning uddasidan chiqa bildi. Siyosiy iroda bo‘lgan joyda barcha muammolarni hal qilsa bo‘ladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning bunday modeliga talab borligi barobarida u amalga oshirilyapti ham. Masalan, siyosiy iroda va o‘zaro yon berishlar asosida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarani delimitatsiya qilish masalasi to‘liq hal etildi.

Ekspertlarning bir qismi mintaqadagi vaziyatni baholayotib, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir-biridan olislash tamoyili kuzatilayotganini aytmoqda. Sizningcha, shunday tamoyil mavjudmi va bu nima bilan bog‘liq?

Parviz Mullojonov: Bu bo‘rttirishdan boshqa narsa emas. Asosan, o‘zbek va qozoq siyosatshunoslari mintaqadagi integratsiyaga turtki berish uchun ataylab shunday qilmoqda. Aslida unaqa emas. Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston ham jug‘rofiy-siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan bitta hududga kiradi. Ikki tomonlama kelishuvlar ish beryapti. Shuning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir-biridan uzoqlashib ketayotgani haqidagi iddaolarda maʼno ko‘rmayman.

Farxod Tolipov: Markaziy Osiyo mamlakatlari hatto o‘zaro tangliklar vujudga kelgan paytlar ham bir-biridan uzoqlashgani yo‘q. Ular o‘zlari istagan taqdirda ham bir-biridan uzoqlasha olmaydi. Ahyon-ahyonda ro‘y beradigan noxush hodisalar (asosan, chegaralarni delimitatsiya qilish muammosi bilan bog‘liq) mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi kelishmovchilikning jiddiy omili deb qaralishi mumkin emas. Mintaqadagi integratsiya jarayoni vaqtinchalik to‘xtab qolgandan so‘ng 2018 yili 5 prezidentning maslahat uchrashuvlari shaklida tiklangani ham bejiz emas.

Ikki mamlakatning madaniy va gumanitar sohalardagi aloqalari kengaymoqdami? Masalan, abituriyentlar oliy taʼlim olish uchun qo‘shni mamlakatni qanchalik tez-tez tanlamoqda?

Parviz Mullojonov: Tojikistonda O‘zbekiston taʼlim bozoriga talab yo‘q. Tojikiston vatandoshi bo‘lgani etnik o‘zbeklar istisno bo‘lsa ajab emas, ular taʼlim olish uchun O‘zbekistonga, etnik tojiklar esa Tojikistonga bormoqda. Bu bir nechaga omilga bog‘liq:

Birinchidan, bu mamlakatlarimizdagi taʼlim sifati, umuman olganda, unchalik baland emasligini ko‘rsatadi. Yaʼnikim, sifatli oliy taʼlim olish imkoniga ega bo‘lgan guruhlar Rossiyaga, G‘arb mamlakatlariga va hk.ga yo‘l olmoqda.

Ikkinchidan, narx omili bor. Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekistondan Tojikistonga kelib o‘qiyotgan talabalar soni ortib bormoqda. O‘zbekistonda oliy taʼlim narxi qimmat. Shu sababli ko‘plab o‘zbekistonliklar taʼlim olish uchun Tojikistonga yo‘l olmoqda.

Nihoyat, uchinchidan, O‘zbekistonda tojik tilidagi oliy taʼlim yo‘q, shuning uchun tojik tilida o‘rta taʼlim olgan yosh yigit-qizlar oliy taʼlim olish uchun ko‘pincha Tojikistonga kelmoqda. Ayni holat o‘zbek tilidagi oliy taʼlim yo‘q Tojikistonga ham tegishli.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, Tojikistonda 1 milliondan ko‘proq etnik o‘zbek, O‘zbekistonda esa, turli maʼlumotlarga qaraganda, 1,5 million nafar etnik tojik istiqomat qiladi.

Shunday qilib, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini qanday baholaysiz?

Parviz Mullojonov: Tojikiston manfaatlariga daxl qilinmasa va o‘z iqtisodiyotining nazorat qilinishi masalasi paydo bo‘lmasa, integratsiyaga qarshi emas. Agar Markaziy Osiyo integratsiya istiqbollari haqida gapiradigan bo‘lsak, men bunga shubha bilan qarayman. Ushbu mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyoti ham, siyosiy vazni ham rang-barang. YEI bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, ular rivojlanishi turlicha bo‘lgan mamlakatlarni aʼzolikka qabul qilmaguncha, hamma narsa oson kechayotgan edi. Biroq unga boshqa aʼzolar, Ispaniya, Italiya, Sharqiy Yevropa mamlakatlari qabul qilingach, katta ziddiyatlar kelib chiqdi. Markaziy Osiyoda esa muammolar bundan ham og‘irroq bo‘ladi, chunki bu yerda qarshi salmoq (protivoves) yo‘q. Yana bitta muvaffaqiyatli model – Yevroosiyo Ittifoqi bor. Shundan kelib chiqqan holda, Tojikistonga YEOIIga kirish osonroq. Lekin barcha masalalarni ikki tomonlama munosabatlar darajasida hal etish mumkin. Shuning uchun men mintaqaviy integratsiyaga zaruratni ham, mintaqaviy hamkorlikda potensialni ham ko‘rmayapman.